Milliy oʻquv dasturi asosida ona tili fanini oʻqitishga boʻlgan yondashuv tubdan oʻzgardi. Endilikda grammatika va yodlashga asoslangan taʼlimdan tinglab tushunish, oʻqib tushunish, fikrni ogʻzaki va yozma bayon qilishdan iborat til oʻrganishning 4 koʻnikmasini rivojlantirishga qaratilgan taʼlim shakliga oʻtildi. Ona tili fanini oʻqitishdagi mazmunning oʻzgarishi, tabiiyki, koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Quyida ona tili oʻqituvchilarining fikr-mulohazalari va ulardan kelgan murojaatlarga batafsil toʻxtalamiz.

1-savol: Nima uchun boshlangʻich sinflarda Ona tili va Oʻqish fanlari birlashtirildi?

Milliy oʻquv dasturi asosida 2020-2021-yildan boshlab umumtaʼlim maktablarida Ona tili va Oʻqish fanlarini birlashuvi natijasi “Ona tili va oʻqish savodxonligi” fani joriy etildi. Mazkur fan 1–4-sinf boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Ikki fanning birlashuviga asosiy sabab ona tilini oʻqitishdagi yondashuvning oʻzgarishi boʻldi. Ona tili fani asosida oʻquvchida shakllantiriladigan koʻnikmalardan biri bu oʻqib tushunishdir.

Shu paytgacha ona tilini oʻqitishdan asosiy maqsad tilning grammatikasini oʻrgatish, til strukturasiga oid qoidalarni yod oldirish boʻlib kelgan boʻlsa, endi fanni oʻqitishda asosiy eʼtibor soʻz, uning maʼnolari, oʻrindoshlari, qoʻllanish oʻrinlari, lugʻat boyligi kabi tomonlarga qaratilmoqda. Natijada oʻquvchi darslikda qoidalar oʻrniga koʻproq matnlar bilan ishlaydi va ularda oʻqib tushunish koʻnikmasi rivojlanadi.

Ona tili fanlari oʻquvchida oʻqib tushunish koʻnikmasini rivojlantirishi hisobiga oʻz-oʻzidan oʻqish faniga zarurat qolmaydi. Zero bu ikki fanning maqsad va vazifasi deyarli bir xil. Qolaversa, yangi joriy etilgan Tarbiya fani ham mohiyatan amaldagi Oʻqish faniga xos vazifalarni bajaradi.

Rivojlangan davlatlarning taʼlim tizimida ona tili va oʻqish fanlari bir-biridan ajratilmaydi. Boisi oʻqish va ona tili fanlarining birlashuvi bir matn asosida ham oʻqish faniga doir, ham ona tiliga doir koʻnikmalarni uzviy olib borish bilan samaralidir. Oʻquvchi hozirgina oʻqigan matnidan taʼsirlanib turgan, hali tasavvurlari sovib ulgurmagan vaqtda shu matn bilan bogʻliq ona tiliga doir mashq va topshiriqlarni berish butun dunyo tajribasida bor.

Aytish joizki, taʼlim mazmunidagi, xususan, ona tili va oʻqish fanlarining birlashuviga oid oʻzgarishlar savod bilan bogʻliq mavjud holatimiz, oʻtgan yillar davomida taʼlimda yoʻl qoʻyilgan xatolarni chuqur tahlil qilgan holda, xorijlik va mahalliy mutaxassislar hamda amaliyotchi oʻqituvchilar ishtirokida yaratilmoqda.

2-savol: Endi grammatika oʻqilmaydimi? 2-sinf darsligidan grammatika umuman yoʻq. Oʻquvchilar qoʻshimchalarni qoʻshib yozishga qiynalishmoqda.

Avvalgi 2-sinf Ona tili darsligida “Jarangli va jarangsiz undoshlar” mavzusida berilgan bir sahifani toʻldirib turuvchi qoida 8 yoshli bola uchun murakkablik qilgan. Oʻquvchi jarangli va jarangsiz undoshlarni qoidasi bilan bilish bolaga hech narsa bermaydi. Faqatgina ular soʻzlashuvda ayrim tovushlar “p” aytilgani bilan, yozma nutqda “b” yozilishini tushunib olishi kifoya. Buning uchun “jarangli” yoki “jarangsiz” degan terminlarni bilishi, shunga bogʻliq murakkab qoidalarni yod olishi shart emas.

Aytib oʻtish kerakki, oʻquvchi qaysi harfning unli yoki undosh ekanini, buning ega, buning kesim ekanini atama sifatida bilishi shart emas. Inson tilni amalda qoʻllayotganda bunga hech qachon eʼtibor bermaydi.

Shu bois, ona tili darsliklarimiz turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi, “Oʻtimli va oʻtimsiz feʼllar”, “Vositali-vositasiz toʻldiruvchilar”, “Feʼl kesim va ot kesim”, “Sifatlovchi-sifatlanmish” va shu kabi mavzular boʻlmaydi. Oʻquvchilar koʻproq matn bilan ishlaydi. Endi mavzular tilning muayyan ijtimoiy vaziyatlarda qoʻllanilishi nuqtayi nazaridan tanlanadi.

Oʻquvchi endi Matn ostida berilgan topshiriq va mashqlar asosida til grammatikasiga doir koʻnikmalarni ham egallab boradi. Darsliklarimiz grammatik qoidalardan xoli va bolani turli qoidalarni yod olishga majburlamasa-da, lekin grammatik koʻnikmalar oʻz oʻrnida qoladi. Shunchaki endi bu qoidalar amaliy jihatdan oʻrgatiladi. Ularning shakliga emas, mazmuniga urgʻu beriladi.

Shunday ekan, darslikda grammatika emas, grammatik qoidalar berilmagan deyish toʻgʻri boʻladi. Darslik oʻquvchida koʻnikmani shakllantirishi kerak. Grammatik qoidalarni esa oʻqituvchi yetkazishi mumkin. Darslik – bu didaktik material, xolos.

3-savol: Qoidalar kerak, qoidani yodlamasa ertaga oʻquvchilar qanday qilib oʻqishga kira oladi?

Endi Milliy oʻquv dasturi asosida ona tili Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun Davlat test markazi testlarini yechishga emas, ona tilidan samarali foydalanishga oʻrgatadi. Mazkur yondashuv sabab, afsuski, maktablarda ona tili darslariga eng koʻp soat ajratilishiga qaramay, yoshlar savodsiz boʻlib qolishdi. Maktablarda tilni amaliy jihatdan oʻrgatilmagani tufayli oʻquvchilar mustaqil kichikroq maqola yozish, ilmiy-ommabop maqolalarni tushunishda, oʻzbek tilida oʻz fikrini ravon, erkin yetkazish, davlat tilida ish yuritish kabi hayotiy vaziyatlarda qiyinchiliklarga duch kela boshladilar.

Endilikda Ona tili faniga shunchaki oʻquv predmeti sifatida qaralmaydi. Milliy oʻquv dasturiga koʻra, Ona tili fani asosida til butun borliqni: tabiatni, jamiyatni, fanlarni, oʻzlikni anglash va oʻrganish vositasiga aylantiriladi. Oʻquvchi Ona tili fanini oʻzlashtirish jarayonida uni turli ijtimoiy munosabatlarda qoʻllashni oʻrganadi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, iqtisod, siyosat, jamiyatshunoslik kabi fanlarni oʻzlashtirishda til omilini his qiladi. Ertaga oʻzi muayyan soha mutaxassisiga aylanganida maktabda olgan bilimlari evaziga oʻzbek tilida ish yuritishga, nutq soʻzlashga, maqola yozishga, va teran fikrlashga qiynalmaydi. Shunga muvofiq, kelgusida DTM testlarining baholash mezonlari ham oʻzgaradi.

4-savol: Ona tili bu qoidadan iborat, buni bilmasa coʻz turkumlarini qanday qilib ajrata oladi?

JAVOB: Soʻz turkumlarining nomini bilish 2 vaziyatda zarur boʻladi:

1. Chet tilini oʻrganayotganda.

2. OTMda filologik yoʻnalishda oʻqiyotganda.

Yuqori sinflarda oʻquvchiga taqdim qilinadigan qoidalarni qisqartirish maqsadida soʻz turkumlarining atamasi (ot, sifat, son, olmosh, ravish, feʼl) oʻquvchiga oʻrgatiladi. Boshlangʻich sinflar esa soʻzlarni soʻroqlash orqali farqlaydilar. Har bir sinfda bunga oid mashq va topshiriqlar berilgan. Shu sababdan soʻz turkumlari oʻrgatilmayapti, deyish asossiz. Asosiy urgʻu soʻz turkumi, ot, sifat, son kabi atamalarga emas, balki ularni nutqda toʻgʻri ishlatishga qaratilgan.

Amaldagi Ona tili darsliklari tahlilga tortilganida turli sinflar kesimida 300 ga yaqin grammatik qoidalar berilganligi aniqlandi. Bu qoidalarning aksari juda murakkab, qolaversa, oʻquvchilar ularni yod olishga majbur boʻlgan. Mutaxassislarning tahlillari shuni koʻrsatdiki, mazkur qoidalarning qariyb 50% i ona tilini oʻzlashtirishda keraksiz ekan. Yaʼni grammatikaga doir bu qoida va terminlar taʼlimiy jarayonlarda ham, xorijiy tillarni oʻzlashtirishda ham, kelajakda davlat tilida ish yuritishda, bir soʻz bilan aytganda, savodli shaxsni tarbiyalashda samarasiz va keraksiz. Oʻquvchilar oliy taʼlimga kirish uchun test sinovlaridan oʻtganidan keyin bu qoidalarni unutadi va hayoti davomida ularga murojaat etmaydi. Xullas, biz shu kunga qadar bolalarga faqat tilshunos mutaxassislar bilishi kerak boʻlgan bilimlarni ham berib kelganmiz. Endilikda oʻquvchi ortiqcha qoida yoki terminni yod olishga majbur boʻlmaydi. U mazkur til hodisasini amaliy jihatdan oʻrganadi. Sodda qilib aytganda, oʻquvchi toʻgʻri gap tuzishga doir uzundan uzun qoidalarni yodlash oʻrniga, bevosita amalda toʻgʻri gap tuzishga kirishadi. Taʼlimiy jarayonda faqat eng kerakli boʻlgan qoidalardan foydalaniladi.

5-savol: “Ona tili va oʻqish savodxonligi” darsligi bilan oʻquvchilarda oʻqish tezligini oshira olmaymiz.

Javob: Endi boshlangʻich sinf oʻquvchilaridan oʻqish tezligi talab qilinmaydi. Milliy oʻquv dasturiga koʻra, endilikda “Ona tili va oʻqish savodxonligi” darsligi orqali boshlangʻich sinf oʻquvchilarga sinflar kesimida oʻqish tezligi boʻyicha maʼlum miqdordagi soʻzni oʻqishi kerak degan talab qoʻyilmaydi. Boisi oʻquvchilar uchun matnni oʻqish tezligi emas, uni tushunish darajasi birlamchi koʻrsatkich sanaladi.

6-savol: Ona tili va oʻqish savodxonligi fanidan baholashda nimalar oʻzgaradi?

1. 2021-2022 -oʻquv yilidan Ushbu fanning 1- hamda 2-sinfidan uyga vazifalar olib tashlangani bois uy vazifalarini baholash bekor qilinadi.

Uyga vazifalarning olib tashlanishiga birinchi sabab ularning amalda samarasiz topshiriqqa aylangani boʻlsa, ikkinchidan darslardan charchab borgan quyi sinf oʻquvchilari uyda koʻproq dam olishlari lozim deb qaralmoqda. Samarasiz topshiriq deganda oʻquvchi bajarib kelgan uyga vazifalar yoʻl-yoʻlakay tekshirilayotgani yoki deyarli tekshirilmayotgani, oʻquvchi xato va yutuqlarini yetarli anglab olishi uchun vaqtning yetishmasligi nazarda tutilgan.

Oʻquvchilar “aʼlo” baho olish uchun yaxshi oʻzlashtiruvchi sinfdoshlari yoki uy vazifalar joylanuvchi turli saylardan koʻr korona koʻchirib kelish holatlari koʻpaygan.

Uy vazidalar baholanmaydi degani bu bola uyda umuman dars qilmaydi degani emas. Fan dasturiga koʻnikmalarni shakllantiruvchi ayrim loyihaviy topshiriqlar kiritilgan. Ota-onasi va yaqinlaridan tegishli mavzularda maʼlumot olib kelish, doʻstiga tabrik xati yozish kabilar shular jumlasidandir.

2. Choraklik baholarni kundalik olingan baholarga qarab qoʻyish amaliyoti bekor qilinadi.

2022-2023 -oʻquv yilidan boshlab kundalik yigʻilgan baholar choraklik bahoga taʼsir qilmaydi. Chunki kundalik baho rivojlantiruvchi ahamiyatga ega, choraklik baho esa erishilgan marrani tekshirish uchun xizmat qiladi. Bu ikki baholashni oʻzaro qorishtirish sifatga taʼsir qiladi.

3. Yillik bahoni choraklik baholar asosida qoʻyish amaliyoti bekor qilinadi.

Yil oxirida oʻqituvchi oʻquvchilar uchun qoʻyilgan minimal talabga javob bera olishini tekshirish uchun imtihon oʻtkazishi lozim. Chunki har chorakdagi baho bu minimal talabni bajara olishi yoki olmasligini yaqqol koʻrsatib bera olmaydi.

4. Bahoga jazo yoki ragʻbat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligi tavsiya etilmoqda. Bolalarni baho bilan qoʻrqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qoʻymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish TAVSIYA etilmoqda.

5. Oʻquvchiga qoʻyilgan har bir bahoga izoh-mulohaza berish talab etilmoqda.

Oʻquvchi olgan bahosining adolatli ekaniga ishonch hosil qilmas ekan taʼlimga nisbatan motivatsiyasi soʻnib boraveradi. Buni isbotlashining eng yaxshi usuli samarali yetkazilgan izoh mulohazadir. Oʻquvchi izoh-mulohaza orqali kamchilik va yutuqlarini yaqqol koʻra oladi. Keyinchalik qanday harakat qilishi kerakligi haqida xulosalar chiqarib oladi.

6. Oʻqituvchi bahoni oʻquvchi sinf bitiruvchisi uchun qoʻyilgan malaka talabni qanchalik yaxshi bajarayotganiga qarab qoʻyishi amaliyoti joriy qilinadi.

Milliy oʻquv dasturida malaka talablari qismi mavjud. Bu malaka talablari oʻqituvchi kitobida ham aks etgan. Oʻquvchilar ana shu malaka talablariga javob bera olishi kerak. Oʻqituvchi endilikda shuni baholaydi. Yaʼni oʻquvchining qoidani bilishi emas, oʻsha qoidadan xulosa chiqarib amalda qanchalik toʻgʻri foydalanishi inobatga olinadi.