Oila va xotin-qizlar masalasida onlayn seminar tashkil etildi

    Mamlakatimizda 29 Mart 2022 2166

    Kuni kecha “Zoom” platformasi orqali Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari tarkibi, tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarlari – oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari uchun onlayn seminar tashkil etildi.

    Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamkorligidagi tadbir Qoʻmita faoliyatini rivojlantirish, tizimda ishni toʻgʻri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan masʼul xodimlarning koʻnikma va malakalarini oshirishga qaratildi.

    Unda Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Q.Kuranbayev, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Kadirxanova, Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.Maxkamova, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari O.Xasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Seminar avvalida ishtirokchi xotin-qizlar masʼuliyatli vazifalarda oʻz faoliyatini boshlagani bilan qutlandi. Shundan soʻng Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar, amalga oshirish zarur boʻlgan masalalar xususida soʻz yuritildi.

    Oʻz navbatida, M.Kadirxanova tadbirda maʼruza qilib, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish masalalariga toʻxtaldi.

    – Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi, – deydi Senatining Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Kadirxanova. — Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, soʻnggi yillarda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 40 ga yaqina qonun hujjati qabul qilingani, Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Aynan shu koʻrsatkich boʻyicha yurtimiz dunyo davlatlari orasida top-50 talikdan oʻrin olgani qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.