Navoiyda Oʻzbekiston travmatolog-ortopedlarning xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi

    Anjumanga 20 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq hamda Respublikamizning barcha hududlaridan 140 nafar tajribali shifokorlar taklif etildi

    Navoiyda Oʻzbekiston travmatolog-ortopedlarning xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi

    Navoiy shahrida Oʻzbekiston Respublikasi travmatolog-ortopedlarining “Yirik boʻgʻimlar jarohatlari va ortopedik kasalliklarini davolashning innovatsion usullarini tadbiq qilish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika ortopediya va travmatologiya ilmiy-amaliy markazi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda sogʻliqni saqlash sohasi masʼullari, xorijiy mamlakatlarning hamda respublikamizning yetakchi mutaxassislari, olimlar va ekspertlar, hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Anjumanga 20 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq hamda Respublikamizning barcha hududlaridan 140 nafar tajribali shifokorlarning tashrif buyurgani yanada ahamiyatlidir.

    Ushbu anjumanda viloyat hokimi oʻrinbosari Jamshid Xodjayev Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

    Bu nufuzli anjumanning Navoiy viloyatida oʻtkazilayotgani bejizga emas, albatta. Zero, viloyatda barcha sohalar qatori tibbiyot tizimiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va beqiyos imkoniyatlar salmogʻi yil sayin yuksalib bormoqda.

    Maʼruzachilar orasida Rossiya, Germaniya, Italiya, Hindiston kabi qator ilgʻor mamlakatlardan kelgan xorijlik mutaxassislar ham bor.

    Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk shahridan tashrif buyurgan travmatolog V.Proxorenko va Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori M.Irismetov soʻzga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtishdi. Oʻzbekiston travmatolog-ortopedlarning xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Irismetov Murodjon Ergashevich va boshqa mutaxassislar maʼruza qilishdi.

    Maʼruzalarda travmatologiya va ortopediya sohasining dolzarb muammolari boʻlgan masalalar – tayanch-harakat aʼzolarininig jarohatlari va kasalliklarini oldini olish, tashxislash va davolash, osteosintezning eng yangi zamonaviy usullari, yirik boʻgʻimlarning artroskopiyasi va endoprotezlash, umurtqa jarrohligi, bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi, osteoporoz muammolari kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, soʻnggi yillarda Navoiy viloyatida 128 ta birlamchi tibbiy yordam muassasalari mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni 246 taga yetkazilib, 2 baravarga oshirildi. Shuningdek, joriy yilning oʻzida viloyatda yangidan 27 ta oilaviy shifokorlik punkti, 2 ta oilaviy poliklinika hamda 89 ta mahalla tibbiyot punktining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada 300 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati yanada yaxshilandi. Ushbu sohani rivojlantirish uchun 100 milliard soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirildi.

    Navoiy viloyatida 2022-yilda 25 nafar shifokorlar xorijiy davlatlarda malaka oshirgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida ular soni 79 nafarga yetdi. Buning natijasida yangi davolash va tekshiruv usullari yoʻlga qoʻyilib, chet el tajribasini viloyatda tatbiq etish orqali tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilmoqda.

    Shu oʻrinda Navoiy viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya boʻlimida yangidan-yangi yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazilayotganini qayd etib oʻtish oʻrinli. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 213 nafar bemorlarda travmatologiya-ortopediya yoʻnalishida yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazilgani esa alohida ahamiyatga molikdir. Bu kabi xayrli ishlar esa izchillik bilan davom ettirilmoqda.

    Ushbu anjuman doirasida viloyatda xalqaro mutaxassislar ishtirokida 32 nafar bemorlarda bunday amaliyotlar master-klass koʻrinishida oʻtkazildi. Shuningdek, tadbir doirasida tibbiyot mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

    Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda mashgʻulotlar va master-klasslar olib bordi.