Maʼlumki, davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida bir qator ustuvor vazifalar oʻrin olgan. Bu borada soʻnggi yillarda mamlakatimizda Navoiyning serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish, nashr etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Aytish joizki, Qozgʻogʻistonda ham Navoiy asarlarini oʻrganish, tarjima qilish, nashr ettirish yuzasidan qizgʻin adabiy jarayonlar kechmoqda. Xususan, “Xamsa” kitobini Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, qozoq shoiri Nesipbek Aituli oʻzbek tilidan qozoq tiliga tarjima qildi. Mazkur kitobdan Navoiyning – “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” kabi dostonlari oʻrin olgan.

Mutafakkirning turkiyshunoslikda alohida oʻrin egallagan “Muxәkәmәtul-lugʻәtәyn” (“Ikki til bahsi”) asari sharqshunos Torali Qidir tomonidan oʻzbek tilidan qozoq tiliga tarjima qilindi. Unda shoir ikki til – turkiy va fors tillarining mohiyatini chuqur oʻrgangan va oʻz asarlarida aniq misollar orqali turkiy tilning lugʻat boyligi va poetik qudratini yaqqol koʻrsatib bera olgan.

– “Muhokamatul-lugʻatayn”ni qozoq tiliga tarjimasi borasida eng nodir “Sulaymoniya” fondidagi qoʻlyozmalardan foydalandim, – deydi sharqshunos Torali Qidir. – Navoiy asarlari ilk bor qozoq tiliga tarjima qilindi va har bir boʻlimlarini izohlar bilan berishga harakat qildik. Albatta, bu kelgusida navoiyshunoslarga, tilchilarga, talabalarga katta manba boʻlib xizmat qiladi.

“Gʻazallar” toʻplamiga Navoiyning tanlangan gʻazallari turkiy xalqlar tillarida – ozarbayjon, boshqird, qozoq, qoraqalpoq, qrim-tatar, qirgʻiz, saxa, tatar, turkman, oʻzbek va uygʻur tillarida berilgan. Qozogʻistonning “Gʻilim” (“Ilm”) nashriyoti tomonidan 1000 nusxada chop etilgan ushbu kitob Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tomonidan tuzilgan.

Shubhasiz, buyuk shoirning yorqin asarlari ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi adabiy aloqalarning oltin koʻprigiga aylanadi.

Mazkur tadbirda Xalqaro Turk akademiyasi prezidenti Darxan Qidirali, Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Sotiboldi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Muxtor Avezov nomidagi Adabiyot va sanʼat instituti direktori Kenjexan Matijanov, “Qoljazba jәne folklortanu” (“Qoʻlyozmalar va folklor”) ilmiy-innovatsion markazi direktori Torali Qidir, Oʻzbekiston rasmiy vakillari, shuningdek, qozoq va oʻzbek ziyolilari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Qozoqboy Yoʻldoshevga Abayning “Tarbiya soʻzlari” kitobini oʻzbek tiliga tarjima qilgani va nashr etilishiga hissa qoʻshgani uchun, Muhammad Aliga Navoiyning “Gʻazallar” nomli kitobini tuzgani uchun Xalqaro Turk akademiyasining Kumush medali bilan taqdirlandi.

Anjuman yakunida mehmonlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist