Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida 770 nafar shayxlar, orif insonlar haqida fiqra bitilgan, shulardan Shayx Mo'min Sheroziy, Shayx Abdulqodir Jiliy, Pahlavon Mahmud, Shayx Abu Abdulloh Hafiflar hayoti, karomati misolida qator onalar obrazi tasvirlangan. Ular orqali ulug' shoirning tarbiya, tanbeh, ogohlantirishlaridan voqif bo'lamiz. Onaga hurmat, ta'zim, mulozamat har bir zamonda, makonda, har bir millatda go'zal bir qadriyat ekanligini anglaymiz.
Asarda biz tahlilga olgan shayxlar haqidagi hikoyatlardan Shayx Mo'min Sheroziy va Pahlavon Mahmud bilan bog'liq hikoyatda zikr qilingan onalar ismi ko'rsatilmagan. SHayx Abdulqodir Jiliy hikoyatida uning onasi, “Va onalari Ummulxayr Ahmaduljabbor Fotima binti Abu Abdulloh”, deb to'liq tanishtiriladi. Shayx Abu Abdulloh Hafif onasi Ummi Muhammadiya esa o'ttiz besh ayol shayxlar qatorida qayd qilingani sabab uning ismi aytiladi. Ma'lumki, asarda o'ttiz besh ayol shayx haqida alohida qism bo'lib, ularning har biri ismi, nasabi bilan tilga olinadi. Shayx ayollardan Bibi Munajjimani Navoiy “Majolis un-nafois”ning 6-majlisida ham o'z ismi bilan eslatadi, ya'ni “Xoja Alouddin – Kirmon mulkidin. Xoja Afzaliddin Muhammadqa qarobatdur va Bibicha Munajjimaning inisidur”.
Shayx Mo'min SHeroziy haqida hikoyat juda qisqa, chunki “Navoiy har bir tasavvuf arbobi haqida ma'lumot berar ekan, ma'lumotning lo'nda muxtasar bo'lishiga intiladi”. “Shayx ul-islom debdurki: “Ismoil Dabbos dedikim: “Haj niyati qilib borurda SHerozg'a etishdim. Bir masjidqa kirdim. Shayx Mo'minni ko'rdimki, o'lturub xirqasin yamaydur erdi. Salom qildim va o'lturdim. Mendin so'rdikim: “Ne niyating bor?” Dedim: “Haj niyatim bor”. Dedi: “Onang bor?” Dedim: “Bor!” Dedi: “YOnib onang mulozamatig'a bor!” Bu so'z menga xush kelmas erdi. Dedi: “Ne to'lg'anasen? Men ellik haj qilibmen, bosh yalang, oyoq yalang va zodu hamrohsiz. Barchasin senga berdim. Sen onang ko'ngli shodlig'in menga ber!”
Hikoyatning mazmun-mundarijasida, g'oyasida ona roziligi, ona ko'ngli shodligi bilan bog'liq butun nozik masalalar yoritilgan. Navoiy kitobxonga onalar haqqi-hurmatini, rozilik darajasini hatto islomning farz amallaridan biri bo'lgan haj amali orqali topgan savobning darajasidan ham yuksakligini, jannatga boradigan yo'llar ona shodligi, ona rizosi bilan tutash ekanligini uqtirmoqda. Hikoyat kompozitsiyasida dialog usuli, ya'ni Shayx Mo'min Sheroziy va Ismoil Dabbos orasida bo'lgan suhbat-savol-javob asosiy o'rin tutadi. Bu esa, birinchidan, kitobxonga voqealarni osongina eslab qolishiga yordam bersa, ikkinchidan, hikoyatda vaqt, o'rin, harakat birligi yagona maqsadga – Ona mulozamatiga, ona roziligiga qaratiladi. SHayxning Ismoil Dabbosni hajdan qaytarishi o'quvchida tushkun kayfiyat uyg'otmaydi. Aksincha, bunga, “Barchasini senga berdim. Sen ona ko'ngli shodlig'in menga ber!” degan Shayxning ichki ruhiyatini ochuvchi tanbehi yana umid beradi. Shayxning bu tanbehi nasrda bo'lsa-da, didaktik she'riyatning go'zal namunasidir. Sababi, asrlar davomida u: “Sen ona ko'ngli shodlig'in menga ber!” degan xitobi bilan go'yo u millionlab qalblarni ta'lim-tarbiyaga chorlab turibdi.
Navoiy ona diydorining lazzati, ona mulozamatining zavqi va talabi, ona roziligining barakotidan farzand ne balo-qazolardan emkin va omonda bo'lishi haqida boshqa asarlarida ham fikr yuritadi. Jumladan, “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandarning o'limi oldidan o'z xatolarini anglab, o'zini “ozurdae” deb bilib, onasiga yozgan: “Ki...“Mendinki, yo'q mendek ozurdae”, deb boshlanuvchi mashhur vasiyat maktubida juda ta'sirli, ibratli qilib tasvirlaydi:
Demon qilsam erdi o'g'ulluq sanga,
Qabul aylasam erdi qulluq sanga.
Sanga aylabon xoki dargohliq,
Aning otin etsam erdi shohliq.
Ul iqbolima charx bo'ldi hasud,
O'lar chog'da o'ltursam o'zni ne sud?
Rizong o'lmasa ko'ngluma g'amzudoy,
Bu darmondag'a voyu yuz qatla voy!
Ayniqsa, alliteratsiya vositasida o'g'ulluq, qulluq, dargohliq, shohliq so'zlaridagi ohangdosh so'zlarning qaytarilishi, takrir san'ati yordamida bir misrada “voy” so'zining takrorlanishi, shoh Iskandarning ona mulozamatida, ona roziligida ojizlik qilganligini, shohlik davridagi eng katta “yo'qotish” ekanligini afsus-nadomatlar bilan anglashi ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi.
“Rostliq – xalosliq”, rostlik va to'g'rilik fayzidan ko'p foyda hamda yorug'liklar ko'rish kabi g'oyalarni ulug' Navoiy o'z ijodida maroq bilan sharhlaydi. e'tiborli jihati shundaki, “Hayrat ul-abror” dostonining o'ninchi maqolotini “Rostliq ta'rifidakim” deb nomlaydi va dadillik bilan, “Har kishikim, tuzluk erur peshasi, Kajrav esa charx ne andeshasi”, degan ma'noli misralar bilan boshlaydi. “Nasoyim ul-muhabbat”ning SHayx Abdulqodir Jiliy haqidagi ma'lumotda, “faqat va faqat rostlikni deysan”, “har qanday holatda rostlik, to'g'rilik yo'lin tutasan”, deb o'g'lidan ahd olgan jasoratli Ummulxayr ona obrazi tasvirlanadi. “...Onam qoshig'a keldim va dedimki: “Meni Tengri ishig'a qil va ijozat berki, Bag'dodqa boray va ilme kasb qilay va solihlarni ziyorat qilay. Mendin bu doiya sababin so'rdi, ayttim. ersa, yig'ladi. Va qo'pti va sakson oltun kelturdi. Va dediki: “Menga ota merosidin bu qolibdur”. YArimin qardoshim uchun qo'ydi va yarimin mening to'numg'a tikdi va manga safar izni qildi. Va manga ahd berdiki, barcha ahvolda rostliq qil va mening vido'img'a chiqdi. Va dediki: “Bor, ey farzand, Tengri uchun sendin kesildim va qiyomatqacha seni ko'rmagumdir. Men oz qofila bila Bag'dodqa tavajjuh qildim”. Karvon Hamadondan o'tganda, oltmish otliq yo'lto'sar – zo'ravonlar chiqib, karvonni talaydi. Boladan ham, “Nimang bor?”, deb so'rashganida, “Qirq oltinim bor”, – deb javob beradi. Bolaning javobiga hayron bo'lib, qayta-qayta so'rashganda ham, u qirq oltini borligini aytaveradi. To'nini so'kib, qirq oltinni topadilar va hayron bo'lishib, Abdulqodirdan so'raydilar: “So'rdiki, sening bu e'tirof qilurg'a boising ne erdi? Dedimki: “Onam manga ahd berib erdi – sidqu rostliqqa! Va men aning ahdiga xiyonat qilmam”. Bas, ul qavmning ulug'i yig'ladi va dediki: “Yillardurki, men Parvardigorim ahdig'a xiyonat qilibmen”. Va qiladurg'on ishidin mening iligimda tavba qildi”. Rostlikning kuchi-quvvati bilan ular ilk tavbani qilib, karvon ahlidan nima olishgan bo'lsa, egalariga qaytarishadi. Ona-bolaning og'zaki shakldagi ahdi, e'tiqodi, sidqu sadoqati, rostlik sharofati tufayli karvon Bog'dod shahriga sog'-salomat etib boradi. Abdulqodir muntazam tahsil bilan shug'ullanib, o'n uch fanni mukammal egallaydi hamda Qur'on qiroati, fiqh, hadis ilmining ham etuk bilimdoniga aylanadi. Rostlikni o'z tariqatining ilk tavbasi – asosi deb bilib, jahon shayxlariga nasib bo'lmagan fayzu karomatlar sohibi bo'lib qoladi.
“Hayrat ul-abror”dan olingan quyidagi baytda ham shoir rostlikni anglagan, rostlikni o'ziga ahdu pesha qilgan kishi davronning ofat-qarshiliklaridan, kamu ko'stliklaridan doimo omonda bo'lishni eslatmoqda:
Kimki bu davronda qilur rostliq,
Yo'qturur ishi g'ayri kamu ko'stliq.
Bu o'rinda Navoiy rost-yolg'on, to'g'ri-egri kabi an'anaviy tazodlardan emas, balki navoiyona uslub bilan yaratilgan, qofiya asosiga qurilgan “rostliq-ko'stliq” kontekstual tazodini eslash kerakka o'xshaydi. Bu tazod faqat ulug' ijodkorning topilmasi, mahorat mahsulidir.
endi fikrlarimizni Navoiy o'z asarida, “kurashchilikda saromad bo'lib azim shuhrat tutgan”, deb qadrlagan shoir, hunarmand Pahlavon Mahmud haqidagi fikrlar bilan davom ettirsak. Navoiy uning Hind mulkida tashkil qilingan “kurash ma'rakasi”dagi jismonan mag'lub bo'lsa-da, nafsi ustidan g'olib chiqqani bilan bog'liq bir necha sarguzashtlarini – voqealar tadrijini mahorat bilan bayon qiladi. Hindiston shohi bir zargar orqali Pahlavonni o'z yurtiga taklif qiladi. Taklifdan maqsad shoh o'zining kurashchisi bilan Pahlavon Mahmudni xaloyiq oldida kurash tushirish ediki, bu – birinchi sarguzasht voqea. Pahlavon Mahmud Hindistonga boradi va o'z odatiga ko'ra, kurash oldidan musulmonlar mozorini ziyorat qiladi. Ko'radiki, bir mushtipar ona bir avliyo mozorida “Xudoyo, bu kelgan Pahlavon kurashchi ma'rakasidin mening o'g'lumni sharmanda chiqarmagaysen!”, deb Tangriga butun vujudi bilan yolvorib munojot qilardi. Onaning bu holati ichki portreti hamdir. Pahlavon Mahmud u shoh kurashchisining onasi ekanligini fahmlaydi va o'z-o'ziga kurashda mag'lub bo'lishni va'dayu qarz qiladiki, bu – ikkinchi voqea. ertasi kuni podshoh tashkil qilgan jahon kurashida Pahlavon Hind shoh polvoni bilan maydonga tushadi. U o'z va'dayu qarzida sobit – mustahkam turib, bir-ikki usul qilganday bo'ladi-da, atayin yiqilib beradi. SHu daqiqalarda ko'zi osmonda farishtalar jilvasini ko'radiki, bu – uchinchi voqea.
Mushtipar onaning Ollohga qilgan munojoti uchun o'zidan kuch va malaka jihatidan ancha past kurashchiga atayin mag'lub bo'lib, va'dayu qarzni bajaradi. Ona xursandchiligini, istak-talabini o'zining polvonlik sha'nidan, g'oliblik na'shidasidan ustun qo'ya olgan, o'z nafsiga hokim bo'la olgan Pahlavon Mahmudni osmon farishtalari ham, ulug' Navoiy ham sharaflaydi, tan beradi. Pahlavon Mahmudning keyingi sarguzashti to'rtinchi voqea – shoh tashkil qilgan ovda bo'lib o'tadi. Ovdagi voqea hayratlarga to'la. Pahlavon Mahmud ov jarayonida oti bilan qulayotgan shohni ushlab, o'limdan saqlab qoladi. Podshoh ham hayratlanib, ham ajablanib, unga savol beradi: “... muncha mufrit (haddan tashqari – B.R.) kuch bila ajab erdiki, ul kurashchidin yiqilding?” Pahlavon Mahmud shoh savoliga o'zining ichki ruhiy olamini yorqin aks ettirgan purma'no ruboiylaridan biri bilan javob beradi:
O'z nafsingga hokim bo'lsang, mardsan,
Xotirlab turishdan gapirsang, mardsan.
Yiqilganni tepib o'tish mardlik emas,
Yiqilganning qo'lidan tutsang, mardsan!
Bu javobni beshinchi voqea deyishimiz mumkin. Daho Navoiy “Podshoh ko'p niyozmandlig'lar ko'rguzub, Pahlavon qaytib Xevaq(Xiva)qa kelur” degan nasrga xos epilog bilan bu xotima qismda sarguzasht voqealar xayrli yakun topganini bildiradi. Va shu o'rinda o'z davrining polvoni Pahlavon Muhammadni epilogdan o'rinli foydalanib, eslab o'tishni ham unutmaydi: “Pahlavon Mahmuddin so'ngra Pahlavon Muhammad Abusaid ham o'z zamonining benaziri erdi”, kabi eslatmasida har ikkala mashhur polvonlarning botiniy dunyosini ko'rsatuvchi umumiy fazilat – benazirlikni Navoiy dunyoda kam topiladigan noyob xislat sifatida hikmat tili bilan alohida ulug'laydi.
Pahlavon Mahmud haqidagi boshqa ma'lumotlarda esa u niyozmandlig'lar evaziga mingdan ortiq xorazmlik asirlarni ozod qilishni Hind podshohidan so'ragan. SHoh ham uni o'zning xaloskori deb bilib, Pahlavon Mahmud talabini to'la bajargan. Xulosa shuki, Pahlavon Mahmud o'z nafsini qurbon qiladi. Bu holatida o'z nafsining ziyonini, makrini bilishida, sa'y-g'ayrat ko'rsatishida hind kurashchisi onasining munojoti sabab bo'ldi, deya olamiz. U o'z nafsini bir engib, oqibatda zaifa onaning, o'zidan zaifroq kurashchining, shohning, minglab asirlarning qismatini, ko'nglini shodu obod qilgan ozodmard. Hattoki osmon farishtalarini rozi qilgan javonmarddir. U Xorazm, Hindiston, eron zaminni yana bir bor o'zining ovozasi bilan to'ldirgan odamlarning yaxshisidir. Bu o'rinda Rumiy hazratlarining, “Odamlarning yaxshisi – odamlarga foydasi tegadiganidir” , – degan mashhur hikmatini eslash joizdir.
Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da SHayx Abu Abdulloh Hafifning volidasi Ummi Muhammadiya ona haqida ham ajoyib bir syujetga asoslangan lavhani kitobxon tahliliga havola qiladi. “O'g'li Abu Abdulloh Hafif bila bahr yo'lidin Hajga bordi. Va anga mukoshafotu mujohadod ko'p ekandur. Derlarki, SHayx Ramazonning so'nggi ushrida eh'yo qilur erdiki, Laylat ul-qadrg'a musharraf bo'lg'ay. Tomg'a chiqib erdi va namoz qilur erdi. Va onasi Ummi Muhammadiya uy ichida, Haq subhonahu taolog'a mutavajjih o'lturub erdi. Nogoh “Laylat ul-qadr” anvori anga zohir bo'la boshladi. Un chiqardiki: “ey Muhammad, ey farzand, ulcha sen anda tilaysen, mundadur!” Sayx tushti va anvorni ko'rdi. Va onasi ayog'ig'a tushti, andin so'ng SHayx aytur erdiki, ul vaqtdin so'ngra onam qadrin bildim” .
Shayx Abu Abdulloh Hafif osmon ostida, to'rt tomoni ochiq tom ustida Qur'oni karim nozil bo'lgan fazilatli kechaning ibodatini qilsa-da, nima uchun Nur o'zini unga ko'rsatmaydi-yu, uy ichida o'tirgan onasiga o'zini oshkor qildi, uni izlab topdi. SHu damda ham ona xayr va barokat kechasining manfaatlarini o'g'liga ilinar ekan: “ey Muhammad, ey farzand, ulcha sen anda tilaysen, mundadir!” – deb chaqiradi. Bu chaqiriqda onaning o'g'li uchun ajib bir ta'sirli – “boshqa bunday qilinmasin” – nasihati, tanbehi ham bor. Bu holat onaning ichki portretini ham ko'rsatadi. Bu xalq orasida mavjud bo'lgan ota-ona hurmatini saqlashning bir odobi, ya'ni ular o'tirgan uyning tomi ustida o'tirmaslik haqidagi o'gitdir. O'g'li namoz o'qib, chiroyli suratda ibodat qilishga intilsa-da, odobida onaga nisbatan hamdardlik, hamsuhbatlik yaxshi sur'atda kechmaydi. SHayxning ichki portreti, “onam qadrin bildim”, degan tavbayu iqrorida ochiladi. Bu bilan ulug' Navoiy o'zini, kitobxonni dunyoda onani rozi qilishdek maqbul va marg'ub amal, ibodat yo'qligiga yana bir bor ishontiradi.
Voqealar rivojida ona va o'g'ilga qiyosiy xarakteristika berishda, niyat, fikr, ibodatlarini anglashda antiteza usuli ochiq, yashirin shaklda qo'llangan. Bir tomondan, xotimada, ona-bola topgan omonlik, salomatlik, tinchlik ko'rsatilsa, ikkinchi tomondan esa, Qadr kechasi bir kechadir, lekin ming oydan yaxshiroqdir hikmati yashirin talmeh vositasida eslatiladi. Uchinchidan esa, bu kechada farzandning ona qadrini tushunishi barobarida o'zini anglash baxtiga muyassar bo'lganligi SHayxni ham, onani ham, kitobxonni ham birdek quvontiradi.
“Nasoyim ul-muhabbat”da maktabdor ayol obrazini uchratish ham juda zavqli. Ansoriy Hiraviy to'rt yoshida Hirotdagi bir xotin maktabida o'qib, saboq chiqarganini xotirlaydi. Bu xotiraga tayanib, o'tmishda ham farzandlarning savodli, ma'rifatli bo'lishida maktabdor ayollarning – onalarning o'rni borligi bizni quvontiradi.
Asarda farzandlari – qizlari haqida otalarning duosi, iltijosi, mehri, eng yaxshi tilaklari muayyan hadis – voqea bilan SHayx Abdulloh Muborak timsolida ko'rsatiladi: “Shayx Abdulloh Muborakdan: “ey shayx, uch qizing qoldilar va hech nima qolmadi, alar fikrin ne qilding?” deb so'rashganida, u, “...men alar hadisin debmen: “Solih bandalarga yor bo'lur”, deya javob beradi.
Aytish mumkinki, “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida bitilgan hikoyatlardagi onalar obrazi buyuk Navoiyning ideal qahramonlarining timsolidir. Chunki bu onalar obrazida umumbashariy fazilatlar, eng ilg'or diniy-dunyoviy, ma'rifiy, axloqiy-ta'limiy qarashlar mujassamlashgan. Demak, bu obrazlar hamma zamonlarda katta ijtimoiy-tarbiyaviy, ma'rifiy va estetik ahamiyatga ega bo'lib qoladi.
Burobiya RAJABOVA,
O'zR FA O'zbek tili,
adabiyoti va fol`klor instituti
katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi,
"Do'stlik" ordeni sohibasi