23-mart kuni Kiyev tomonidan qabul qilingan AQSh-Ukraina o'rtasidagi mineral resurslar bo'yicha yangi shartnoma loyihasi Vashingtondan Ukrainaning mineral resurslari va energetika aktivlari ustidan nazoratni o'rnatish bo'yicha ancha tajovuzkor talablarni o'z ichiga oladi. Biroq, hujjatda hech qanday xavfsizlik kafolatlari mavjud emas. Bu haqda 27-mart, payshanba kuni Financial Times gazetasi va Bloomberg agentligi xabar berdi. Ikkala OAV ham ularning tahririyatlari bitim loyihasini ko'rib chiqishga muvaffaq bo'lganini ta'kidlamoqda.
Aniqlik kiritilishicha, kelishuv Ukrainaning barcha mineral resurslari, jumladan, neft va gaz, shuningdek, butun mamlakat bo'ylab asosiy energetika resurslariga taalluqli bo'lishi kerak. Kelishuv, shuningdek, tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog'liq bo'lgan yo'llar, temir yo'llar, quvurlar, bandargohlar va qayta ishlash zavodlari kabi infratuzilmani ham o'z ichiga oladi, deb xabar berdi FT.
Nashrning yozishicha, tegishli loyihalardan olingan mablag'lar xorijiy valyutaga aylantirilib, xorijga jo'natilishi kerak, kechikishlar yoki kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda kompensatsiya uchun Ukraina javobgar bo'ladi, deyiladi xabarda. Ukrainaning neft, gaz va foydali qazilmalarni qazib olish loyihalaridan tushadigan daromadlari maxsus investitsiya jamg'armasi tomonidan ikki davlat o'rtasida taqsimlanadi.
FT ma'lumotlariga ko'ra, AQSh unga o'tkazilgan foydani birinchi bo'lib oladi va infratuzilma loyihalariga ustuvor huquqlarni, shuningdek, resurslarni uchinchi shaxslarga sotishga veto qo'yish huquqini saqlab qoladi, deb xabar beradi dw.com.
Bloombergning aniqlik kiritishicha, kelishuv loyihasiga ko'ra, investitsiya jamg'armasi Amerikaning Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) tomonidan nazorat qilinishi kerak. U direktorlar kengashining besh a'zosidan uch nafarini tayinlaydi va “oltin aksiya”ga ega bo'lib, muayyan qarorlarni bloklash huquqiga ega bo'ladi. “Ukraina yana ikki nafarini (direktorlar kengashi a'zolari) tayinlaydi va jamg'armaning kundalik boshqaruviga aralasha olmaydi”, deb ta'kidlaydi mualliflar.