Asli kasbim o'qituvchilik. O'n yil o'rta maktabda geografiya fanidan dars berdim. Lekin qishloqda o'sganim uchunmi, doimo dehqonchilikka, bog'dorchilikka qiziqqanman. O'qituvchilik qilgan yillarimda tomorqamizda anor, uzum va boshqa mevalar ko'chatini etishtirib, bozorga olib chiqib sotardim.

Shu havas tufayli bo'lsa kerak, o'tgan asrning 80-yillarida xo'jalik raisining madaniy-oqartuv ishlari bo'yicha o'rinbosari lavozimiga ishga o'tdim. Keyin yigirma yil tumanimizdagi “Madaniyat” xo'jaligi boshqaruvi  raisi bo'ldim. O'sha yigirma yil ichida xo'jalikda paxta hosildorligi 33 tsentnerdan 53 tsentnerga etdi. Xizmatlarim uchun 90-yillar boshida “Shuhrat” medaliga sazovor bo'ldim. 2007-yilda esa “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo'jaligini tashkil etdim.

Dehqonchilik qilish, dalada ishlash oson emas. Ba'zan bahor, ba'zan yoz, ­ba'zan kuz noqulay keladi. Hatto qish odatdagidan qahrliroq yoki issiqroq  kelsa ham dalada ishlaydigan odamga qiyin bo'ladi.

Lekin dehqonning, ayniqsa, fermerning ob-havoni bahona qilishga — “ko'chatimni ko'klamda do'l urib ketdi, yozda dalamga suv etib bormadi, kuzda hosilni yig'ib olishga ishchi kuchi, texnika etishmadi” deyishga  haqqi yo'q. Chunki unga ishonib yuzlab gektar er berilgan, u etishtiradigan mo'l hosilga atrofdagi minglab qorako'z qarab turibdi. Shu bois, fermer har qanday sharoitda ham erdan ko'zlangan hosilni olishi kerak.

Bu gapim kimlargadir balandparvozdek ko'rinar. Ammo mening shiorim shunday: fermer bahona emas, chora izlashi lozim, shunda ko'zlagan maqsadiga erishadi.

Fermer xo'jaligimiz ekin maydoni 220 gektar. Uning 85 gektariga g'alla, 105 gektariga paxta, qolganiga turli xil poliz va sabzavot ekinlari ekkanmiz. Bundan tashqari, 100 bosh qo'y, 150 bosh tovuq, 40 bosh kurkamiz ham bor. Bir gektar erda baliq, 30 quti asalari boqyapmiz.

“Dehqonchilikda yil yilga o'xshamaydi. Hosildan, daromaddan umidvor fermer har bir niholni “sizlashi” kerak. Barcha agrotexnik tadbirlarni o'z vaqtida, sidqidildan bajarishi zarur”, degan edi Prezidentimiz Farg'ona viloyatining Oltiariq tumani fermerlari bilan uchrashuvda.

Davlatimiz rahbarining shu gaplariga amal qilganimiz tufayli bu yil g'alla hosili mo'l bo'ldi. Gektaridan 70 tsentnerdan urug'lik bug'doy oldik. Paxtadan ham 60 tsentnerni ko'zlaganmiz. Mo'l hosil olingach, daromad ham shunga yarasha bo'ladi. Joriy yilda g'alladan topgan umumiy daromadimiz 2 milliard so'mni, sof daromadimiz esa 700 million so'mni tashkil etdi. Paxtadan 1 milliard so'm sof daromad olishni mo'ljallab turibmiz. Yaqinda bu yilgi bug'doy hosilining 20 tonnasini xo'jaligimiz a'zolariga mukofot sifatida tarqatdik. Shuncha yil dalada ishlab, chiqargan xulosam shu bo'ldi: er bilan tillashib va dillashib ishlansa, agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida, sifatli amalga oshirilsa,  tuproq zarga, dehqon zargarga aylanadi. Inson erni aldamasa, er insonni aldamaydi.

Xo'jaligimizda 31 nafar ishchi bor. Hammasi bilan oilaviy pudrat asosida shartnoma tuzilgan. erta bahordan kuzgacha ularga bo'nak berib boraman. Yil yakunlangach esa hisob-kitob qilamiz. Erni oilalarga shartnoma asosida bo'lib berganim uchun hamma astoydil, jon-dili bilan ishlaydi. Chunki hosil qancha ko'p bo'lsa, ular shuncha ko'p daromad oladi. Boshqacha aytsam, fermer xo'jaligimiz dalasi ular uchun o'z tomorqasiday gap.

Kechagi fermer bilan bugungi fermerni solishtirib bo'lmaydi. Yaqin-yaqingacha fermer qog'ozda er egasi edi-yu, lekin qo'li bog'langandi. Mahsulotni davlat buyurtmasi asosida ekardi, arzon narxda davlatga sotardi. Shuncha mehnat qilib, yil oxirida qarz bo'lib qolardi. Hisob raqamiga kelib tushgan sotilgan mahsulotlarining pulini bank hech kimdan so'rab o'tirmasdan o'g'it, urug'lik, suv, texnika xizmati va boshqa xarajatlar uchun ushlab qolardi. Boshqacha aytganda, fermerning qo'li pul ko'rmasdi. Endi ayting-chi, kim shunday sharoitda jonini jabborga berib ishlaydi? Kim mo'l hosil olishga harakat qiladi? Hech kim. Shuning uchun barcha yumushlar nomiga, qo'l uchida bajarilardi, hosildorlik ham shunga yarasha bo'lardi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev fermerga erkinlik berdi. Fermerda o'zi xohlagan ekinni ekish, etishtirgan mahsulotini xohlagan kishisiga sotish imkoniyati paydo bo'ldi. Keyingi yillarda barcha qishloq xo'jaligi mahsulotlari hosildorligi bir necha barobar oshganining sababi shu. Ko'plab fermerlar o'zi etishtirgan mahsulotini o'zi xorijga sot­yapti. Shuning uchun, kerak bo'lsa, kechayu kunduz ishlayapti.

Shu o'rinda meni quvontirgan yana bir narsani aytmasam bo'lmaydi. Klasterlar paydo bo'lgani barcha soha rivojida muhim o'rin tutdi. Lekin ayrim qishloq xo'jalik klasterlari monopol mavqega ega bo'lib olib, ular tomonidan xohlasang ham, xohlamasang ham men bilan ishlaysan deyish, fermerning nonini yarimta qilishga urinish holatlari ham uchradi. Davlatimiz rahbari bu salbiy holatni o'z vaqtida sezdi va bartaraf etdi. Bugun fermer qaysi klaster bilan ishlashni o'zi hal qiladi, o'ziga ma'qul kelgan, imkoniyati yaxshi klaster bilan har ikki tomon uchun ham manfaatli shartnoma  asosida ishlaydi.

Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi bir fermer xo'jaligida bo'lganda aytgan gapi hech esimdan chiqmaydi. “Bizning kamchiligimiz qishloq xo'jaligida ilmni ishlatmaymiz. Dunyo bozorida raqobat shafqatsiz. Unga munosib bo'lish uchun, avvalo, ilm kerak. Yaxshi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalar kerak. Dehqon dalaga kirdimi, daromad topishi zarur”, degan edi o'shanda Shavkat Mirziyoyev.

Xo'jaligimiz urug'likka ixtisoslashgan. Shuning uchun selektsioner olimlar bilan muntazam aloqa o'rnatganmiz. eng yaxshi urug'larni dalamizda sinab ko'ramiz. Ayni kunda suvsizlikka va sho'rga chidamli, tola sifati yuqori bo'lgan “Jondor qudrati” navini yaratish bo'yicha tajriba-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Umumiy maydonimizning 50 gektarini tomchilatib sug'oramiz. Buning afzalligi shundaki, ham suv sarfi kamayadi, ham ortiqcha ishchi kuchi kerak emas. Bugun hech bir fermer, ilmsiz, yangi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalarsiz muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

2017-yilda Prezidentimiz farmoni bilan “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo'lgan edim. Shundan so'ng xo'jaligimiz a'zolari bilan maslahatlashib, xalq manfaati, yurt ravnaqi yo'lida yanada ko'proq mehnat qilishga kelishib oldik. Natijada nafaqat viloyat, balki respublikadagi etakchi xo'jaliklardan biriga aylandik.

O'tgan yili qahramon bo'lganimni eshitganimda, rosti, ko'zlarimga yosh keldi. Bunday e'tibor va hurmat uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.

Yurtimizda qishloq xo'jaligini rivojlantirishga qaratilgan e'tibor, fermer xo'jaliklariga soliq to'lash, zarur texnikalarni xarid qilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun xorijdan xomashyo, texnologik uskunalar olib kelishda boj to'lovlari borasida engillik va imtiyozlar berilishi zamirida xalqimizning farovon hayotini ta'minlashdek ulug' maqsad mujassam. Ishonchim komilki, bu maqsadga albatta erishamiz.

Muhammad AHMEDOV,

Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo'jaligi boshlig'i, 

O'zbekiston Qahramoni