Tadbirda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari, olim va tadqiqotchilar hamda ushbu mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi. 

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov mehmonlarni Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etdi.

Marosim doirasida niderlandiyalik taniqli madaniyat arbobi Burhoniddin Charlak tomonidan niderland tilida yozilgan «O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘li marjoni» kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti va ma’naviy merosi hamda zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlab yozilgan turkum maqolalardan iborat asar B.Charlakning O‘zbekistonga qilgan sayohatlari, xalqimizning mehmondo‘stligi, samimiyligi, boy madaniyati, san’ati, qadimiy urf-odatlari, me’morchilik obidalari bilan yaqindan tanishgani, ularga mehr qo‘ygani, diyorimizning o‘tmishi va zamonaviy taraqqiyotiga qiziqish bildirayotgan olim va tadqiqotchilar bilan o‘rnatgan hamkorligi natijasida dunyoga kelgan.

«Men o‘z asarimni O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishladim», — dedi B.Charlak.

Tadbirda, shuningdek, kitobning yaratilishiga hissa qo‘shgan boshqa mualliflar ham so‘zga chiqdi. Jumladan, belgiyalik fotojurnalist Djon Raynxard O‘zbekistonni o‘zi uchun kashf qilganidan buyon mamlakatimizga har borganida olam-olam taassurot bilan qaytayotganini ta'kidladi.

«Bir necha yil muqaddam O‘zbekistonga bag‘ishlangan hujjatli filmni tomosha qilgan edim, — dedi jurnalist. — Unda Toshkent metropoliteni namoyish etilgan bo‘lib, o‘shandayoq men bu mo‘jizavor inshootni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish orzusida yona boshladim. Oradan ko‘p o‘tmay Toshkentga borib, uning «er osti qasr»laridan hayratda qolib, ularni o‘z suratlarimda aks ettirdim».  

Niderlandiyalik taniqli jurnalist va tarixchi, «Sovet shon-shuhrati maydoni» jamg‘armasining direktori Remko Reyding so‘nggi yillarda jamg‘armaning O‘zbekiston bilan hamkorligi rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.

«Ko‘pchiligingizga ma’lum, Ikkinchi jahon urushi yillarida Niderlandiyaga asli o‘zbekistonlik bo‘lgan 101 nafar askar asir sifatida olib kelingan va «Amersfort» konslagerida turli sharoitlarda fashistlar qurboniga aylangan, — dedi R.Reyding. — Oxirgi 20 yil davomida biz ularning shaxsini aniqlash borasida ulkan ishlarni amalga oshirdik. Hozir esa 101 nafar askarning qabrlarini obod qilish, qabrtoshlarini yangilash bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz. Bu haqdagi ma’lumotlar bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobga kiritilganidan bag‘oyat mamnunman».

Niderlandiyalik taniqli madaniyat arbobi, qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha qadimiy uslublar tadqiqotchisi Leo Xoygen 2019-yil sentyabr oyida Qo‘qon shahrida YuNeSKO shafeligida o‘tkazilgan birinchi xalqaro hunarmandchilik festivalidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga oldi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

Darhaqiqat, niderland tilida yozilgan asar yurtimizga bag‘ishlab bu tilda yaratilgan yirik asarlarning qaldirg‘ochi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonning turli hududlaridan olingan rang-barang suratlar bilan bezatilgan kitob mamlakatimiz tarixi, dini, madaniyati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasi, taomlari, urf-odatlari, turizm va iqtisodiyot sohalaridagi salohiyati to‘g‘risidagi qiziqarli ma’lumot va fikr-mulohazalarga boy.