“Hurriyat”ning shu yil 13-oktyabr 41-sonida taniqli jurnalist Bahrom Roʻzimuhammad qalamiga mansub “Men dardimni kimga aytsam… yoxud jiddiylik odamni zeriktiradi” sarlavhali maqolasini oʻqib, oʻyga toldim. Quyidagi satrlar idrokimda koʻp aylandi: “Men kuni kecha otamakonda — Xorazmda kechayotgan obuna jarayonlari bilan qiziqdim. “Gazetamizga bu yil hech kim obuna boʻlgani yoʻq. Biz obuna degan gapni deyarlik unutib yubordik. “Ezgu soʻz”ni oʻz pulimizga nashr qildirib, bepul tarqatyapmiz. Ahyon-ahyonda doʻstlarimiz koʻmaklashib turadilar, — dedi mazkur gazetaning bosh muharriri Qadamboy Solayev”.

Xorazmliklar bu nashrni juda yaxshi biladilar: “Ezgu soʻz” — xususiy gazeta. Agarda har payt-har paytda “koʻrinish” bermasalar gazeta yopilib qoladi. Binobarin, kam nusxada boʻlsada, bir amallab chiqarmoqdalar. “Saqlab turibdilar” desam, mantiqqa monand kelar. Xoʻsh, “Ezgu soʻz” xususiy ekan deylik, viloyat hokimligi egasi boʻlgan “Xorazm haqiqati”ning ahvoli qanday? Tuman gazetalariningchi? Bahrom Roʻzimuhammad taʼkidlagan oʻsha “Shovot istiqboli” gazetasi 2020-yil hisobiga bor yoʻgʻi, toʻqqiz marotaba nashr etilibdi. Atigi toʻqqiz! Joriy yildagisini bilmadim.

Endi haqli ravishda savol tugʻiladi: deylik, toʻqson yilning nari-berisida chop etilib kelayotgan tuman gazetasi nega aynan hozirgi kunda yopilib ketishi kerak? Har bitta tuman nashrining oʻziga xos tarixi borku, axir?! Biz hammamiz oʻsha “kichkina” gazetalarga xabar, maqola, lavha, ocherklar yozib, katta boʻlganmiz. Nega oʻsmirligimiz esdaligi sanalmish tuman “koʻzgu”lari sinishi kerak?

Shu xususda gapirsangiz, internet borku, istalgan maʼlumotingizni internet saytlaridan bemalol olishingiz mumkin, deydilar. Har holda, shunga oʻxshagan iddaolarni koʻp eshitamiz. Xorijiy davlatlarda internet yoʻqmi? Aslida, bundan yigirma yillar avval ham Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi turmushi bizga yaqin davlatlarda elektron matbuot gurkiragan. Shularga yondosh shaklda bosma matbuot ham taraqqiy qilaverganda!

Har gazetaning oʻz ifori bor. Shunday ziyolilarni taniyman: qirqinchi-elliginchi yillardagi gazetalar taxlamlarini asrab qoʻyishgan. Bu ham bir solnoma. Alalxusus, oʻzbek jurnalistikasining boshlangʻich boʻgʻini hisoblanadigan tuman gazetalarini qoʻldan boy bermaslik joiz. Tumanlardagi xususiy mulk egalari oʻzlarining xos nashrlari iqtisodiga koʻmak bersalar, vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlagan boʻladilar. Obuna-ixtiyoriy, lekin vatanparvarlikchi?

Toʻgʻri, keyingi davrlarda oʻzbek jurnalistikasi janr jabhasida kambagʻallashib bormoqda. Masalan, 1970-1980-yillarda tuman, viloyat, respublika gazetalarida xabar, maqolalardan tashqari lavha, reportaj, ocherk, felyeton janrlari gullab-yashnagan edi. Hozirchi? Hozir diqqatni tortadigan biror lavha yoki ocherkka koʻzimiz tushmaydi. Felyeton janri unutildi hisob. Yaqin oʻtmish matbuotining foydali jihatlari qayta tiklansa, muxbirlar qalami tagʻin charxlanardi.

Avvallari “material” tanqisligi voqelikka koʻchmagan edi. Deylik, viloyat va respublika gazetalari tahririyatlari boʻlim mudirlarining gʻaladonlarida oʻnlab-yuzlab xatlar, maqolalar taxlanib yotganiga guvoh boʻlganman. Shulardan tanlab-tanlab berilardi. Yana deng, “maqolalarga obzor” otligʻ rukn amalda edi. Ayrim havaskor muxbirlar “ism-familiyamni obzorda koʻrdim” deb maqtanib yurardilar.

Viloyat, tuman gazetalarining shtatsiz muxbirlari boʻlardi; qishloqlarda “Shtatsiz muxbirlar postlari” tashkil qilinib, faol muxbirlardan biri post boshligʻi vazifasini bajarguvchi edi. Birinchi nav batda tuman gazetasi, radiosi xodimlari, shtatsiz muxbirlar viloyat, respublika gazetalarini zoʻr ishtiyoq ila oʻqir edilar, tahririyatlarga xat yozishardi, xat olishardi. Bugunchi? Bugun… ochigʻini aytaman — tumanlarda “Hurriyat” gazetasini oʻqimaydigan, lofga yoʻymang — yuzini ham koʻrmagan hatto jurnalistlar bor.
Afsuski, shunday — gazeta chiqaradigan, hayotlari gazetalarga qorishiq jurnalistlarning oʻzlari gazeta oʻqimasalar, boshqalardan nimani kutish mumkin?

Xoʻjakoʻrsinga gazetaga intiladiganlar ham yoʻq emas. “Biz falon tashkilotga hisobot berishimiz kerak. Pullik xizmat joriy qilinsa… Masalan, gazetangizning oʻn-oʻn besh nusxasini chiqarishga yordamlashamiz” deydiganlar bor. Ular yigirma-oʻttiz nusxa atrofida bosiladigan “minigazetalar”ni istaydilar. Matbuot, xalq taqdiri, xususan, yoshlar taqdiri koʻngil ishiga aylanmayaptida axir?!

Uchinchi Renessans matbuotdan jabha olgani tarixiy haqiqatdir. Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Maqsud Shayxzoda kabi ulugʻ adiblarimiz oʻz davrlarida publitsist ham boʻlganlar. “Achchiq” maqolalar yozganlar. Millat taraqqiyoti koʻyida yonib yashaganlar. Yetmishinchi-saksoninchi yillarda ham bu anʼana uzilgan emas. Xorazmda Egam Rahim, Erkin Samandar, Fozil Zohid singari koʻplab adiblar matbuot jabhasida ishlab, aqlu zakovati neʼmatlarini xalqqa tortiq etganlar. Ayni davrda ijodkorlar ham matbuotdan tobora uzoqqa ketmoqdalar.

Soʻzimni oxirida shuni aytmoqchimanki, taniqli ijodkor Bahrom Roʻzimuhammadning yuqorida sarlavhasi zikr etilgan izhornomasi “yolgʻiz ot” boʻlib qolmasligi darkor. Boisi, maqolda aytilganiday: “Yolgʻiz otning changi chiqmas, changi chiqsada dongʻi chiqmas”. Alhol, “Hurriyat” gazetasi chorlovlarini har bir qalamkash, har bir ziyoli qoʻllashi, quvvatlashi joiz. Shundagina toʻqson-yuz yilning nari-berisida shakllangan, cayqallangan jurnalistikamizni omon-eson saqlab qolishga erishamiz.

Sherjon Masharipov, “Xiva tongi” gazetasining bosh muharriri.