Milliy adabiyotimizdagi ushbu qutlug' sana arafasida bobomizning muhtasham haykali va barhayot nomi oldida biz har yili o'zimizning amalga oshirayotgan ishlarimiz, orzu-niyatlarimiz bo'yicha ma'naviy hisobot beramiz. Bu – jo'juq nabiralarning piri badavlat bobosi bilan savol-javob qilayotganiga o'xshaydi.
Davlatimiz rahbarining ezgu g'oyasi va tashabbusi bilan adabiyotimiz sorbonining ulug'vor haykali qibla tomonga yuzlantirib qo'yilgan tarixiy kunlardan buyon biz nafaqat tavallud kunlari, balki yil davomida – har kun, har soat ul ulug' zotning boy va betimsol adabiy merosiga qayta-qayta murojaat qilishga, o'qib-anglashga va targ'ib etishga o'rganib qoldik. Hazratning o'zlari “Har kunung o'lsin Navro'z” deganlariday, Navoiy asarlari mutolaasi bizning har kungi ma'naviy Navro'zimizdir.
Bu sertahlika va xavotirlarga to'lug' dunyoda tinchlik va do'stlik, bani bashar farzandlarining bir-biriga oddiy insoniy munosabatlari ham katta davlat sanaladi. Xolbuki, Navoiy bobomiz bir umr mana shu yuksak odamiylik tuyg'ularini kuylab o'tganlar.
Buyuk shoirning olamshumul ma'naviy obidasi sanalmish “Xamsa”ning “Saddi Iskandariy” dostonida jumladan, shunday misralarni o'qiymiz:
Jahon ichra g'avg'oyi xayli bashar,
Nizo uzra solg'ay base sho'ru shar.
Agar bo'lsa ba'zig'a ogohlig',
Bo'lib lek ko'prakka gumrohlig'...
Ko'rinib turibdiki, Navoiy bobo ham o'z zamonida jahondagi notinchlik va g'avg'olardan iztirob chekkan. O'z asarlari va ijtimoiy faoliyati bilan elu elatlar va odamlar o'rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishga ulkan hissa qo'shgan. Ayni paytda, shoirlar sultonining bu borada o'z qat'iy xulosasi bor, ya'nikim, “Vale har ne ish qilg'oning beg'araz, Topibdur bu olamda bir-bir evaz. Agar adl olamda tutmas vujud, Pushaymonlig' etmas bu olamda sud”, debon dunyoning mehvari faqat yaxshilik va adolatdan iborat ekanini alohida ta'kidlab o'tadi.
Yangi O'zbekistonimizda adabiyot, ma'naviyat, ilm-fan va ta'lim-tarbiyaga davlat miqyosida bu qadar yuksak e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki, muhtaram Prezidentimizning o'zlari buyuk adabiyotimiz, xususan, Navoiy bobo ijodiyotiga cheksiz hurmat va ehtirom bilan qaraydilar. Shu bois Navoiy bobo bizning kundalik ma'naviy-ijtimoiy hayotimizning bosh qahramoniga aylangani ham ayni haqiqatdir.
O'qish-o'rganish hammamiz uchun ham qarz, ham farz sanaladi. Keyingi paytda zamonning sharofati bilan noshirlik ishlari va kitobxonlik keng rivojlanmoqda. Bu yaxshi holat, albatta. Lekin bir xavotirli urf ham paydo bo'lyaptiki, Navoiy ijodini jo'nlashtirish, asl mazmundan chekinib, hoyu havas va soxta obro' yo'lida “xizmat” qilayotgan tabdilchilarning poyintar-soyintar ishlarini ham aytib o'tmoq joyiz, deb o'ylaymiz. Bulhavaslik hunar emas, albatta. Afsuski, ushbu ajabtovur ishga o'zimiz ham hissa qo'shayotganimiz yana-da ajablanarliroq...
Zamonaviy o'zbek shoirlari, o'tib ketgan ustozlarimiz Navoiy ijodiga muttasil murojaat qilib kelganlar. Ul sharif zotga bag'ishlab yozilgan she'ru dostonlarning o'zi bir ulkan kulliyot bo'ladi. Misol uchun, bu yil tavalludining 120-sanasiga taryorgarlik ko'rayotganimiz – akademik shoirimiz G'afur G'ulomning quyidagi satrlari barchamizning yuragimizdan joy olgan:
Duraxshon yulduzlar sari o'kirgan
Bo'ynida zanjiru qalbi ozod sher,
Insoniy muhabbat mehri-la vafo,
Erk va baxt timsoli ulug' Alisher...
Alisher Mushtariy yulduzi kabi
O'zbek osmonida balqigan chog'i
Yana bir muhtaram o'g'il ko'rganday
Kattaroq ochildi olam quchog'i.
Ustozimiz Abdulla Oripov esa, shogirdlik ehtiromini shunday satrlar bilan izhor etadi:
Boyqaro irg'ishlab istak otida,
Dunyoga boqqanda misli bola sher.
Hirot darvozasin bir qanotida
She'riy lashkarini tizgan Alisher.
Ma'lumki, Alisher Navoiy zamon evrilishlari va taqdir taqozosi bilan yigitlik davrining ikki-uch yilini Samarqand shahrida o'tkazgan. Ro'yi zamin sayqali bo'lmish Samarqand tuprog'ida muborak izlari qolgan.
Bugungi kunda Navoiy boboning yuksak umumbashariy g'oyalari va olamshumul orzu-niyatlari aynan shu shaharda ham o'z ro'yobini topmoqda. Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Samarqandda o'tkazilgan Sammiti buning yaqqol ifodasidir. Anjuman doirasida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik muhtasham nashri amalga oshirilib, taqdimoti o'tkazildi. Unda Navoiy ijodiga ham keng o'rin berilgan. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga ulug' adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov munosib ko'rilgani hamda hurmatli Prezidentimiz tomonidan mukofot ushbu anjumanda Qirg'iz Respublikasi Prezidentiga tantanali topshirlgani jahonshumul voqea bo'ldi.
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi