Olovda tugʻilgan qaqnus yoxud Qashqadaryo baxshichilik maktablari haqida

    Madaniyat 14 Iyul 2023 1023

    Biz ong osti sezimlarimiz toʻyinishini, badiiy tafakkur tarzimiz shakllanishini, maʼnaviy-maʼrifiy qarashlarimizni fikrlashda, mulohaza yuritishda, munozaraga kirishish jarayonida tajassum topishiga erishamiz.

    Oʻzimizning mikroolamimizni ulkan koinot moʻjizalari sir-sinoatiga bogʻlab, ezgulikning muhtasham qasri boʻlmish xalq ogʻzaki ijodi boʻstoni maʼnaviy maʼdanlari – dostonlar, ertaklar, rivoyatlar, laparlar, chistonlar, bunday duru gavharlar “ozuqa”sidan koʻngil saltanatini yorugʻlikka makon tutamiz.

    Xalq ogʻzaki ijodi ramzlarga boyligi, inson mohiyatini ezgulikka uygʻunlashtirishi, orzu-umid shohsupasida saodat mayogʻini baland tugʻ etishi bilan hayotga muhabbat uygʻotadi. Xalqonalik ogʻizga kelgan soʻzni jirlash emas, har bir soʻz tiniqligi, maʼnodorligi, turfa belgisiz ishoralarda tovlanishi, his-tuygʻularimizni “yelpishi”, mazmun koʻlamdorligini qanot yoyishi barobarida ruhsiz olamimizga hurlik epkinini ulashishi bilan sanʼat maqomini oʻrinlatadi. Polyak yozuvchisi Yan Parandovskiy “Soʻz kimyosi” asarida Homer haqida yoza turib: “Uni oqin, baxshilarga oʻxshab xalqona libos kiyib yurishgan deyishadi, shu bilan birga, xuddi saroy shoiri kabi koʻshk va qasrlarga ham bemalol qadam ranjida qilib yurgan”.

    Mana shu qiyofa va harakat butun yer yuzidagi baxshilarga taalluqli. Xalq ogʻzaki ijodining oddiy va mukammal mazmundorligi (polifonikasi), ohangdorligi borliqni qay tarzda ifoda etmasin, barcha-barchani hayratga oshno tutgan. Shu oʻrinda dunyo oʻquvchilari qalbiga necha asrlardan buyon hayrat yoqtisini mukarram aylagan buyuk ispan yozuvchisi Migel de Servantesning “Don Kixot” asari arablarning “Ming bir kecha” ertaklariga hamohang yaratilgani bilan ulugʻvor ahamiyat kasb etganini eslamay boʻlmaydi.

    Xalq ogʻzaki ijodining goʻzal va betakror namunasi boʻlgan baxshichilik sanʼati ming yillar davomida ardoqlanib kelmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Birinchi bor Surxondaryo zaminida, keyinchalik Nukus va Guliston shaharlarida tashkil etilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati ushbu sanʼat rivojiga dunyo xalqlari eʼtiborini qaratishga qoʻyilgan qadam boʻldi, mintaqa va xalqaro hamjamiyat madaniy doiralarida katta qiziqish uygʻotdi. Mamlakatimizning barcha viloyatlarida oʻziga xos baxshichilik maktablari mavjud. Qashqadaryo baxshichilik maktabi shakl va mazmun jihatidan ajralib turadi. Abdulla baxshi Nurali oʻgʻli, Togʻay baxshi, Zoir baxshi Qoʻchqor oʻgʻli, Umir baxshi Safarov, Azim shoir Xoʻjayov, Shomurod baxshi Togʻay oʻgʻli, Qodir baxshi Rahim oʻgʻli, Qahhor va Abdumurod Rahimovlar va boshqa yuzlab baxshilarimiz oʻz maktabini yaratib, xalq ogʻzaki durdonalarini kuylab kelgan va kuylamoqda. Bu voha dostonchilari, jumladan, dehqonobodlik (marhum) Qodir baxshi Rahim oʻgʻli, chiroqchilik (marhum) Azim shoir, qamashilik (marhum) Hazratqul baxshi Xudoyberdi oʻgʻli kabi baxshi-shoirlarning ovozlari Turkiya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Hindiston, Moʻgʻuliston va boshqa xorijiy mamlakatlargacha yetib borgan va dostonsevarlar qalbidan oʻrin olgan. Qashqadaryoda Dehqonobod va Chiroqchi baxshichilik maktablari, ayniqsa, oʻziga xosligi bilan nufuzga ega. Bu maktab baxshilari xalq dostonlari, termalarni ichki ovozda ijro etadiki, botiniy sezgimiz torlarini chertishga qodir va ruhiy olamimizni junbushga keltiradi.

    Keling, oʻzim koʻp bor suhbatini olgan, ovozi shirali, soʻzlari durdek serjilo va maʼnoli chiroqchilik marhum Shomurod baxshi Togʻay oʻgʻli haqidagi xotiralarim bilan oʻrtoqlashay.

    Oʻzbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi xalq baxshichilik sanʼatida oʻziga xos maktab yaratganlardan. Uning yuz kitobga jo boʻlgilik terma-dostonlari xalq orasida mashhur. Otasi Togʻay shoir 1932-yilda igʻvogarlarning chaquvi bilan Sibirga surgun qilingan. Shunda Shomurod olti oylik chaqaloq boʻlgan. Toʻqqiz oyligida onasi Tojixol Shukurova sovuq iqlimga moslasholmay, ogʻir shamollashdan vafot etdi. Shomurod baxshi opalari qoʻlida oʻsdi. Sakkiz yoshida otasining mungli qoʻshigʻini tosh qotib tinglardi. Togʻay shoir ich-ichidan yigʻlab terma aytardi.

    Elimdan adashgan yolgʻiz soʻnaman,

    Bulbul boʻlib gul shoxiga qoʻnaman,

    Enasoyga dardim aytib jiladim,

    Ishim bilan Irtishlarga jiladim,

    Hoy-hoy, oy-y-y-y, hey-hey-y-y-y...

    Togʻay shoir 1945-yil urushdan qaytib kelib, bolalarini koʻkragiga bosib, hoʻng-hoʻng yigʻladi. 1948-yilda Togʻay shoir oqlangach, ular Chiroqchiga qaytishdi.

    Shomurod baxshi bilan gurunglarim koʻp boʻlgan. Mahalliy shoirlardan Joʻra Alimardonning xotira kechasidan qaytish chogʻida qishlogʻimizda ukamning uyida boʻlib oʻtgandi bu gurung. Bizga hamroh boʻlgan bolalar shoiri Oʻta Berdiyorga (hozir 93 yoshda) qattiq hazillashardi. Oʻshanda baxshi 85 bahorni qarshilagandi.

    – Ukajon, bolaligimni eslasam, toshga igna qadab shardoz oʻtkazaman. Voy-voy-a, enajonim-a, Oqmoʻlaning muz bagʻrida qolib ketdi. Otam Togʻay shoirga koʻp zorlandim: “Oqmoʻlaga borayin, enajonimni koʻrayin. Oʻttiz jilni hatlab, umrimni xatlab oʻtkazaveramanmi”, desam otam koʻnmadi. U yoqlarning betini it koʻrsin, juragimni tigʻlama, bolam, dedi. Xuddi meni etagimdan tortib, Oqmoʻla olib qolayotganday tuyuldimi, otajonim unamadi. Shuytib enamning mozorida bir martayam tunamadim. Endi sakson uchni jagʻalab, suvim qochib oʻtiribman. Qanotim boʻlsa-yu, uchib-uchib, enajonim mozorining oldiga qoʻnsam.

    Shomurod baxshi doʻmbira chertib, ovozini balandlatadi.

    Jigit ulgur Mekkam chol,

    Letibamni sindirding.

    Otam olib berib edi,

    Nasibamdan ayirding.

    Bilmaganni bildirding,

    Ajal boʻlib paymonamni toʻldirding,

    Uchar edim, qanotimni qayirding,

    Yurar edim, oyogʻimdan toydirding.

    Biyigul, Biyigul,

    Rangsangul, rangsangul.

    Pufaklari qirqtan gul,

    Hay-hayo, rabbimo, Olloyo,

    Mullatoʻrgʻay tong saharda sayraydi,

    Nega mening otajonim kelmaydi?

    Rostin aytgin, enajon, ena-yov,

    Mening otam oʻzi qachon kelgaydi?

    Karvon oʻtib boradi,

    Ikki oʻgʻlon karvonlarga chopadi.

    Otasini koʻrolmagan bolalar,

    Enasiga kelib, doʻstlar, soʻraydi.

    Enajon, jon ena, ena-yov,

    Aytgin otam oʻzi qachon kelgaydi?

    Ena jotib jilaydi,

    Yor kelmasin biladi,

    Bilsa, qandoq qiladi,

    Ollo-yo, otam-a, jonima,

    Biyigul, Biyigul, Biyigul...

    Boʻgʻzingga xoʻrsiniq tiqiladi, koʻz yoshlaring choʻqqa aylanadi. Yer tebranib, osmon qaldiraydi. Oʻzingdan oʻzingni mosuvo etging keladi. Ha, xunrezlik, qatliom zuluklari qatra qoningni simirib, olam shaynini uloqtirganda koinot tartiboti izdan chiqishi bor gap. Shomurod baxshining qizaringan koʻzlariga oʻksinib tikilaman. Sakson uchida oyogʻini “salta” qilib koʻzoynak ilonday oʻynatadigan, oʻrnidan sakrab turadigan baxshining borligʻi ogʻirlashadi. Achchiq tumanday yopirilgan xotiralar yuki uni zaiflik chilvirida oʻrib-eshadi.

    – Otam urushda. Ibrohim akamdan qoraxat kelgan qora kunlari bolalar uyida jashaydim. Bir kunga bir burda non beradi-ya! Ochlikdan tosh chaynashdanam tap tortmaymiz. Koʻz sopolday qotgan, qorin qavishgan, teri ustixonga javishgan, tirik jon shayton bilan topishgan badbaxt kunlarning birida choʻchqaboqar Leonidning toʻngʻizxonasiga oʻgʻirlikka tushdim. Pishakday toʻngʻiz bolasini jirtiq fufaykamning etagiga oʻrab, devor oshuvdimki, choʻchqaboqar payqab qoldi. Qochaman-a, qochaman. Och odam jugura olmaykan, irgʻalanib, ayagʻi jerga botib qolaykan. Toʻngʻiz feʼl Leonid va uning ikki uli meni ushlab olishdi. Rosa doʻpposlashdi. Odam tayoqdan oʻlmaykan. Koʻkarmagan, qoraymagan joyim qomadi. “Enajo-on!” deb zor qaqshab jiladim. Ogʻzimdan kakraday achchiq soʻlak oqdi, koʻz oʻngim qorongʻilashdi. Enam boʻlganda Leonidning toʻngʻizxonasiga oʻt qoʻyaydi. Odamlar ochlikdan oʻlaman deb jotibdi, choʻchqaboqarning ikki beti kuvachaday, chertsang qon sizadi. Toʻngʻiz bolasini qoʻrqqanimdan boʻgʻib oʻldirib qoʻyibman. Oʻlik choʻchqachaniyam mendan qizgʻanib, itining oldiga otib jubordi. Qornim poʻst tashlab shunday sanchqi berardiki, tirnogʻimam qizib ketgandi. Shunday, ukajon! U kunlarning betini teskari qisin. Manovi Oʻta buva Stalinni qoʻmsab jilaydi. Ha, bebaqning bolasi. Qora uyidan bir umr chiqmay jashagan nimani biladi. Anovi radioning jolgʻoniga ishonadi. Jalangʻochlab muzday suvga botirib qoʻysa, qunduzning bolasiday oʻrmalab qocharmidi. Stalin otam deydi-ya, otasiz qogur!

    Shomurod baxshi menga koʻz uchirib oladi-da, yana selday toʻlib toshadi.

    – Aynalay, uka, qizillar koʻz oldimizda jeti juz japon askarini otib tashladi. Biz, “detdom”ning bir toʻda bolalari tepalikda – butalar orasidan moʻralab qaraymiz. Qurolsiz askarlar har yonga sochilib qochadi-yay! Atrofini oʻrab olgan qizillar paq-paq etib otgani otgan. Bir japon askar oʻzini daryoga otdi. Judayam suzagʻonakan. Uniyam qayiqda suzib borib otib tashlashdi. Bechora solday jonboshiga agʻdarilib, suvga choʻkib ketdi. Biz bolalar qaqshab jiladik. “Uyi kuysin Stalinni”, deb soʻkib jiladik. Odam bolasining narxi qildan arzoniydi u paytlar. Bir qir nari boʻylamagan Oʻta buva nimani bilaydi. Jumronqoziqday boʻynini choʻzib-choʻzib, yer tirnab jurgan-da! Ha, aylanay-a, enasini begona jurtda qoldirgan biladi. Enamning tilini oʻn jettimda – ota jurtimga qaytganimda tetapoya bachchaday oʻrgandim.

    Mana, hozir, dasturxon qoshida doʻmbirasini bir chetga avaylab qoʻydi-da, tizzalarini juftlab, qaddini tik tutib, qadrayib ukrain xalq qoʻshiqlaridan birini ovozini balandlatgancha kuylay ketdi. Uy shiftlari zirillay boshladi. Ukam Shoyimnazar ogʻzi ochilgancha unga angrayib tikilib qoldi. Sakson besh yoshli qariyaning yigitlarday chaqqon va oʻktam harakatidan hayratlanardi. Qoʻshiq tugashi bilan Oʻta boboyam beixtiyor chapak chaldi.

    — Bir jildan beri, ukajon, termalar kuylashim bir soatdan oshmayapti. — dedi Shomurod baxshi biroz muztar tortib. — Ilgari boshqa tillarda termalarni koʻp bilaydim, endi xotiramdan koʻtarilyapti. Termalar aytabilmasam jilab juboraman, ukajon. Qarilikni boʻyinga olay desam, boʻynim yor bermayapti. Endi nima qilaman. Odam shuytib qarib-toʻzib qolama. Hali el kezib millatni millatdan, elatni elatdan ayri etmadim. Otam Togʻay shoir doʻmbirani qoʻlimga tuta turib: “Bolam, loʻli orasida loʻli boʻl. Shoirning millati yoʻq. Urugʻ ajratgan kuning oʻlganim de”, deb qattiq oʻgit suqqan. Zolimdan qochaman, yaxshining etagidan tutaman. El bir qism mayiz tutsa, koʻzimga surtaman. Eldan ayirmasin, ukajon.

    — Nazar Eshonqul degan yozuvchi birodarimiz aytuvdi: “Shu Shomurod baxshining kuylashidayam, doʻmbira chertishidayam buryatlarga xos ohang, ijro bor”, deb.

    — Sibir bolasiman-da. Sibiryak! — qiyqirib kuladi baxshi. — Qoʻbizminanam chiqisha olaman. Nazar tushmagur oqinning ovozini “teri”sidanam ajrata bilaykan. Buryat baxshilari ovulimizga mehmon boʻlib kelaydi. Qozoq oqinlariyam doʻmbira chertib, aytishuvlar qilganining guvohiman. Doʻmbira chertib, terma aytishning uddasidan chiqqanimdan soʻng qozoq oqinlariminanam “tashlashganman”. Tan bergan joyi koʻp boʻlgan. Bilsang, katta maktab koʻrmadim. Otamning maktabidan chiqqanman. Qodir baxshi Rahim uli xoʻp savodliydi. Soʻzni chertib-chertib aytaydi. Soʻziniyam zalvori yuk bosaydi. Bizlar yakkama-yakka aytishuv qilmaganmiz. U mening hurmatimni joyiga qoʻygan. Bir Sibir “sher”ining boʻlgani shu-da! Oqmoʻlada qolib ketganimda ovozim oʻzimminan ketaydi. Allohga shukr, qay bir kovakda qolib ketmadim. Oʻrisning bolasini lahjasidan qaysi viloyatdan ekanligini bilaman. Toshkent – Moskva poyezdiga tushib, kupedagi oʻris hamrohlarimni lahjasiga qarab qaysi viloyatdan ekanini aytganimda uchoviyam hayratdan jagʻa jirtgan. Novgorodliklar oʻzbek bolasiga oʻxshab “xorosho”ni “xorosho” deb talaffuz qiladi. Moskvaliklarga oʻxshab “xarasho” demaydi. Aytdim-ku, Sibir bolasiman deb! Surgun boʻlgan millatlarning zoʻrlariminan yashaganmiz. Gʻariblikda kelgindilar ham ogʻa-iniga aylanarkan. Koʻrgan azoblarim hech bandasining boshiga tushmasin. Tinchlikdan aylanay. Oʻn qop oltining boʻlsin, kuningda farogʻat boʻlmasa, oʻtgan umringga hayf! Ahmoq podsho eldan mamlakat gʻaznasini yashiradi. Ularning qanchalari yer ostida jotibdi. Eldan ayirmasin. El bir mushtdan ursa, oʻldiradi. Bir chimdimdan tutsa, itingning tovogʻi tillodan boʻladi. Termalarim qonarga sigʻmaydi. Xalq ogʻzaki ijodini oʻrganuvchilaram jildan jilga kamayib boryapti.

    Shomurod baxshi yoshli koʻzlarini dastroʻmoli bilan arta turib, doʻmbirani gʻilofiga oʻraydi. Dasturxonga duo oʻqilib, oʻrnimizdan qoʻzgʻalamiz...

    Shomurod baxshi Termizda oʻtkazilgan xalqaro baxshichilik festivaliga borolmadi. Ogʻir xastalikdan toʻshakda yotib qolgandi. Festivaldan qaytganimda baxshi xonadonida boʻldim. U ogʻir soʻlish oldi. Koʻzlaridan shashqator yosh sizib, yonoqlarini hoʻllardi. Uning quruqshoq lablaridan soʻzlar qumday toʻkildi.

    — Prezidentimizga ming rahmat. Baxshilarni kaftiga oldi. Baxshilar nazardan chetda qolyapti, deb juragim ogʻrirdi. Eh-hey, shuncha baxshilar bor ekan-a, ularga navbat tegmay qolama devdim. Doʻmbirasini sayratib, jonib-jonib, toʻkilib-toʻkilib termalar aytishini telvizarda koʻrib jiladim. Jilashimdan bolalarim qoʻrqib ketishib qoshimda charx urishdi. Manovi quruqshoq qoʻllarimni bazoʻr koʻtarib, telvizorga qaranglar, deganday imo qildim. Men istiqlol odamiman. Umrim olovda oʻtdi. Olovda tugʻilgan qaqnusman. Istiqlolni menchalik kim kutgan. Begana jerda koʻkarib, koʻrganim xoʻrlik boʻldi. Enadan bolani ajratib qoʻygan jallod tuzumga oʻt tushsin. Otam Togʻay shoir bachaday hoʻngrab jilaydi: “oʻz jurtimni tuprogʻiga bosh qoʻyib oʻlsam, Allohdan rozi edim”, deb. Hali armon qilaman, enamning mayiti begana jurtda qoldi, deb. Baxshilari bor xalq qarimaydi, jurtda toʻkinchilik boʻladi. Hammanglar omon boʻlinglar.

    Shomurod baxshi chuqur xoʻrsindi, uning xoʻrsinishida ham bugungi dorilomon kunlarga shukronalik balqib turardi.

    Baxshining ovozida asliyatimiz — tarixi insoniyat yaralmishining ilk davrlariga borib taqaladigan, insonning olamni anglash ibtidosining mungli, mustar va jasoratli hayqirigʻi mujassam.

    Ana shu bir qadar nolakor va hamisha navqiron navolarni yurak qoʻrini berib tinglasangiz, olis oʻtmishimiz, dolgʻali bugunimiz, sirli va sehrli ertamizning soʻzlar qudratidagi qiyofasi koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.Zero, shuning uchun ham baxshi va baxshichilik sanʼati abadiyatga daxldordir.

    Oʻroz HAYDAR,

    shoir