Soʻnggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
2016 — 2019-yillar davomida yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti hajmi — 171,2%, jumladan, meva-sabzavotchilik — 172,6%, chorvachilik mahsulotlari — 170%, oʻrmon va baliqchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish — 177,5 %ga oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 1,4 mln tonnadan oshib, 2016-yilga nisbatan 1,5 barobarga oʻsishga erishildi.
Shu bilan birga, jahon bozorida mahsulotlarga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borishi, respublikamizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash uchun qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qilmoqda.
Bu boradagi ishlarni aniq ilmiy natijalar asosida amalga oshirishni tashkil etish borasida ham izlanishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy ishlab chiqarish markazi, Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlarining tasnifi va iqtisodiy samaradorligi boʻyicha katalog tayyorlandi.
Amaliy qoʻllanma sifatida tayyorlangan mazkur toʻplamda respublikamizning turli hudud va mintaqalari hamda agro-ekologik landshaftlarda yetishtiriladigan noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlarining tasnifi va iqtisodiy samaradorligi (katalog) borasida maʼlumotlar keltirilgan.
Katalogda 40 turga yaqin noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlari, jumladan, sabzavot ekinlaridan – artishok, bamiya, batat, bryussel karami, dorivor melissa, donli ekinlardan – arpa, afrika qoʻnogʻi, joʻxori, marjumak, suli, dukkakli don ekinlardan vika, koʻk noʻxot, madaniy yasmiq, ekma burchoq, ozuqa ekinlardan amarant,bargak (esparset), bersim-misr sebargasi, perko, polba, moyli ekinlardanzigʻir, kunjut, maxsar, raps, rijik, dorivor oʻsimliklardan bozulban, valeriana, gorchitsa oʻsimligi, zaʼfaron, kovrak, topinambur, shirinmiya tritikale singari ekinlarning botanikasi, tarqalish geografiyasi, oʻsish va rivojlanish biologiyasi, parvarishlash va mahsulot yetishtirish agrotexnologiyasi, agrotexnologik jarayonlarni tashkil etish xususiyatlari, oʻtkazishning opimal muddatlari, mahsulot yetishtirish bilan bogʻliq xarajat turlari hamda samaradorlik koʻrsatkichlari batafsil bayon etilgan.
Qoʻllanmadan turli mulk shakliga mansub agrotadbirkorlik subyektlari noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish jarayonlarini ilm-fan va innovatsion yondashuv asosida tashkil etish uchun foydalanishlari mumkin.
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti
ilmiy-ishlab chiqarish markazi Matbuot xizmati