Minskda Alisher Navoiy xotirasiga hurmat bajo keltirildi

    Madaniyat 9 Fevral 2023 2119

    Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi munosabati bilan Minskdagi Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyildi.

    Tadbirda Oʻzbekistonning Belarusdagi elchixonasi xodimlari, Minskda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Fargʻona viloyati delegatsiyasi aʼzolari, Belarus ijodiy hamjamiyati vakillari, shuningdek, ushbu mamlakat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etdi.

    Alisher Navoiy oʻzining boy adabiy-maʼrifiy merosi bilan haqli ravishda dunyo adabiyotining buyuk namoyondalari orasida alohida oʻrin tutishi taʼkidlandi. Adibning bebaho asarlari mamlakatimizda va xalqaro koʻlamda katta qiziqish bilan oʻrganib kelinayotgani qayd etildi.

    Allomaning «Mahbub ul-qulub» asari oʻtgan yili belarus tiliga tarjima qilinib, uning taqdimoti oʻtkazilgani hamda kitobxonlar eʼtiborini qozonayotgani aytildi. Kitob Alisher Navoiyning hayotiy tajribasining oʻziga xos koʻzgusi boʻlib, yosh avlodning sharaf va axloq kodeksi sifatida bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaganligi urgʻulandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Darhaqiqat, bu Navoiy bobomizning belarus tiliga tarjima qilingan yagona asar emas. 1993-yilda Minskda Alisher Navoiy gʻazallaridan iborat “Lirika” kitobi ham chop etilgan. Ushbu toʻplam taniqli tarjimon Vasil Jukovich tomonidan belarus tiliga oʻgirilgan.