Narkologik kasallikka chalingan shaxsni davolashda mehnat terapiyasi qoʻllanilishi mumkin

    Mamlakatimizda 28 Oktabr 2020 2151

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi (OʻRQ–644, 27.10.2020-y.)

    Qonunga muvofiq, aholiga narkologik yordam davlat narkologiya muassasalari yoki litsenziyaga ega boʻlgan xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan koʻrsatiladi.

    Narkologik kasallikka chalingan shaxsni davolash uning yoki qonuniy vakilining yozma roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi (majburiy davolash nazarda tutilgan holatlardan tashqari).

    Shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish narkologiya dispanserlari tarkibidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

    Majburiy davolash sud qarori asosida qoʻllaniladi.

    Majburiy davolashning davomiyligi shaxs davolash uchun joylashtirilgan kundan eʼtiboran 5 kunlik muddatda narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan belgilanib, davomiyligi 18 oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.

    Majburiy davolanishda boʻlishi davrida shaxslarni davolash maqsadida ularga mehnat terapiyasi qoʻllanilishi mumkin.

    Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari hamda narkologiya muassasalari zimmasiga yuklatiladi.

    Qonunga koʻra, davlat:

    psixoaktiv moddalardan oʻtkir zaharlanish natijasidagi psixozlar chogʻida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishini;

    ambulatoriya va statsionar sharoitlarda maslahat berish-tashxis qoʻyilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiya, ijtimoiy yordam koʻrsatilishini kafolatlaydi.

    Qonun kuchga kirgach “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi Qonun oʻz kuchini yoʻqotadi.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.