Dilbar Haydarovaning 1980-yilda nashr etilgan “Norin mavjlari” nomli ilk kitobiga akademik Vohid Zohidovning “Dilbar shoira” sarlavhali maqolasi chop etilgan edi. Saksoninchi yillar sheʼriyatiga kirib kelgan Sharifa Salimova, Muhtarama Ulugʻova, Xosiyat Bobomurodova, Qutlibeka Rahimboyevalarning safdoshi hisoblangan shoira, ulardan farqli oʻlaroq, tarjimon sifatida ham oldinlab ketdi. Uning rus, chex, bolgar, belorus, tatar, ozar, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq singari turfa tillardan tarjimalari koʻp.
Ayniqsa, ozarbayjonlik akademik shoir Baxtiyor Vahobzodaning “Bir olmaning ikki yuzi - bir sensan, biri men” sheʼri Oʻzbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov ijrosida mashhurdir.
Asarlari turli tillarga oʻgirilgan. Rossiya, Hindiston, Amerika, Qozogʻistonda kitoblari chiqqan. Xalqaro doʻstlik aloqalari yangi kayfiyatda rivojlanayotgan soʻnggi toʻrt yil ichida shoira-tarjimonning ijodiy ishlari salmoqli boʻldi. Ozarbayjon matbuotida, antologiyalarida sheʼrlari, publitsistik maqolalari chop etildi. U Ganjaviy, Fuzuliy, Marvarid Dilbozi, Nigorxonim, Notavon singari mumtoz shoiralarni, Baxtiyor Vahobzoda, Nusrat Kasamanli, Ramiz Ravshan, Mikail Mushfiq singari qator xalq shoirlarining ijodini oʻzbekchalashtirdi.

Hozirgi ozar adabiyoti vakillaridan Farida Leman, Ayoz Arabachi, Ilgʻor Turk oʻgʻli, Sulaymon Abdulla, Maʼruf Sulton, Tabriza Pinhonlarning asarlari bilan oʻzbek kitobxonlarini tanishtirdi.
2017-yilda ozar shoirlarining “Oshiq pari injalari”, “Ayol va bulbul”, “Kelib koʻring Astarani” nomli toʻplamlarini ona tilimizga oʻgirib, taqdimotini Bakuda oʻtkazib qaytgandi. “2019-yil faol jurnalisti” boʻlib, Ozarbayjon elchixonasi va Haydar Aliyev fondi tomonidan mukofotlangan.
- Yaqinda Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat maktabida Ozarbayjonda chop etilgan “Men sharqlikman” kitobim taqdimoti oʻtkazildi. Shu bilim maskaniga kelsam, dilim yorishib, boʻyim oʻsganday tuyulaveradi, - deydi shoirai davron Dilbar Haydarova. - Fursatdan foydalanib, olis Ozarbayjonning Baku, Ganja, Ismailli shaharlarida turib, sheʼrlarimni ozar tilida sayratgan qardosh shoir doʻstlarim Shoxmemed Togʻlar oʻgʻli va Sulaymon Abdullaga, soʻzboshi muallifi Ilgʻor Turk oʻgʻliga, noshir va shoira dugonam Nasiba Ilkinga, shoira, professor dugonam Farida Lemanga, Gulli Eldor qiziga va barcha doʻstlarimga alohida tashakkurimni izhor qilaman.
Bir-biriga hamohang adabiyotlar gullab-yashnasin, Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstligi mustahkam va abadiy boʻlsin!
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.