“NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarda “NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MCHJ Namangan viloyatning 6 ta hududidagi 762 512 nafar isteʼmolchilardan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olgani aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmati boʻyicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda oʻrganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.

    Mazkur murojaatlar asosida, Raqobat qoʻmitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatda faoliyat olib boruvchi “NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MCHJning 2024-yilning I-yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini koʻrsatish sohasida qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

    Olib borilgan oʻrganishda, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatlari koʻrsatilgan Namangan shahar, Davlatobod, Yangi Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Namangan va Mingbuloq tumanlari MFYlardagi isteʼmolchi abonentlar-xonadonlariga xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha olingan dalolatnomalar tahlil qilindi.

    Shuningdek, Namangan viloyatning 6 ta hududida joylashgan 275 ta MFYda 1.3 mlnga yaqin aholi istiqomat qilsa-da, tashkilot tomonidan hududda 176 ta MFYdagi 633 598 nafar aholini (qamrov 50,8%) qamrab olinmaganligi hamda 762 512 nafar isteʼmolchiga 11 mlrd soʻm koʻrsatilmagan xizmat uchun haq hisoblanganligi holatlari aniqlandi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “NAMANGAN MUSAFFO IQLIM” MCHJga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, 762 512 nafar isteʼmolchi foydasiga 11 mlrd soʻm qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.