Har qanday mamlakat iqtisodiyotini innova sion rivojlantirmasdan turib taraqqiyotning keyingi bosqichiga o'tib bo'lmaydi. Bu esa iqtisodiy rivojlanish modelining o'zgarishini talab etadi hamda milliy va mintaqaviy innovatsion ekotizimni yaratish hisobiga erishiladi.
Ma'lumki, innovatsion ekotizimning asosi va bosh bo'g'ini innovatsiyalar hisoblanadi. Uning eng muhim halqasi ilm-fanni biznes bilan bog'lashga xizmat qiladi. Aslida ilmiy yangilik tijorat mahsulotiga aylangandan keyingina innovatsiya deyishga haqli bo'ladi. Uning tijoratlashtirish jarayoni bilan esa tadbirkorlar shug'ullanadi.
2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovasion faoliyatni rivojlantirish bo'yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi Prezident farmoniga asosan, respublikamizning 13 ta tumani, shu jumladan, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanini innovatsion hududga aylantirish belgilangan. Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini o'zida mujassam etgan “yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning viloyat boshqarmasi hozirgi kunda ushbu tadbirlarni joriy etish ishlarini hamkorlikda yo'lga qo'ymoqda.
Ayni paytga qadar tumanda 11 ta innovasion loyiha shakllantirilgan bo'lib, ularni moliyalashtirishga vazirlik tomonidan jami 10,9 milliard so'mdan ortiq mablag' ajratilishi belgilangan. Bunga qiymati 10,2 milliard so'm bo'lgan tijoratlashtirishga tayyorlash bo'yicha 10 ta va 726,8 million so'mlik bitta startap loyiha kiradi. Shu kungacha 3 ta loyihaga 2,4 miliard so'm mablag' yo'naltirildi.
Ko'pchilikka yaxshi ma'lum bo'lgan yantoq o'simligi cho'l hududlarida o'sadi. Sug'oriladigan erlarda, yo'l, ariq, kanallar bo'ylarida, tashlandiq erlarda, ekinzorlarda begona o't sifatida ham uchraydi. Bo'yi 40 – 110 santimetr, tik, sershox, ildizi er osti suvlarigacha etib boradi.
Lekin hozirgi kunda nafaqat Nishon tumanida, balki vohaning deyarli barcha hududlarida vitaminga boy, to'yimli ozuqa xomashyosi bo'lgan yantoqning 60-70 foizi ozuqaga yo'naltirilmasdan dalalarda qolib ketmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, yantoqdan tayyorlangan un ozuqa birligi arpadan ikki barobar kuchli hisoblanadi.
Holbuki, chorva ozuqasi tayyorlashda yantoq o'simligi xomashyo sifatida qo'llanilishi mumkin. Loyiha tashabbuskori bo'lgan “Shahinabonu xazina barakasi” MCHJ amalga oshirayotgan “Yantoq va qamishdan foydalanib, gidroponika usulida tayyorlanadigan mahsulot asosida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo'jaliklari uchun innovatsion em ishlab chiqarish” loyihasiga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan 1,4 milliard so'm pul mablag'i ajratilmoqda. Uning doirasida 58 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Aholini etarli darajada sifatli chorvachilik mahsulotlari (go'sht, sut, yog') bilan ta'minlash eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, “Quyonchilik klasterida etishtirilgan go'shtdan keng assortimentdagi eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish” loyihasi doirasida “Lucky-Rabbits” MCHJ tomonidan zotli quyonlarni innovatsion texnologiyalar asosida hududiy iqlim sharoitiga genetik moslashtirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri aholining kam ta'minlangan qismida “xonadonbay” usuli orqali zotli quyonlar ko'paytirish va zamonaviy selektsiya yaratilishi ko'zda tutilgan. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan fuqarolarga 40 tadan quyon tarqatiladi. Loyihaga 1,5 milliard so'm mablag' yo'naltiriladi va uning o'zlashtirilishi 30 ta yangi ish o'rni yaratishga yo'l ochadi.
Respublikamizda hozirgi kunda parhezbop non maxsulotlariga talab ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, sohaga yangilik bo'lgan, donli ekinlarni ekstrudatsiya qilish yo'li bilan don tarkibidagi barcha moddalarni yuqori bosim va issiqlik jarayonida ekstruderdan o'tkazib, bug'doy, jo'xori, javdar va boshqa donli ekinlari unidan non mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni ichki va tashqi bozorlarga etkazib berish loyihaning asosiy maqsadlari sirasiga kiradi. Loyiha qiymati 439,84 million so'mni tashkil etadi.
Mahalliy sharoitda etishtiriladigan “Qattiq bug'doy” navidan makaron va qandolat mahsulotlari uchun un tsexi, “Javdari” navidan qora non ishlab chiqarish sexi hamda ularni “Bitta qishloq — bitta mahsulot” tamoyili asosida qadoqlash korxonasi loyihasini tashkil etish Nishon innovasion hududidagi amalga oshirlayotgan yangi loyihalardan yana biri hisoblanadi. Unga 1 milliard so'm mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, buning natijasida 25 ta fuqaroning ish bilan bandligi ta'minlanadi.
Har biri 1,5 millird so'm mablag' bilan ta'minlanayotgan va jami 50 dan ortiq ish o'rni ochilishi rejalashtirilayotgan “Akvaponika uskunalarini ishlab chiqarish va o'rnatish”, “Baliq go'shti va chiqindilarini qayta ishlash asosida baliq uni, oqsili, file va “OMEGA-3” yog'i ishlab chiqarish” loyihalari haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin.
Nishon tumani yurtimizning eng quyoshli hududlaridan biri. Bugungi kunda tabiatning saxiy in'omidan samarali foydalanishga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Xususan, “Haroratni mo'tadillashtiruvchi faol nanokompozitsion qo'shimchali plyonka va quyosh kontsentratori yordamida yoqilg'isiz issiqxonalar tashkil etish” hamda oftob nurlaridan elektr quvvati hosil qilish loyihalari ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Ma'lumki, chigirtkalar barcha qishloq xo'jalik o'simliklari — arpa, bug'doy, oq jo'xori, tariq, makkajo'xori, tamaki, beda, g'o'za va poliz ekinlariga, ayniqsa, katta zarar etkazadi. Birgina joriy yilda Qashqadaryo viloyatining G'uzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Chiroqchi, Yakkabog' va Shahrisabz tumanlari hududida 16,5 ming gektar maydonga bu zararkunandaga qarshi kimyoviy ishlov berildi.
Endilikda chigirtkalar maxsus qopqonlar orqali tutiladi, yig'ib olinadi, innovatsion texnologiya bo'yicha qayta ishlab, maydalab, un tayyorlanadi. Mazkur mahsulot hozir jahon bozorida katta talabga ega. Uning tarkibida oqsil miqdori ko'p bo'lgani bois, mazkur undan butun dunyoda parhezbop oziq-ovqatlar tayyorlashda foydalanib kelinmoqda. Demak ham ekinlar zararkunandalardan xalos bo'ladi, ham foydali, eksportga yo'naltirilgan mahsulot ishlab chiqariladi.
Nishon tumanida faoliyat olib borayotgan “Merry-Cricket” MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan chigirtka unini eksport qilish uchun Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari bilan eksport shartnomasi ham imzolandi. Loyihani tijoratlashtirishga tayyorlash mmaqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan 1,5 milliard so'm mablag' yo'naltirmoqda.
Hozirgi kunda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan bu va boshqa loyihalar bo'yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Kelgusida viloyatning boshqa tumanlarini ham bosqichma-bosqich innovatsion hududlarga aylantirish rejalashtirilmoqda.
Sanjar Berdiyev,
Innovatsion rivojlanish vazirligining
tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni
rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i