Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

    Hujjatlar 12 Sentabr 2024 4274

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbek xalqining buyuk qomusiy olimi, Temuriylar davlatining mashhur hukmdori Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek o‘zining boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan yurtimiz taraqqiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy siymodir.

    O‘rta asrlarda ona zaminimizda yuzaga kelgan ikkinchi Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi hisoblangan Mirzo Ulug‘bek uzoq yillar o‘z saltanatini adolat va insonparvarlik g‘oyalari asosida boshqarish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratdi. Uning tashabbusi va homiyligi ostida ko‘plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko‘priklar hamda so‘lim bog‘lar barpo etildi. Natijada o‘lkamiz har tomonlama taraqqiy etib, Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan diyoriga aylandi.

    Mirzo Ulug‘bek matematika, fizika, tarix, me’morchilik sohalarida ulkan natijalarni qo‘lga kiritdi. Buyuk alloma, ayniqsa, Samarqand shahridagi o‘zi bunyod ettirgan rasadxonada amalga oshirgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlari va kashfiyotlari bilan jahon astronomiya fanining rivojida tub burilish yasadi. Ulug‘ vatandoshimizning ana shunday izlanishlari natijasida yuzaga kelgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari hozirgi paytda ham yulduzlar ilmi sohasida dunyodagi eng buyuk asarlardan biri sifatida e’tirof etilib, olimlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

    Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ko‘plab tadqiqotlar, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Uning davrida bunyod etilgan me’moriy obidalarni asrab-avaylashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

    Bugungi kunda yurtimizdagi ko‘plab aholi yashash maskanlari, ta’lim muassasalari, poytaxtimizdagi yirik tuman Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Mamlakatimiz va xorijda olimning muazzam haykallari o‘rnatilgan.

    Buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mazmun-mohiyatini, ularning yosh avlod intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish va shu asosda Yangi O‘zbekistonning munosib bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda Mirzo Ulug‘bek ilmiy-ma’rifiy merosini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada chuqur o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida:

    1. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilikning 2024 yilda Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    2. Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

    3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov):

    a) bir hafta muddatda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar дaстурини mas’ul ijrochilar va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda tasdiqlasin:

    mamlakatimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq ob’ektlarni, shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek sharafiga barpo etilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish;

    alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratish;

    Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlab “Jahon tamadduni rivojida Mirzo Ulug‘bek ilmiy-ma’rifiy merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-adabiy tadbirlar o‘tkazish;

    davlat teatrlari va talabalar teatr-studiyalarida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid spektakllar sahnalashtirish;

    Mirzo Ulug‘bekning boy merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek tilida nashr qilish;

    Mirzo Ulug‘bek siymosi tasvirlangan, uning shaxsi, davlat arbobi sifatidagi faoliyati va allomaning ilmiy-ma’rifiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali axborot vositalarini tayyorlash, media mahsulotlar va audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, internet hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish;

    O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, o‘zbek milliy madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi sifatidagi faoliyati va ilmiy-ma’rifiy merosi, uning insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etish;

    b) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Samarqand shahrida 2024 yil 10-11 oktyabr kunlari “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishini tashkil etsin. Bunda xalqaro konferensiyani o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Samarqand viloyati hokimligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan teng ulushda qoplanadi.

    4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosini tadqiq etishga oid ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar тaнловини e’lon qilsin;

    Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan allomaning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida, “To‘rt ulus tarixi” nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasi qayta nashr qilinishini tashkil etsin;

    Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy maqolalar тaнловини o‘tkazsin.

    5. Fanlar akademiyasi 2024 yil oktyabr oyida:

    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida Mirzo Ulug‘bek asarlari nashrining тaқдимотлaрини o‘tkazsin;

    Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Mirzo Ulug‘bek davriga oid asarlar qo‘lyozmalarining кўргaзмaсини tashkil etsin;

    O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Mirzo Ulug‘bek haqida yaratilgan “Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film тaқдимотини uyushtirsin.

    6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar Mirzo Ulug‘bekning hayoti, uning davlat arbobi sifatidagi faoliyati hamda jahon ilm-fani va tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mehnat jamoalarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

    7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

    8. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari, ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

    9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2024 yil 12 sentyabr