2016 yilni bir eslaylik. Davlatimiz rahbari Prezident lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq yurtimizdagi barcha sohada katta o‘zgarishlar boshlandi. Tashabbuslar islohotlarga yo‘l ochdi. Xususan, yoshlar siyosati va ta’lim sifatiga davlat e’tibori kuchaydi. Shu ma’noda, bugunning yoshlarini yangi O‘zbekistonning baxtiyor yoshlari, deyishga to‘liq asoslar bor. Buning isbotini so‘nggi yetti yilda barcha sohalar singari oliy ta’lim tizimidagi yoshlar hayoti misolida ham aytish, kuzatish mumkin.
1 avgustni eslaysizmi?
Bu sana ko‘plab yoshlar uchun kutiladigan kun edi. 1 avgust minglab yoshlar hayotida tub burilish yasagan, yana minglab iqtidorli, salohiyatli yigit-qizlar esa noto‘g‘ri tizim tufayli haqiqiy bahosini topmagan. Buning ortidan qanchadan-qancha bilimli qizlar oliy o‘quv yurti eshigi tagidan ortga qaytgan, yana bir yil o‘qishga tayyorlanish o‘rniga, to‘g‘rirog‘i, vaqt yutqazmay turmushga uzatilgan. Ayrim yigitlar esa oila yukini tashishda otaga ko‘makchi sifatida yollanma ishchi bo‘lishga majbur edi. Mamlakatimiz minglab bilimli yoshlarini shu tariqa boy berdi.
Bir kunda o‘tadigan, ta’lim yo‘nalishining faqat bittasini tanlash imkonini beradigan test sinovlari bois qanchadan-qancha bilimli yoshlar o‘z bilimi va salohiyatini to‘liq namoyon eta olmasdi. Buning jamiyatdagi salbiy asoratlari hali-hanuz o‘zini ko‘rsatayotir.
Birinchidan, sanoqli oliy ta’lim muassasasi bor edi, kvota o‘rinlari yetarli emasdi. Xususiy oliy ta’lim muassasalari-ku, tasavvurimizga ham sig‘masdi. Agar kimdir vaqti kelib O‘zbekistonda ham o‘nlab nodavlat ta’lim muassasalari bo‘ladi, desa, to‘g‘risi, ishonmasdik, ajablanardik.
Eng yomoni, ayrim yo‘nalishlar bir o‘ringa 20-30 abituriyent kurashishini talab qilardi. Imtihon topshirish uchun esa yetarli sharoit yo‘q, issiq xonalarda hushidan ketgan, salomatligini yo‘qotgan yoshlarni bir eslang. Bundan tashqari, talab yuqoriligi o‘z-o‘zidan oliy ta’limda korrupsiyaning keng tarqalishiga olib keldi. Ta’limda “tanka”, “uchar parovoz”, “ishbilarmon”, “bunker” so‘zlariga asta-sekin ko‘nika boshladik. Yildan yilga o‘qishga kiritishning yuzlab usullari topildi, jamiyatimiz bora-bora “Puling bo‘lmasa, o‘qishga kira olmaysan”, “Yo zaring, yo zo‘ring bo‘lsin”, degan xulosaga kela boshladi.
Ikkinchidan, talaba bo‘la olmagan yoshlarning jamiyatdan norozi kayfiyati kuchaya bordi. “Bizning jamiyatda adolat yo‘q”, degan fikr shakllanishi davlatdan norozi yoshlar soni ortishiga sabab bo‘ldi. 10-15 yil ilgari yoshlardan “O‘qishga kira olmasang, nima qilasan?” deb so‘ralganda, “Rossiya yoki Qozog‘istonga ishlashga ketaman”, der edi. Qanchadan-qancha qizlarning ta’lim olish orzusi armonga aylandi. Ular o‘sha davrlarni afsus va nadomat bilan eslaydi. Qalbining tub-tubida oliy ta’lim olmagani iztirobi silqib turadi. “Qaniydi, yoshlikka qaytib qolsam, imkoniyatlarning barchasidan foydalanardim”, deydi. Achinarli tomoni, aksariyat yoshlar o‘qishga kira olmagani tufayli jamiyatdagi mavhum bo‘shliqda muallaq qoldi, ya’ni uning kollejda yetarli darajada kasb o‘rganmagani, qo‘lida biror kasbi yo‘qligi va o‘zini o‘nglab ketishi uchun ham davlat tomonidan hozirgidek sharoit yaratilmagani, qo‘llab-quvvatlanmagani tufayli arosatda qoldi. Natijada uyushmagan yoshlar qatlami paydo bo‘ldi. Kim qayerga desa, ergashadiganlar soni ortib boraverdi. Yashab turgan jamiyatidan hafsalasi pir bo‘lgan bu kabi yoshlar har qanday zararli va vayronkor g‘oyalarga arzimas sabablar bilan ergashib ketgan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. Hozir o‘ylayman, o‘sha davrlarda hech qursa “Yoshlar daftari” kabi biror loyiha bo‘lsa, bugun jamiyatimiz qanday ilgarilab ketgan bo‘lardi?!
Uchinchidan, abituriyent ming azob va qiyinchiliklar bilan o‘qishga kirganidan so‘ng ham uning “azobli davri” davom etardi. Ya’ni talabalik uchun to‘lov kontrakt summasini 15 sentyabrgacha to‘lash, talabalikdan chetlatish, paxta terish, mavsumiy ishlarga jalb qilinish, obodonlashtirish va ko‘cha-ko‘yda gul, ko‘chat ekish kabi qancha hayotiy tashvishlar kutardi. Bular sanoqda oddiy ko‘ringani bilan aslida har biri talaba uchun katta muammolar tug‘diradi.
Yurtimizda so‘nggi yillarda oliy ta’limni isloh qilish jarayonida abituriyentlarni talabalikka qabul qilish uchun ham keng imkoniyat va imtiyozli tizimlar yo‘lga qo‘yildi.
Birinchidan, bugungi yoshlar – abituriyentlar uchun uydan turib onlayn tarzda hujjatlarini o‘zi istagan beshta ta’lim muassasasiga mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha topshirish imkoniyati yaratildi. Endi birgina hujjat topshirish uchun abituriyent Qoraqalpog‘iston yo Xorazm, Surxondaryo yo Navoiy kabi olis hududlardan, necha yuz kilometr bosib, vaqt va mablag‘ sarf qilmaydi. Uyda o‘tirib hujjatlarni onlayn topshiradi.
Xayrli islohotlardan yana biri poytaxtimizdagi kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari uzoq hududlarda ham ochilgani bo‘ldi. Buning ortidan minglab yigit-qizlar ota-onasidan yiroq ketmay oliy ta’lim olishga muvaffaq bo‘lmoqda. Test sinovlari esa shaffoflikni ta’minlash uchun katta sport maydonlari, yirik pavilon va inshootlarda, barcha qulayliklar ta’minlangan holda bir oy davomida o‘tkazilmoqda. Bunda hech kim na telefon, na boshqa “yordamchi kuch”larga tayana olmaydi. Ota-onalar uchun ham kutish joylari va onlayn tarzda o‘z farzandining imtihon topshirish jarayonini kuzatish uchun sharoitlar yaratildi. Bugun test sinovi imtihonlariga kelib “adolatsizlik bo‘ldi”, “korrupsion holat kuzatildi”, “shaffoflik bo‘lmadi” kabi salbiy fikrlarni hech kim aytmayapti. Chunki bunga sharoit yoki imkoniyat qoldirilmadi.
Ikkinchidan, bugun har bir yosh oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun qabul parametrlari bir necha karraga oshirilib, nomdor stipendiya, davlat mukofoti sovrindorlari, nogironlar, xotin-qizlar, harbiy xizmatchilar farzandlari, shuningdek, qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun maxsus kvota o‘rinlari ajratildi. Xususiy, xalqaro va qo‘shma dastur ta’limi doirasida ko‘plab oliygohlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch karra ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda o‘g‘il-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Yoshlar ilmga chanqoq, ta’lim olishga intilayotir. Ular hech ikkilanmay o‘qishga topshirmoqda. O‘zi tanlagan oliygohga o‘qishga kira olmagan taqdirda ham xususiy yoki xalqaro oliygohlarda o‘qishini davom ettirish imkoniyati bor. Qisqasi, bugun o‘qimayman degan yoshlar soni kamaygan. Yoshlar “kelajak o‘qiganniki” ekanini tushunib yetdi.
Uchinchidan, talaba bo‘lishning katta tashvishlaridan keyingi to‘lov kontraktini to‘lashdagi muammolar ham davlat qo‘llab-quvvatlovi bilan hal etilmoqda, ya’ni banklar tomonidan imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Oilada ikki va undan ortiq farzandi o‘qiydiganlarning to‘lov kontrakti, yotoqxonada yashash to‘lovlarining ham muayyan qismini davlat tomonidan to‘lab berish tizimi joriy qilindi.
Eng quvonarlisi, xotin-qizlarga berilgan imkoniyat bo‘ldi. Qo‘shimcha kvotalar ajratilishi, imtiyozlar yaratilishi, ayniqsa, magistraturada tahsil olayotgan qizlarning kontrakt puli to‘lig‘icha davlat tomonidan qoplab berilishi bilim olishga intilayotgan xotin-qizlar safini kengaytirayotir. Bu boradagi imtiyozlarni sanasak, salmog‘i ortib boraveradi.
Paxta mashinasiga aylangan talaba
2001–2005 yillarda Buxoro davlat universitetida tahsil olganman. Yaqin tarix. Hali talabalikka qabul buyrug‘i chiqmay bizni paxta maydoniga olib chiqishdi. Kursdoshlar bilan tanishuvimiz paxta maydonlaridan boshlandi. O‘qituvchilar haqidagi ilk tasavvurlarimiz eski kiyim va etak tutgan odam qiyofasida shakllandi.
Menda va men kabi tengdoshlarimda talabalik orzusi, baxti ushalib o‘qishga kirish va keyinchalik sifatli ta’lim olaman, yaxshi mutaxassis bo‘laman, ota-onamning “Bolam o‘qib katta odam bo‘l, katta olim bo‘l”, degan niyatini amalga oshirish maqsadlari bo‘lgan. Afsuski, men qatori minglab yoshlar viloyatlarda, hatto Toshkent shahrida ham ko‘p yillar o‘quv yilini paxta dalasidan boshlagan.
Yaqin-yaqinlargacha o‘qituvchi-muallimlar, hatto o‘quvchilar ham uch-to‘rt oylab paxta yig‘im-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgan, natijada o‘qituvchi bir oyda o‘rtacha 80 soat dars o‘tishi kerak bo‘lsa, to‘rt oyda 320 soat yo‘qotadigan vaziyat vujudga keldi. Achinarlisi, bunday holat minglab yoshlarni savodsizlashtirish, nomiga diplomli qilish, har xil kasallik orttirish kabi ko‘plab ayanchli holatlarni yuzaga keltirdi.
So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida shunday salbiy holatlarga chek qo‘yildi. O‘zi bekorga “Uch avlod” uchrashuvi muhimligi haqida gapirilmas ekan. Ya’ni avvalgi avlod vakillari bilan suhbatlashsak, kechagi xotiralarni gapirib, ularning bugungi kunlarga shukronasini eshitamiz. Talaba uchun ham, unga dars beradigan ustoz-muallimlar uchun ham betakror davr bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz.
“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda...”
Bugun yoshlarga sifatli ta’lim olishi uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar, o‘quv xonalari, talabalar turar joylari bor, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, iqtidor va qiziqishlarini yuzaga chiqarishi uchun barcha yo‘nalishlarda ko‘plab to‘garaklar, mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Fikrimizga misol sifatida Buxoro davlat universitetidagi ta’lim sifati va imkoniyatlarining ayrim nuqtalariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bugungi kunda universitetimizda 25 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ularga 1000 ga yaqin professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Oliygoh ilmiy salohiyati esa 43 foizga yetdi.
Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak arziydi”, degan ishonchini Buxoro davlat universiteti yoshlari o‘tgan o‘quv yilining o‘zida yuzlab yutuqlari bilan oqlashga harakat qildi. Masalan, bir talabamiz Prezident davlat stipendiyasi, sakkiz talabamiz Navoiy, bir talabamiz Islom Karimov, ikki talabamiz Mirzo Ulug‘bek, bir talabamiz Kamoliddin Behzod, yana bir talabamiz Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi, to‘rt talabamiz rektor stipendiyalari hamda bir talabamiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi. Shuningdek, bir talabamiz “Ulug‘bek vorislari” tanlovi respublika bosqichi g‘olibi va 400 dan ortiq talaba-yosh xalqaro, mamlakat va viloyat miqyosidagi intellektual, ilm-fan, musiqa, san’at, sport, turizm, axborot texnologiyalari sohasida o‘tkazilgan olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalarda ishtirok etib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
“Besh tashabbus olimpiadalari” tom ma’noda bugungi kunda yigit-qizlar iqtidorini yuzaga chiqarishning asosiy drayveriga aylangan. Bugun universitetda mavjud kovorking, bandlik, volontyorlar markazlari, “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Munozara”, “Talabalar teatr studiyasi”, “Talabalar sporti” kabi o‘nlab klublar, ellikdan ortiq fan, madaniyat, san’at, sport, intellektual to‘garaklar talaba-yoshlarning sevimli maskaniga aylangan.
Buxoro viloyatining shahar va tumanlari kesimida, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”, “Bilim va tafakkurimiz shu el uchun, shu yurt uchun!”, “Biz kelajak bunyodkorimiz!” kabi shiorlar ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi doirasidagi tadbirlar soni va salmog‘i juda keng bo‘ldi. Ushbu tadbirlarda Buxoro davlat universiteti talaba-yoshlari ishtirokida 500 ga yaqin tadbir viloyatdagi shahar va tumanlar, mahalla, korxona, tashkilot va muassasalar hamkorligida yuqori saviya, kayfiyatda o‘tkazilganini e’tirof etish o‘rinlidir.
Bugun Buxoro davlat universiteti yoshlarining har biri jonajon yurtimizdagi islohotlardan mamnun, o‘ziga, kelajagiga ishonadi. Maqsadi oliy – kelajagi porliq yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch g‘ayrati, shijoatini safarbar etish.
Yangi O‘zbekistondagi ulkan islohotlarning eng cho‘qqisida doim yoshlar masalasi birinchi darajali vazifa qilib qo‘yilgan. Buning isbotini yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb belgilab qo‘yilganida ham ko‘rish mumkin. Bu esa davlatning yoshlar oldidagi mas’uliyatini yanada kuchaytiradi, yangi loyihalar, yangi vazifalarni amalga oshirish uchun asos va turtki bo‘ladi.
Azizbek OMONOV,
Buxoro davlat universiteti birinchi prorektori