Nega Yaponiyada "Abdullajon"ni yaxshi ko'rishadi?

    Yaxshi kino insonga ma'naviy ozuqa, ruhiy madad va saboq beradi. Shuningdek, u xalqning, millatning o'tmishidan so'zlovchi, bugunini aks ettiruvchi, orzu-umidlarini ifodalovchi ijod mahsulidir.

    Mukammal yaratilgan kino asarlar yillar oʻtsa-da, xalqimiz qalbidan chuqur oʻrin egallab kelmoqda. Buni qarangki, oʻzbek filmlarining oʻtmishi va bugungi rivojiga kunchiqar yurt Yaponiyada ham katta eʼtibor qaratishar ekan. Taniqli kinoshunos Sauto Saito bilan kino sanʼatining asosiy mezonlari va talablari haqida suhbatlashdik.

    Janob Sauto, nima uchun kino sohasida faoliyat yuritishni istadingiz? Ilk bora tomosha qilgan oʻzbek filmingizni eslay olasizmi?

    — Hammasi fotosuratlarga qiziqishimdan boshlangan. Film tomosha qilish jarayonida ramka filmda qanday muhim rol oʻynashini tushunganman. Va har bir filmni texnik nuqtayi nazardan tahlil qila boshladim. Oʻsha paytlari Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan oʻzbek filmlari tez-tez namoyish etib turilgan. Men har doim boʻlayotgan voqealarning rasmiga eʼtibor qaratardim, bu men tomosha qilishim uchun film tanlashda asosiy mezon edi. Oʻzbek filmlaridan Ali Hamroyevning “Yor-yor” filmi menda eng yorqin taassurot qoldirganini yaxshi eslayman. Oʻsha paytdagi filmlarning oltin klassikasini tomosha qilganimda oʻzi mni uzoq safardan soʻng nihoyat uyiga qaytgan sayyoh kabi his qilar edim.

    Fransuzlar film ishlashda sevgi falsafasiga, ruminiyaliklar realizmga va oʻtkir hazilga katta eʼtibor qaratadilar. Oʻzbek kinematografiyasining qanday oʻziga xos xususiyatlarini ajratib koʻrsata olasiz?

    — Yaxshi oilaviy drama har bir oʻzbek filmining syujeti asosini tashkil qiladi. Xalq anʼanalari va qadim ildizlarga boʻlgan sadoqat, vatanparvarlik gʻoyalari har bir rejissyorning diqqat markazida turadi. Shu oʻrinda kino tarixidagi eng muhim film sifatida Xudoybergan Devonovning birinchi filmlarini aytib oʻtmoqchiman. “Bizning zaminimiz- arxitektura yodgorliklari” filmi oʻsha davrdagi muhitga qaramay, mamlakatingizda kinematografiya uchun mustahkam asos yaratdi. Bilasizmi, kino sanoatida jasorat talab qiladigan barcha holatlarni ajoyib deb atash mumkin.

    Haqiqiy millat ruhini ifodalaguvchi film bu “Oʻtgan kunlar”dir. Bu filmni tomosha qilgan odam borki, oʻzbek xalqni yaxshi koʻrib qoladi. Aynan shu filmning oʻzini koʻrib ham milliy qadriyatlaringiz va anaʼanlaringiz haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlish mumkin.

    Dunyo kinematograflari uchun taniqli oʻzbek mualliflaridan biri Ali Hamroyevdir. Uning filmlari “Triptix” yoki “Tansoqchi” filmlari kabi dunyo kinematograflarini hayratga soladigan ajoyib gumanizm va ilohiy goʻzallikka ega.

    Ali Hamroyev oʻzbek kinosining haqiqiy maestrosi. Milliy atmosferani yoʻqotmasdan chiroyli va metaforik fiomlar olish bobida unga teng keladigani yoʻq. Ali Hamroyevning asarlari har qanday yoshdagi kinoijodkorlarga yoʻl koʻrsatuvchi nur boʻlib xizmat qiladi, deb bilaman.

    Mening eng sevimli filmlarimdan biri Qamara Kamolovaning “Achchiq meva”sidir. Ushbu filmda yoz fasli bosh qahramon qizning ruhiyati bilan chambarchas holda gʻalati va yashil rangda tasvirlangan. Bu yangi topilma menda katta taassurot qoldirgan. Oʻzbek xalqi uning bu intilitshlarini qadrlasa kerak. Rostini aytsam, men Qamara Kamolovaning muxlisiman. Bu ijodkor garchi koʻplab sovet rejisyorlari kabi mashhur boʻlmasa-da, tor doiradagi professional ijodkorlarning hurmatiga sazovor boʻlgan ijodkor. Uning filmlarida shunday atmosfera mavjudki, oʻziga xos qoʻlyozmasini darrov tanib olasiz.

    Yaponiyada eng mashhur oʻzbek filmi qaysi film bilasizmi? Shubhasiz, Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” filmini juda yaxshi koʻrishadi. Yaponiyaliklar rejissyorning gʻayrioddiy lavhalari va aql-idrokiga shunchalik maftun boʻlishganki, hatto uni diniy film deb hisoblashadi. Men hatto Zulfiqor Musoqov Oʻzbekistonda Yaponiyachalik mashhur boʻlmasa kerak deb oʻylayman. Zulfiqor Musoqovni milliy favorit deb atash adolatli boʻlardi. Uning barcha asarlari Oʻzbekiston jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olinishi haqida eshitganman. Zulfiqor Musoqovning uslubi va oʻziga xos dunyoqarashi har qanday tomoshabinni beixtiyor oʻziga jalb etadi.

    2019-yilda Kiyosi Kurosava tomonidan “Dunyoning oxiriga qadar” nomli film Oʻzbekistonda suratga olindi. Yaponiyalik kinoijodkorlar bu filmni “Kurosavaning eng yaxshi filmlaridan biri” deb atashdi. Ammo Markaziy Osiyolik ijodkorlar bu filmni keskin tanqid ostiga olishdi...

    — Kiyoshi Kurosavaning ishi bilan yaxshi tanishman. Ikki yil oldin suhbatlashganimda uning yaxshi ijodkor va mulohazali inson ekanligiga guvoh boʻlganman. “Dunyoning oxiriga qadar” filmiga kelsak, chindan ham kamchiliklari yoʻq emas. Biroq bu filmda oʻziga xos uslub va dunyoqarash aks etganligini hisobga olsak, yomon film deb ayta olmayman. Ayniqsa, rejissyor bu filmda oʻzining rassomlik mahoratini juda yaxshi namoyon etgan.

    Ushbu filmning taqdimot marosimi Tokioning bir nechta kinoteatrlarida yuqori saviyada oʻtkazilganini yaxshi eslayman. Tadbirlarda yaponiyalik ijodiy guruh bilan birga Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Gʻayrat Fozilov, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Feruza Toʻraxoʻjayeva, kinoaktyor Adiz Rajabov ham ishtirok etishgan. Taʼkidlash lozimki, taniqli, yosh kinoaktyor Adiz Rajabov ushbu filmda asosiy rollardan birini mahorat bilan ijro etgan. Ayniqsa, yaponiyalik jurnalistlar va OAV xodimlari bilan “Crank in” internet-nashriyotida oʻtkazilgan matbuot anjumani menda juda katta taassurot qoldirgan. Anjumanda film ijodkorlaridan Kiyosi Kurosava, Asuko Maeda, Ryo Kase, Shota Sometani, Tokio Emoto va Oʻzbekistonlik delegatsiya vakillari ishtirok etishgan.

    Shuningdek, Tokioning mashhur Ginza koʻchasida joylashgan Sutaya kutubxonada Adiz Rajabov ishtirokida ajoyib uchrashuv ham juda koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtgan. Kutubxonada Oʻzbekiston, uning madaniyati, anʼanalari, sanʼatiga oid maxsus joy borligi oʻzbekistonliklarni juda xursand qilgan edi. Film taqdimotidan soʻng boʻlib oʻtgan bu uchrashuvda yapon tomoshabinlari Oʻzbekiston hakida koʻplab savollar berishgan. Ularni kuproq Oʻzbekistonning tarixiy obidalari, taomlari, urf-odatlari qiziqtirgan. Tomoshabinlar bu ajoyib diyorga tashrif buyurib, uning madaniyati, anʼanalari bilan yaqindan tanishish istagini bildirishgan. Uchrashuvda tarixi qadim yurtingizning sayyohlarni qiziqtira oladigan manzillari koʻpligiga ham alohida urgʻu berilgan edi. Jumladan, yapon kinoixlosmandlari tomonidan “Oʻzbekistonning chiroyli joylari filmda kariyb koʻrsatilmagan. Nima uchun?”- degan savoliga “ - Kurosava janoblari oʻz oldilariga yaltiroq film suratga olishni maqsad qilmaganlar. Oʻzbekiston odamlarining oddiyligi, kamtarligi bilan ham goʻzal!”- deb javob bergan edi kinoaktyor Adiz Rajabov.

    2019-yilning eng yaxshi oʻzbek film sifatida qaysi filmni ayta olasiz?

    Soʻnggi oʻn yil ichida oʻzbek kino sanoatida sezilarli darajada oʻzgarishlar roʻy berdi. Va bu oʻzgarishlar yangi davrni boshlab berdi. Umid Hamdamovning “Issiq non” filmi oʻzbek kinosi rivojidagi muhim qadam deb bilaman. Shu bois bu film “Oskar” mukofotiga tavsiya qilindi.

    Eng muhimi, oʻzbek kinosidagi muammolarni hal qilishga hukumat tomonidan juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oʻzbek kinosi xalqaro miqyosda yutuqlarga eishishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berilayotgani kishini quvontiradi. Bilasizmi, yosh kinoijodkorlar, avvalo, klassik filmlarni oʻrganishlari kerak. Shundagina ularning poydevori mustahkam boʻladi. Oʻzligini yoʻqotgan ijodkorni dunyoning hech qayerida tan olishmaydi. Keyingi paytlarda rejissyorlarning tarixiy mavzularga murojaat qilayotgani ham yaxshi filmlar safini kengaytirmoqda. “Qoʻqon shamoli”, “Islomxoʻja”, “Ilhaq”, “Avloniy”, “Elparvar”, “Imom at-termiziy” kabi oʻzbek filmlari menda juda katta taassurot qoldirdi.

    Kino — dunyo xalqlarini birlashtiruvchi kuch. Shu bois uning gʻoyalari hamisha umuminsoniy boʻlishi zarur. Milliy ildizlardan kuch olsa-da, uning asosiy maqsadi umumbashariy maqsadlar bilan chambarchas bogʻlanishi muhimdir. Zero, ayni pandemiya davrida dunyo ahli bu maʼnaviy zanjir qanchalar ahamiyatli ekanligini yana-da chuqurroq his qilmoqda.

    Kelgusida oʻzbek kinosida bugungi intilishlar va izlanishlarning samarasi sifatida professional tarzda suratga olingan eng yaxshi filmlar koʻpayishiga ishonaman.

    Muxlisa AZIZOVA

    suhbatlashdi