Respublikamizda 2676 ta foydali qazilma koni mavjud boʻlib, ulardan ruxsatnoma asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 2 mingdan ziyod foydali qazilma qazib olingan.
Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish rivojlanyapti. Prezidentimizning 2018-yil noyabrdagi tegishli qarori bilan tadbirkorlikning bir turi sifatida mazkur faoliyatning ham huquqiy asoslari yaratildi. 2019–2023-yillar mobaynida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati uchun 300 dan ziyod ruxsatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligi taʼminlangan.
Ammo koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bogʻliq holatlar hamon kuzatilyapti. Oʻtgan bir yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy yoʻl bilan qazib olish bilan bogʻliq 100 dan ziyod holat aniqlangan.
Sohada huquqbuzarlik holatlari ortib borishi mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shuning uchun ham Jinoyat kodeksida foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan normalar mustahkamlanyapti.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek yer berish tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.