Oliy ta'lim: хalqaro hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda

    Ta'lim 20 Yanvar 2021 2404

    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-avgustda Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi chogʻida kengaytirilgan tarkibdagi ikki tomonlama muzokaralar doirasida taʼlimga oid hujjatlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida ham bitimlar, ilmiy-texnika, lT sohalari, mintaqalararo hamkorlikka oid koʻplab hujjatlar imzolangan edi.

    Belarus davlat texno­logiya universiteti (BDTU)ning biotexnologiya, texnologik ­jarayonlar, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, informatika va axborot ­texnologiyalari yoʻnalishlariga ta­labalarni 2-2 formatda qabul qilish oʻzaro hamkorlikning muqaddimasi boʻldi. Shu bilan birga mazkur oliy oʻquv yurti bilan mashinasozlik va mexanika yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha kelishuvning yoʻlga qoʻyilishi taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalarimizni yangi bosqichga koʻtardi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatimiz sanoat tarmoqlari uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, oliy va kasb-hunar taʼlimini oʻqitish shakllarini ishlab chiqish, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini oʻquv jarayoniga joriy etishdir. Bundan tashqari, BDTU bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish, bakalavriat taʼlimining tegish­li yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha darslik, oʻquv qoʻllanma va materiallar nashr etish, oʻquv-uslubiy ishlarning sifati va darajasini oshirish, taʼlim va fan uygʻunligiga erishish kabi bir qator masalalarda birgalikda faoliyat yuritishga kelishib olindi. Bugungi kunda bu boradagi oʻzaro hamkorlik muvaffaqiyatli davom etmoqda.

    Belarus milliy texnika universitetining birinchi prorektori Georgiy Vershin rahbarligidagi delegatsiya universitetimizda boʻldi. Ikki oliy oʻquv yurti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy-texnologik texnopark, qoʻshma fakultet va malaka oshirish markazlari borasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar tasdiqlandi. Hozir ana shu kelishuv shartlari toʻla bajarilmoqda.

    Universitetimizda ilmiy-­texnologik park yaratish lo­yihasi yuzasidan ikki hamkor oliy taʼlim dargohining ilmiy innovatsion faoliyatini integ­ratsiya qilish, tajiribalarini keng yoyish, talaba, magistrant va doktorantlar ishtirokida yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari kenga­yib boryapti. Erishilgan kelishuvlarning natijasi sifatida bugungi kunda ikki universitet qoʻshma fakultetida tahsil olayotgan 113 talabaning 58 nafari keyingi oʻquv yilidan boshlab tahsilni Belarus milliy texnika universitetida davom ettiradi.

    Oʻzaro aloqalarni yana-da kengaytirish, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, ikki universitet oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, shu bilan birga, Belarus milliy texnika universiteti tashkil topganligining 100-yilligida ishtirok etish uchun Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov rahbarligida bir guruh professor-oʻqituvchilarimiz 2020-yili dekabrda Minsk shahrida boʻldi. Ular universitet erishgan yutuq va yangilik­lar, mexanika fakulteti laboratoriyalari bilan tanishdi. Kengaytirilgan yigʻilishda oʻzaro hamkorlikni yana-da kengaytirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Oʻtgan davrda hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi.

    Belarus milliy texnika universiteti ilmiy kengashi qaroriga muvofiq, ikki oliy taʼlim dargohi oʻrtasidagi hamkorlik va aloqalar muvaffaqiyatining ramzi sifatida Toshkent davlat texnika universiteti rektori ­S.Turobjonovga BDTUning faxriy professori unvoni berildi.

    Oripjon ZARIPOV,

    Toshkent davlat texnika universiteti prorektori