Quvonarlisi, qo‘lyozmalar orasida Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asari turkiy tarjimasi ham bor. Ushbu tarjima o‘zbek adabiyoti va tarjimonlik maktabiga ulkan hissa qo‘shgan Muhammadrizo Ogahiy qalamiga mansub dastxat ekani aniqlandi.
Ilm-fan, adabiyot, san’at tarixida tarjimalarning o‘rni beqiyos. Ular tufayli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasida almashuvlar bo‘lgan. Shukrki, bugungi O‘zbekiston zamini ham asrlar davomida tarjimonlik rivojlangan maskan bo‘lib kelgan. Biroq bu tarix to‘liq va tizimli o‘rganilgan, deya olmaymiz. Afsuski, yurtimizdagi tarjimonlik jarayoni adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarixshunoslik nuqtai nazaridan qoniqarli tavsiflangan. XX asr o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistondagi tarjimonlik maktabi tarixiga doir tadqiqotlar olib borilgan. Ammo bu ummondan bir tomchi xolos. Jumaniyoz Sharipov, Subutoy Dolimov, Gʻaybulla As-Salom tadqiqotlari tamaltoshi hisoblansa, Vahob Rahmon, Najmiddin Komilov singari yirik olimlarimiz tomonidan tarjima nazariyasining umumiy xususiyatlari va qonuniyatlari tavsiflangan.
Tarjima maktablari Markaziy Osiyo mintaqasida har doim ham bir yerda taraqqiy etmagan, hududlar o‘zgarib turgan. Sulolalarning ilm-fan va adabiyotga rahnamolik jug‘rofiyasini tadqiq etish alohida masala.
So‘zsiz, XIX asrdan to XX asr boshlariga qadar Xiva xonligi tarjima maktabining peshqadami edi. Xonlikda qalam ahliga aloqadorlar tarjima ishiga jalb qilingan. Hatto bir asarning 5 xil tarjimasi bo‘lishi mumkin edi, tarjimon mahorati esa saroyda xon boshchiligidagi ilmiy kechalarda baholanardi. Eng yaxshi tarjimaga xon va saroy ayonlari tomonidan pul mukofoti va sovg‘alar berilgan.
Muhammadrizo Ogahiy (1809-1874) Markaziy Osiyo tarixida eng sermahsul ijodkorlardan biridir. U tarixchi, shoir va tarjimon sifatida oltita tarixiy asar, bitta devon va o‘n to‘qqizta tarjimani meros qilib qoldirgan.
Ogahiy Xiva xonligi Qo‘ng‘irotlar sulolasining (1804-1920) fors tilidan turkiy tilga tarjima qiluvchi tarjimonlar maktabi peshqadami edi. U ijodini fors tilidan tarixiy asarlarni tarjima qilishdan boshlagan va mahorati oshib borgan sayin badiiy asarlarni nazmdan nasrga o‘girgan. Bugungi kunga kelib Ogahiy hayoti va ijodining salmoqli qismi yaxshi o‘rganilgan. Ammo adibning tarjima asarlarini zamonaviy talablar asosida tadqiq qilishga ehtiyoj sezilmoqda.
Muhammadrizo Ogahiyning tarjimon ekani haqidagi ilk ma’lumot vengriyalik olim Arminiy Vamberi (1832-1913) tadqiqotida keltirilgan. Arminiy Vamberi Xorazmda she’riyatga bo‘lgan katta qiziqish to‘g‘risida gapira turib, bunday yozadi: “Xivada men ikki aka-uka bilan tanishdim. Biri Munis bo‘lib, u ajoyib she’rlar yozgan, men ularning ayrimlarini keyinchalik nashr qildirmoqchiman. Ikkinchisi Mirob. U ulkan sabr bilan Mirxondning katta tarixiy asarini o‘g‘li uchun, garchi o‘g‘lining o‘zi ham fors tilidan xabardor bo‘lsa-da, o‘zbek turkiy lahjasiga o‘girmoqda. Bu ish 20 yil davom etgan, lekin u buni biror kimsa oldida e’tirof etishdan uyalardi, zero, diniy ilmlardan boshqasi bilan shug‘ullanish yuzakichilik hisoblanadi”.
Ushbu iqtibosdan ma’lum bo‘ladiki, Ogahiy Mirxondning “Ravzat us-safo” asarini ko‘p yillar davomida tarjima qilgan va boshqa tarjimonlarga ham bosh-qosh bo‘lgan. Ogahiy fors tilidan o‘n sakkizta va usmoniy turkchasidan bitta asar tarjima qilgan. Yirik olim Yu.Bregel (19252016) tarjima asarlarning yillar ketma-ketligini aniqlashga qiynalgan edi. Ammo ogahiyshunos olim N. Toshev bu xronologiyani shoir o‘z devonida ketma-ketlikda berganini aniqlagan.
Sa’diy Sheroziyning (1210–1292) dunyoga mashhur asarlaridan biri “Guliston” tarjimasi shahzoda Muhammadrahim II buyurtmasi bilan amalga oshirilgan. Fors-tojik adabiyotida Sa’diyning maqomi juda yuksak. Xususan, “Bo‘ston” (1257) va “Guliston” (1258) asarlari unga olamshumul shuhrat keltirdi.
“Guliston” sakkiz bobdan iborat bo‘lib, uning tarkibiy tuzilishi quyidagicha: debocha; birinchi bob — podshohlar siyrati zikrida: ikkinchi bob — darveshlar axloqi zikrida; uchinchi bob — qanoat fazilati zikrida; to‘rtinchi bob — sukut saqlashning foydalari zikrida; beshinchi bob — ishq va yoshlik zikrida; oltinchi bob — qarilik va zaiflik zikrida; yettinchi bob — tarbiyat ta’siri zikrida; sakkizinchi bob — suhbat odobi zikrida.
Sa’diyni g‘azal janrining kashshofi va ustodi sifatida ham ulug‘lashadi, chunki ungacha forsiy sheriyatning yetakchi janrlari qasida, doston, masnaviy, qit’a va ruboiy edi. Rudakiy, Sanoiy, Xoqoniy, Jamoliddin va Kamoliddin Isfahoniy ko‘plab g‘azallar yozgan bo‘lsa-da, ular qasida va qit’a xarakteriga ega bo‘lib, o‘z aro mustaqil alohida baytlardan g‘azal yaratish an’anasini Sa’diy boshlab berdi. U g‘azalchilikdagi o‘zigacha olib borilgan izlanish va taj ribalarni rivojlantirib, g‘azalni takomilga yetkazdi. “Guliston”ga ergashib ko‘plab asarlar yozilgan, lekin ulardan faqat 3 tasi: Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”i, Majiddin Xofiyning “Xoriston”i, Habib Qooniyning “Parishon”i shuhrat qozongan.
Sa’diy Sheroziyning ushbu asari tarjimasi turli davrlarda o‘zbek tiliga Sayfi Saroyi, Muhammadrizo Ogahiy, Mulla Murodxo‘ja Solihxo‘ja, Gʻafur Gʻulom va Shoislom Shomuhammedov, Rustam Komilov tomonidan tarjima qilingan. Yaqinda asarning filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov tomonidan yana bir turkiy tarjimasi aniqlandi. Tarjima o‘rta asrlarda qarluq lahjasida Oltin O‘rdada amalga oshirilgan, degan fikr ilgari surildi.
Ogahiy tarjimasining 3 ta qo‘lyozmasi ma’lum bo‘lib, 2019 yilda asarning yana bir qo‘lyozmasi aniqlandi. Yetuk olimlarimiz Vahob Rahmon va Najmiddin Komilovning ilmiy ishlarida Ogahiyning aynan shu tarjimasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi va shoirning mahorati yuksak baholanadi.
Qo‘lyozma sharq qog‘oziga ko‘chirilgan, hoshiyalarda tuzatish va qo‘shimchalar bor. Asar tarjimasi to‘liq — 220 varaq. Asosan, she’r tarjimalarining qo‘shimchalari hoshiyada berilgan, bu ham, o‘z navbatida, shoir dastxati ekanidan dalolatdir. Qo‘lyozmada kolofon yo‘q bo‘lib, hijriy 1279/1862-1863 yillar sanasi ko‘rsatilgan.
Ogahiy dastxatlarida deyarli har doim kolofon mavjud bo‘lmaydi. Ayni holatni faqat Ogahiy dastxatiga nisbatan emas, balki Xiva xonligida bitilgan boshqa dastxat nusxalar uchun ham xos, deya olamiz. Aftidan, mazkur jihat o‘sha davr Xiva xonligi kitobat ishining o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi mumkin.
Uning dastxatini mutaxassislar tomonidan tez aniqlash uslublari mavjud. Avvalo, dastxat nusxalari kolofonlarida kotib ismi ko‘rsatilmaydi. Qo‘lyozma yozuvi nufuzli tadqiqotchilar tomonidan Ogahiy dastxati sifatida baholangan va u shoirning boshqa qo‘lyozmalardagi yozuv uslubi bilan bir xildir. Ogahiyning dastxati uni osonlik bilan tanib olish mumkin bo‘lgan qator xususiyatlarga ega. “Hoyi xutti” ح, “nun” ,ن “sin” س kabi harflar yozilishi hamda hamza ء belgisidan foydalanuvdagi o‘ziga xosliklarga qarab Ogahiy dastxatini ajratib olish mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, biz ko‘rib o‘tayotgan qo‘lyozma to‘ldirish va o‘chirishlar bilan ko‘chirilgan. Buning sababi mazkur nusxaning qoralama ekanidir. Unda Markaziy Osiyo mintaqasiga xos va Ogahiyda ham uchraydigan imloviy farqlarni ko‘ramiz.
Ogahiyda: (arabcha so‘z birlikl arida) So‘zning to‘g‘ri yozilishi:
نصرت عیسا سراه خذف نصرة عیسی ثراه خزف
Ushbu topilgan dastxat nusxasini boshqa qo‘lyozmalar bilan solishtirish lozim. Ogahiy davlat arbobi, miroblik kasbida rasman faoliyat yuritganiga qaramay, Qo‘ng‘irot xonlari uni o‘tkir qalam sohibi, tarjimon, shoir va muarrix sifatida qadrlashgan. Adibning salmoqli ijodini tarjimonlik faoliyati tashkil qilgan bo‘lsa-da, uning ushbu qirrasi hali to‘laligicha yoritilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, O‘rta Osiyo turkiy tiliga “eng ko‘b va eng xo‘b” tarjima qilgan mutarjimning faoliyati chuqur tadqiqotlarga tortilishi lozimligini ko‘rsatadi.
Hilola NAZIROVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
Dilmurod BOBOJONOV,
Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodim