Shu yilning 11-oktyabr kuni “NKMK” AJning vakillari ilk bor kombinatning xalqaro korporativ obligatsiyalarni chiqarish va London fond birjasida joylashtirish munosabati bilan tashkillashtirilgan rasmiy tadbirda ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi va hamkor banklar vakillari qatnashdi.
Tadbir avvalida “NKMK” AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov ramziy tarzda korxonaning ilk xalqaro korporativ obligatsiyalarining London fond birjasidagi savdolarini ochib berdi.
Tadbirda Q.Sanaqulov kombinatning xalqaro kapital bozoriga integratsiya qilish jarayonida muhim oʻrin tutgan, ilk xalqaro korporativ obligatsiyalarini muvaffaqiyatli emissiyasiga oʻz hissasini qoʻshgan barcha ishtirokchilarga, shu jumladan, xalqaro banklar hamda London fond birjasi rahbariyati va vakillariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Tadbir yakunida kombinat vakillari London fond birjasining emitentlarni roʻyxatga oluvchi kitobini imzolashdi.
Xalqaro korporativ obligatsiyalarni chiqarish kombinatning jahon kapital bozorlaridagi oʻz oʻrnini egallash va investitsion jozibadorligini oshirish orqali istiqbolli loyihalarni barqaror moliyalashtirishni taʼminlaydi.
Kombinatning xalqaro korporativ obligatsiyalarining xalqaro kapital bozorida muvaffaqiyatli joylashtirilishi, eng avvalo, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar investorlar tomonidan ijobiy baholanayotganligidan dalolatdir.
Xalqaro korporativ obligatsiyalar joylashtirilishidan tushadigan mablagʻlarni kombinatning yirik investitsion loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot uchun: Joriy yilning iyul oyida “NKMK” AJ “S&P Global Ratings” va “Fitch Ratings” reyting agentliklari tomonidan “Barqaror” prognozi bilan ilk marotaba xalqaro “BB—” kredit reytingi darajasida baxolandi. Ushbu bilan birga, “S&P Global Ratings” agentligi kombinatning mustaqil kredit toʻlov qobiliyatini (SASP) “bb+” darajasida baholadi. Bu esa oʻz navbatida xalqaro kapital bozoriga chiqish imkonini yaratdi.
Aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritayotgan kombinat oʻz rivoji uchun investitsiyalarni qimmatli qogʻozlar chiqarish va joylashtirish orqali maqbul shartlarda moliyalashtirish imkoniga ega boʻldi.
Kombinatni xalqaro kapital bozoriga integratsiyalashdan kuzatilgan asosiy maqsad korxonani xalqaro biznes olib boradigan zamonaviy kompaniyaga aylantirishdir.
Jahongir HASANOV,
“NKMK” AJ Bosh direktorining iqtisod va moliya
ishlari boʻyicha oʻrinbosari.