Samarqand viloyatidagi “Navobod naslli parranda” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi yirik eksportyor korxonalardan biri sanaladi. Ayni kunlarda bu yerda 300 ming naslli parranda parvarishlanmoqda. Korxona tomonidan oyiga 2 million donadan ortiq naslli joʻjalar parvarishlanib, respublikamizning qariyib barcha parrandachilik korxonalariga yetkazib berilmoqda. Korxona filiallari Andijon, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatida ham faoliyat yuritmoqda.
Dastlab naslli joʻjalar Germaniyalik hamkorlar tomonidan yetkazib berilgan boʻlsa, bugunga kelib korxona qoshidagi inkubatsiya sexida joʻjalarni ochirish yoʻlga qoʻyilgan. Xorijning zamonaviy uskunalari yordamida har 100 ta tuxumdan 90-95 ta joʻjalar ochirishga erishilmoqda.
“Navobod naslli parranda” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tomonidan 2020-yilning mart-aprel oylari davomida 88 ming 335 ta naslli joʻjalar keltirilgan. Parrandachilikda naslchilikni yana-da takomillashtirish maqsadida korxona tomonidan Vengriya davlatidan 64 ming 868 ta ROSS-308 naslchilik joʻjalari olib kelinib, parvarishlanmoqda.
Bir kunlik joʻjalar Ukrainalik mutaxassislar tomonidan belgilangan muddatga karantinga olindi. Joʻjalar 90 kun davomida parvarishlangach, ularning tuxumidan naslli parranda yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
– Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tuman boʻlimi tomonidan naslli joʻjalarning meʼyoriy hujjatlar asosida karantin qoidalariga rioya etilishi nazoratga olindi. Shuningdek, eksportyor davlatlar tomonidan taqdim etilgan joʻjalarning ota-onasi naslini tasdiqlovchi maʼlumotlarning elektron bazasi yaratildi. Karantin muddati tugagach naslli parranda yetishtirish boʻyicha hisobotlar bazasi shakllantiriladi, – deydi Inspeksiyaning Samarqand tumani boʻlimi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʻyicha katta inspektori Xurshid Xurramov.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tomonidan soatiga 20 tonna parranda omuxta yemi ishlab chiqarilib, mamlakatimizdagi parrandachilik korxonalari va Afgʻoniston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Fermer xoʻjaligi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri davomida 9,5 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, yil oxiriga qadar 10 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
“Oʻzagroinspeksiya”ning
Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati