Nega yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlarda koronavirus ogʻir kechadi?

    Salomatlik 23 Sentabr 2020 8992

    Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpoʻlatov bilan suhbat (1-qism).

    – Dunyodagi xavfli xastaliklar roʻyxatida yurak-qon tomir kasalliklari oldingi oʻrinda turadi. Buning asosiy sabablari nimada?

    – Darhaqiqat, hozirgi kunda aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish yildan yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, ushbu kasalliklar oqibatida yuzaga keladigan oʻlim holatlari boʻyicha yurak-qon tomir kasalliklari nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda ham birinchi oʻrinda turadi. Buning asosiy sabablari tashqi muhitning oʻzgarishi, aholi oʻrtasida kamharakatlilik – gipodinamiya, jismoniy va ruhiy zoʻriqish, ratsionda hayvon yogʻlari koʻp boʻlgan mahsulotlarni koʻp isteʼmol qilish, chekish va spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish. Ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklarining aholi orasida keng tarqalishiga va yosharib borayotganiga asosiy sabab sifatida koʻrsatish mumkin.

    – Kuzatuvlarga koʻra, yurak-qon tomir kasalligi boʻlgan insonlarda koronavirus infeksiyasi ogʻir kechar ekan. Nima uchun?

    – Yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy belgilari qonda xolesterin miqdorining ortib ketishi, qon tomir devorlarida xolesterin pilakchalarining paydo boʻlishi oqibatida tomir ichining torayib qolishi, qonning quyuqlashishi, toʻqimalarga qon bilan keladigan oziq moddalar va kislorod oqimining pasayishi hamda hujayralarning kislorodga boʻlgan ehtiyojining oshib ketishi bilan namoyon boʻladi.

    Agar yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlar koronavirus infeksiyasi bilan ogʻrib, oʻpka pnevmoniyasi kuzatilganda hamda qon quyuqlashib ketganda yuqorida keltirilgan kardiologik kasallik belgilari zoʻrayib ketadi. Koʻpincha bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklarining asoratlari oqibatida oʻlim holatlari kuzatiladi. Yaʼni, koronavirus yuqtirib olgan bemorlarda oʻtkir miokard infarkti, bosh miya insulti, yurak yetishmovchiligi holatlari yuzaga kelib, virus infeksiyasining ogʻir kechishiga sabab boʻladi.

    – Yurak-qon tomir kasalliklari yildan yilga yosharib bormoqda. Bunga sabab qilib qanday omillarni koʻrsatish mumkin?

    – Haqiqatdan, yurak-qon tomir kasalliklari yosharib bormoqda. Ilgarilari bu kasalliklar asosan qariyalarda uchragan boʻlsa, hozirda 20 yoshli insonlarda ham miokard infarkti, arterial gipertoniya, yurak ritmining oʻtkir buzilishi kabi kasalliklar uchramoqda.

    Bunga sabab yuqorida aytganimizdek, globalizatsiya davridagi gipodinamiya holatlari, yogʻ almashinuvining buzilishi, dislipidemiya va giperxolesterinemiya, giperkoogulyatsiya, yaʼni qonning quyuqlashishi va qon ivish holatining tezlashishi, zararli odatlar – spirtli ichimliklar isteʼmoli, tamaki chekish, notoʻgʻri ovqatlanish kabi omillarni koʻrsatish mumkin.

    – Yurak-qon tomir kasalliklarining qaysi turlari aholi orasida keng tarqalgan va buning sabablari nimada?

    – Hozirgi kunda aholi orasida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, miokard infarkti va uning oqibatida kelib chiqadigan turli xil asoratlar, yaʼni surunkali yurak yetishmovchiligi, yurak ritmining buzilishi, gipertoniya kasalligi va uning oqibatida kelib chiqadigan miya insulti, yurakning tugʻma nuqsonlari kabi kasalliklar koʻp uchramoqda. Kasallikning aholi oʻrtasida koʻpayishiga va ogʻir asoratli holatlarga oʻtib ketishiga bir tomondan bemorlarning oʻzlari ham sababchi boʻladi.

    Maʼlumki, kasallikning boshlangʻich davrlarida bemorda kasallik belgilari namoyon boʻlmaydi yoki bemorni bezovta qilmaydi. Kasallik nogahon tibbiy tekshiruvlarda, ommaviy profilaktik tadbirlar davomida (qon bosimini oʻlchaganda, elektrokardiogramma qilinganda, qonni bioximik tahlili oʻtkazilganda) aniqlanadi. Bu nimadan dalolat beradi? Bemorlarning oʻz sogʻliqlariga beeʼtiborliklaridan, muntazam tibbiy kuzatuvlardan oʻtib turmaganliklaridan dalolat beradi.

    Shuning uchun har bir inson bir yilda bir marta profilaktik tekshiruvlardan oilaviy poliklinikasi orqali oʻtib turishi kerak. Kasallik aniqlanganda davolash va diagnostika tadbirlarini oʻtkazib, kasallikning avj olib ketishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish kerak. Shuningdek, hozirgi globallashuv davrida, ekologik muhitning oʻzgarib ketganligi, ichkilik va chekish kabi zararli odatlarga berilish, yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh yurak-qon tomir kasalliklarining tugʻma turlarining kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.