Molibden, volfram, indiy, reniy, palladiy, platina, galliy, talliy... Bu yer qatlamida juda kam uchraydigan elementlarning shartli nomi. Ular 70 dan ortiq metalldan iborat. Deyarli barchasi tarkibi murakkab maʼdanlarda uchraydi, yuqori qiymati bilan ajralib turadi. Masalan, kaliforniy -252 metallining atigi bir grammi million dollarga baholangan. Uning bu darajada qimmatligi noyobligi bilan izohlanadi. Butun dunyoda atigi 5 gramm atrofidagi kaliforniy -252 ni topish mumkin ekan. Qolaversa, bu metall sunʼiy ravishda bir martagina 1958-yili yaratilgan. U radioaktivligi bilan ajralib turadi. Parchalanish davrida juda katta miqdorda energiya ajralib chiqadi.

Ancha murakkab jarayonlar natijasida olinuvchi osmiy metali yetti izotopdan iborat. Har biri turli massa raqamlariga ega – 184 dan 192 gacha, 185 va 191 bundan mustasno. Eng ogʻir 192 izotop tabiiy osmiy umumiy hajmining 41 foizini, 187 izotop esa, atigi 1,6 foizini tashkil etadi. Narxlari ham shunga yarasha. Har bir grammi 200 ming dollargacha yetib boradi.

Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Noyob metallarning aksariyati togʻ jinslarida murakkab birikma sifatida uchraydi. Shu bois ularni ajratib olish uchun zamonaviy texnologiyalar, kuchli bilim hamda yuksak malaka talab etiladi. Bugungi kunda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning 7 ta nodir va kamyob mahsulot boʻyicha ishlab chiqarish texnologiyasiga oid mualliflik huquqiga egaligi uning ilmiy-muhandislik salohiyatidan dalolat beradi.

Bugungi kunda texnogen chiqindilarni qayta ishlash muammosi butun dunyoni tashvishga solmoqda. Mamlakatimiz ham bundan mustasno emas. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham mutaxassislar uzoq vaqtdan beri chiqindilardan foydalanish yoʻlini izlab kelishgan. Faqat keyingi yillarga kelib bu borada muqobili boʻlmagan tajribaga ega boʻlishdi.

2020-yil iyun oyida kombinatda ilk bor sofligi 99,4 foizdan kam boʻlmagan palladiy kukuni olindi. Buning uchun 17 ta texnologik jarayonni bajarishga toʻgʻri keldi. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida past konsentratsiyali elektrolit eritmalaridan yuqori tozalikka ega boʻlgan sof palladiy kukunini ajratib olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi. Samaradorlik ham chakki emas, 80 foizni tashkil etdi.

— Dunyo miqyosida palladiyga boʻlgan talab juda yuqori, — deydi Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish texnologik markazi boʻlimi boshligʻi Zulfizar Mirzanova. — Lekin u har doim ham maʼdanlarda yetarli darajada uchramaydi. Olim-mutaxassislarimiz tomonidan mis ishlab chiqarish chiqindi shlam mahsulotlarining qayta ishlangan elektrolit eritmalaridan qimmatbaho metallni toʻliq va sof holda ajratib olish yangi texnologiyasining yaratilishi bunga imkon yaratdi. Aslida ilmiy tadqiqotlar 2018-yilning noyabr oyida boshlangan edi. Asosiy maqsad texnogen chiqindi – elektrolit eritmalarida, u garchi 1 litrda 50 milligramm boʻlgan taqdirda ham sof palladiy kukunini ajratib olish usulini ishlab chiqishga qaratildi. Vazifa oshirib bajarildi. Ayni paytda hatto 40 milligramm palladiy bir litr eritmada qolganda ham choʻkmaga tushirib olinmoqda. Chunki, kompleks choʻktirish va tozalashning yangi usuli ana shunday samara beryapti.

Bugungi kunda Yaponiya, Xitoy, Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari sanoat bozorida palladiydan unumli foydalanib kelinadi. Ular safiga mamlakatimiz ham qoʻshilayotgani import oʻrnini bosish va eksportni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Dunyo bozorida 1 grammi 60 dollardan ortiq  baholanadigan mazkur nodir metallni ishlab chiqarish sanoati yildan-yilga takomillashib bormoqda. Platinadan ham qimmat yuradigan bu nodir metall asosan tibbiyot, elektronika, mashinasozlik va kimyoviy ishlab chiqarish tarmoqlarida keng qoʻllaniladi.

Jamiyat olim va mutaxassislarining uzoq yillik izlanishlari, ilmiy tadqiqotlari tufayli oʻtgan yili platina ishlab chiqarish texnologiyasi boʻyicha ham mualliflik huquqi qoʻlga kiritildi. Natijada kombinatda oltinga nisbatan yer yuzida uch barobar kamroq uchraydigan noyob metallni tayyorlash texnologiyasini joriy etishga yoʻl ochildi. Shu paytgacha dunyoda 5 ta platina ishlab chiqaruvchi davlat boʻlsa, Oʻzbekiston oltinchi mamlakat sifatida ular safiga qoʻshildi.

Bugun jahon bozorida platinaning 1 grammi 31 dollarga baholanadi va narxi tobora oshib boryapti. U qoʻrgʻoshindan 2 barobar zich boʻlgani holda,  oʻtga chidamliligi, elektr oʻtkazuvchanligi, zanglamasligi tufayli kosmos, tibbiyot, elektrotexnika, shishasozlik, aviasozlik, kemasozlik, avtomobilsozlik uchun oʻta zarur xomashyo sifatida ishlatiladi. Zargarlar esa, biri-biridan nafis buyumlarni tayyorlashda uning olovga bardoshli, qattiq hamda oʻta egiluvchanligi uchun “Rangli metallar malikasi”, deya qadrlaydi.

Yangi loyihalar va xorijiy bozorlarga yoʻl

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning Nodir metallar va qattiq qotishmalar boʻyicha ilmiy ishlab-chiqarish birlashmasi mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan yangi izlanishlar ham eʼtiborni tortadi. Bu yerda 2016-yildan buyon amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar, laboratoriya sinovlari oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, bu yerda besh yillik tadqiqot va mashaqqatli mehnat evaziga 2021-yilga kelib 99,9 foiz sof holdagi reniy metali olishga muvaffaq boʻlindi. Ushbu noyob mahsulot kukunining ajratilishiga aslida Mis eritish zavodining nodir metallar ishlab chiqarish sexida tayyorlanadigan perrenat ammoniy asos boʻldi.

Mendeleyev davriy jadvalining 75-oʻrnida joylashgan bu metall oʻziga xos noyob fizik-kimyoviy xususiyatlarga ega. Masalan, neftni qayta ishlash korxonalarida undan katalizator tayyorlashda asosiy komponent sifatida foydalaniladi. Aviasozlik va elektrotexnika sohalarida esa detallar uchun asosiy element hisoblanadi. Reniy oʻzining noyobligi tufayli hattoki, yadro sanoatida ham asqatadi. Unga inson salomatligini tiklashda ham ehtiyoj borligini inobatga oladigan boʻlsak, kombinat mehnat jamoasi erishgan yutuqning ahamiyati naqadar beqiyos ekani yanada oydinlashadi.

— Asosiy faoliyatimiz volfram va molibden kabi noyob metallar, shuningdek, qattiq qotishma mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat, — deydi birlashmaning ishlab chiqarish boʻyicha direktor oʻrinbosari Ulugʻbek Roʻziyev. — Tayyorlanayotgan volfram va molibden mahsulotlarining 95 foizi Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda Biz mahalliy korxonalar uchun ham oʻtga chidamli mahsulotlar boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratyapmiz. Mahsulotlar asosan poʻlat ishlab chiqarish, mashinasozlikda va harbiy sanoatda qoʻllaniladi.

Mahalliy bozor uchun metalni qayta ishlash sanoatida ishlatiladigan qattiq qotishmalarga ehtiyoj katta. Masalan, 2019-yilda mahalliylashtirish boʻyicha uchta loyiha amalga oshirilgan boʻlsa, 2020-yilda 32 turdagi mahsulot, xususan, mashinasozlik uchun kesuvchi asbob-uskunalar, oʻtga chidamli mahsulotlar, zirxli disklar oʻzlashtirildi. 2021-yilda yana 30 ta loyiha, jumladan, Oʻzbek-koreys ilmiy-texnologik markazi bilan birgalikda oʻtga chidamli mahsulotlar, yangi qattiq qotishmalarni ishlab chiqarish ishlari amalga oshirildi.

Ilmiy asoslangan reja amaliy ishlar bilan uygʻunlashgan taqdirda koʻzlangan samarani beradi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan 2022—2024-yillarga moʻljallangan Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasini rivojlantirish hamda yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish dasturi ijrosi buning hayotiy tasdigʻi. Dasturga muvofiq, korxonada umumiy qiymati 61,52 million dollarlik 30 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu tufayli 2024-yilga borib mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,9 trillion soʻmga yetadi. Oʻsish surʼati esa 10,4-martaga oshadi. 164,2 million dollarlik eksport amalga oshirilib, bu borada 5,4 barobar oʻsishga erishiladi.

Mahalliylashtirish dasturi boʻyicha 132 loyiha oʻzlashtiriladi va oʻsish 4,1 barobarga teng boʻladi. Umuman olganda, 1 ming 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.

Birlashmada 2022-yil va 2023-yilning dastlabki choragida amalga oshirilgan loyihalarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, molibden ishlab chiqarish hajmi 800 tonnadan 1 ming 200 tonnaga yetkazildi. Natijada 17,2 million dollar qiymatda qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarildi, sof foyda 5 million dollarni tashkil etdi. Bunday yutuqqa erishishda oʻtgan yilning may oyida pirometallurgiya sexi tarkibida molibden metalini olish boʻyicha yangi uchastka faoliyatining hissasi katta. Ushbu uchastkada olib borilgan samarali tadqiqot ishlari natijasida sof holdagi, yaʼni 99,97 foizli molibden metali olindi va ishlab chiqarishga joriy etildi. Unga qadar birlashmada 96,4 foizli molibden ishlab chiqarilib kelingan. Ahamiyatlisi, uning soflik darajasi qancha oshsa, narxi ham shuncha koʻtarilib boraveradi. Jahon bozorida oʻtgan yil iyun oyida 1 kilogramm 99,97 foizli molibdenning narxi 46,85 dollarni tashkil etgan edi. Joriy yildagi narxlar ham shu atrofida. Bu korxonada molibden eksportining oʻsish surʼati 2,43 foizga oshishi, yiliga 5 milliard soʻmlik foyda keltirishini koʻrsatadi.

Yana bir eʼtiborli jihati, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi natijasida yangi turdagi kompozit qotishma, yaʼni metall keramika oʻzlashtirildi. Undan sirpanma podshipniklar tayyorlash mumkin. Buning uchun temir kukuni va molibden karbidi asosidagi kompozit qotishmalar ishlab chiqarish uchastkasi ham tashkil etildi. Podshipniklarning afzalligi shundaki, ular uzoq muddat xizmat qiladi va shu yerning oʻzida ishlab chiqarilyapti.

Masalan, doimo ishlatiladigan sharikli podshipnikning xizmat muddati bir oydan oshmasa, taklif qilinayotgan molibden karbidi asosidagi sirpanma podshipnik undan ikki barobar va undan ortiq ham xizmat qiladi. Unga bir yilda oʻrtacha 1 ming 500 dona ehtiyoj boʻlib, bittasining narxi 639 ming soʻm turadi. Avvallari ishlatiladigan bir dona sharikli podshipnik narxi 954 ming 500 soʻm ekanini inobatga olsak, kombinat bir yilda oʻrtacha 473 million soʻmni tejashga erishadi.

Kombinatning Mis eritish zavodi tarkibidagi noyob metallar ishlab chiqarish sexi ham tobora kengayib boryapti. Bu yerda asosan tarkibida miqdori 25 foizdan kam boʻlmagan molibden kuyindisi hamda tarkibida kamida 69,3 foiz reniy boʻlgan perrenat ammoniy olinadi. Yaqinda ushbu sexda mavjud 4 ta pech yana 2 taga koʻpaydi. Ular kombinatning oʻzida ishlab chiqarilgan va asosiysi, quvvati xorijnikiga nisbatan 30 foizga yuqori. Pechlarni oʻrnatish ishlari ham kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchilari tomonidan amalga oshirildi. Shu tariqa, molibden kuyindisini kombinatning oʻzida chuqur qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi, perrenat ammoniy esa toʻliq eksportga joʻnatilyapti. Kelgusida yangi qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasidan keladigan yarim tayyor mahsulotlar ham ushbu sexda qayta ishlanadi.

Ulkan zaxira, yuqori salohiyat va amaliy ishlar uygʻunligi

Kattaqoʻrgʻon shahridan janubi sharqdagi Zirabuloq togʻlarida joylashgan “Ingichka” koni oʻtgan yili “Olmaliq KMK” AJ tasarrufiga oʻtkazildi. Fabrikaning birinchi bosqichi yillik ishlab chiqarish quvvati 100 tonna volfram konsentratini tashkil etadi, 80 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Ikkinchi bosqich doirasida yiliga 285 tonna volfram konsentrati ishlab chiqarishga erishiladi.

Volfram — nodir metallar sirasiga kiradi va qattiq qotishmalar uchun asos hisoblanadi. Undan poʻlatlarni legirlashda, yeyilishga chidamli va issiqbardosh qattiq qotishmalar olishda foydalaniladi. Shuningdek, aviatsiya, kosmonavtika va elektrotexnikada keng qoʻllaniladi. Zichligi yuqori boʻlganligi uchun undan zirhlar ham tayyorlanadi. Hozirgi kunda jahon bozorida 1 kilogramm volframning narxi — 40 dollar.

Birlashmaning asosiy mineral xomashyo bazasi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hududida joylashgan Ingichka volfram koni texnogen chiqindilari hisoblanadi. Bu yerda jami 7 ming 203 tonna volfram uch oksidining zaxiralari mavjud. Ularni qayta ishlash va volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi va ilk volfram mahsuloti olindi.

Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Uchquloch” qoʻrgʻoshin-rux konini sanoat asosida oʻzlashtirish va Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatiga maʼdan yetkazib berish ishlari 1979-yilda boshlangan. Konda rudani maydalash sexi va unda mehnat qiluvchi konchilar uchun qisqa vaqt ichida kichik sanoat shaharchasi barpo etilgan. Qoʻrgʻoshin, ruh rudasi ochiq usulda qazib olinib, vagonlarda Olmaliqdagi kombinatga joʻnatib turilgan. Ammo keyinchalik olib borilgan notoʻgʻri boshqaruv tizimi hamda iqtisodiyot tanazzulga yuz tutishi oqibatida “Uchquloch” koni yopilib ketgan, ularda mehnat qilgan fuqarolar ishsiz qolgan...

Shu yil bahorida konni qayta tiklash loyihasi borasidagi saʼy-harakatlarga start berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi oʻrtasida mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha uch tomonlama shartnoma tuzildi. Shartnomaga koʻra, konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash kabi vazifalar amalga oshiriladi. Buning uchun 200 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilishi, kamida 600 kishi ish bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda jahon bozorida 1 tonna qoʻrgʻoshin narxi 2 ming 128 dollar, ruxning 1 tonnasi esa – 2 ming 810 dollardan ziyod turadi. Qoʻrgʻoshindan asosan akkumulyator batareyalari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Shuningdek, bu mahsulot radioaktiv nurlarni yutishi sababli undan radioaktiv moddalar saqlanadigan idishlar, rentgen xonalari uchun qurilmalar tayyorlanadi. Bundan tashqari, zanglashdan va mexanik taʼsirdan himoya qilish uchun ham elektr kabellar qoʻrgʻoshin bilan qoplanadi.

Rux asosidagi qotishmalar avtomobil salonining ichki qismini bezash uchun, eshik tutqichlari, qulflar, nometall va korpuslarini ishlab chiqarishda ishlatiladi. Rux oksidi avtomobil shinalariga qoʻshiladi va bu kauchuk sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.

– Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna yarim tayyor ruda qazib olinib, loyiha doirasida yaqin kelajakda yiliga 500 ming tonna maʼdanni qayta ishlashga moʻljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi, – deydi “Uchquloch” koni rahbari Aziz Berkinov. – Fabrikada yiliga 5 ming 400 tonna rux hamda 18 ming 400 tonna qoʻrgʻoshin konsentrati olinadi.

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya boʻyicha oʻrinbosari Feruza Hamidovaning maʼlum qilishicha, mis va rux ishlab chiqarishdan hosil boʻladigan tashlanma eritmalardan qoʻshimcha noyob metallar ajratib olish boʻyicha ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy qilish ham rejalashtirilgan. 2023-yilda  rux zavodi jamoasi tomonidan 92 ming tonna rux metali, 105,6 ming tonna sulfat kislotasi, 470 tonna kadmiy metali ishlab chiqarish nazarda tutilgan.

Mis asosida rangli metallarni qayta ishlash hamda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha “Deutsche Innovatsion Texnologiyalar - AGMK” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Qoʻshma korxonada umumiy qiymati 32 million dollar boʻlgan 7 loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar qiymati 3 million dollarlik 1 ta loyiha ishga tushirildi va 25 ta yangi ish oʻrni tashkil etilib, 37,8 milliard soʻm qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarildi.

Ilmiy ishlanmalar asosida yangi turdagi mahsulotlar va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 90,5 million dollar boʻlgan 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar 4 ta loyiha boʻyicha mahsulotlarni (yemirilishga bardoshli qoplamalar asosida qattiq qotishmalar, kobalt oksidi, yuqori tozalikdagi indiy va molibden) ishlab chiqarish texnologiyalari oʻzlashtirildi. Ilmiy ishlanmalar asosida yarim oʻtkazgichlar sanoati uchun asosiy material hisoblanuvchi yuqori sof metallarni ishlab chiqarish bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilmoqda.

Koreya Respublikasining “Nanostructured Materials Laboratory” laboratoriyasida yemirilishga bardoshli choʻyan, poʻlat va modifikatsiyalangan marganesli poʻlat namunalari ishlab chiqilib, sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Yangi qotishmalarning mexanik xususiyatlari boshqalariga nisbatan 70 foizgacha oshirildi va ishlab chiqarishga joriy etildi.

Rux zavodida ikki xil usulda indiy metalini ajratib olish tajribasi ijobiy natija berdi. Endilikda uning sanoat darajasida ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilyapti. Yuqori soflikdagi tellur, selen va rux ishlab chiqarish boʻyicha laboratoriya ishlari ham yakunlanib, vodorod muhitida qizdirish hamda distillyatsiya usulida 99,995 foizli sof namunalar olindi.

Bu kabi loyihalarning milliy sanoatimiz rivoji va eksport salohiyatini oshirishga doir yana koʻplab maʼlumotlarni keltirish mumkin. Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, beixtiyor AQSHning Kaliforniya shtati San-Fransisko shahridan uncha uzoq boʻlmagan “Silikon vodiysi” (yoxud “Kremniy vodiysi”) nomi bilan mashhur hudud yodga keladi. 

Kaliforniya iqtisodiyotini oʻrganish markazi ekspertlari bergan maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda bu yerda dunyoning yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadigan eng yirik 20 ta kompaniyasi, minglab turli firma va tashkilotlar joylashgan. Bir paytlar qishloq xoʻjaligiga moslashtirilgan mazkur hudud San-Fransisko koʻrfazidan to San-Diego shaharchasigacha boʻlgan 40 kilometr masofaga choʻzilgan. Vodiyning yuragi esa Palo-Altodagi Stenford ilmiy tadqiqotlar universiteti hisoblanadi. Unda 1940-yillardanoq elektronika sohasida koʻplab izlanishlar olib borilgandi. Elektron hisoblash mashinalarining dastlabki yirik ishlab chiqarish korxonasi ham aynan shu yerda IBM kompaniyasi tomonidan 1956-yilda qurilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Silikon vodiysi yuqori texnologik ishlab chiqarish (jumladan, radioelektronika va kosmik kemalar yaratish sohalari) va yuksak darajadagi hayot tarzining uygʻunlashuvini ifoda etuvchi tushunchadir.

Har bir oʻxshatish koʻp jihatdan uygʻun kelavermasligi mumkin. Olmaliqni hozircha Kaliforniya bilan solishtirib boʻlmas. Lekin bir umumiylik koʻzga tashlanadi: yuksak salohiyat va texnologiyalar oʻz samarasini beryapti. Rejalar esa, oʻta mahobatli va juda ulkan.

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovning qayd etishicha, 2026-yilga borib mis sanoati klasterini tashkil etish orqali mis va undan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 3-martaga koʻpaytirish rejalashtirilgan. Oʻzbekistonning ushbu sohadan olgan daromadi ayni paytda 2,8 milliard dollarni tashkil etadi. 2026-yilga borib mis ishlab chiqarish 400 ming tonnagacha oshirilib, daromad turdosh tarmoqlarni hisobga olgan holda, 8 milliard dollarga yetkaziladi.

Xalqaro ekspertlarning baholashicha, 2030-yilga borib dunyo miqyosida transport vositalari, maishiy texnika va qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishning oʻsishi tufayli misga boʻlgan talab 40 foizga oʻsadi. Bu mamlakatimiz mis sanoatining istiqboli yanada porloq ekanini namoyon etadi.

Ayni kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish ishlari jadal olib borilyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihalarning umumiy qiymati 15 milliard dollarga teng. 3-, keyinchalik 4- va 5-mis boyitish fabrikalarini, shuningdek, yangi metallurgiya majmuasini barpo etish uning uzviy davomi hisoblanadi.

Mazkur mega loyihalarni amalga oshirishda metallurgiya va nodir metallarni qayta ishlash sohasida dunyoda katta nufuzga ega boʻlgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, ularning investitsiyalarini jalb qilish va texnologiyalarini joriy etish muhim oʻrin tutadi.

Mavzuga qaytadigan boʻlsak, tahlillar “Olmaliq KMK” AJda texnogen chiqindilardan nodir mahsulotlar ishlab chiqarish qamrovi va eksporti tobora kengayib borayotganini koʻrsatmoqda. Mazkur kombinat rahbariyati, olim va mutaxassislarning yuqori ilmiy salohiyati, yuksak texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan innovatsion yondashuvlari dunyoda hozircha muqobili boʻlmagan noyob metallar “vodiysi”ning yanada barq urishiga zamin yaratmoqda.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi