Avliyolar xoki yotgan tabarruk qadamjolarga borganda insonning ruhi yengil tortib, koʻngilga mayinlik, oʻzgacha taskin inadi. Ayniqsa, oʻtmish va bugun uygʻun ravishda yuksak meʼmoriy yechim asosida taʼmirlangan yoki qayta qad rostlagan, atrofi obod va soʻlim maskanga aylantirilgan ziyoratgohlar kishiga halovat va rohat baxsh etadi.
Imom Buxoriy, Naqshbandiy, Moturidiy, Termiziylar, Nasafiylar, maqbaralari, Zangiota ziyoratgohlari... Eh-he, bu kabi obod maskanlar yurtimizning har bir hududi – olis qishlogʻu ovullarida ham fayziyob ruhi bilan ziyoratchilar dilini charogʻon etib turibdi.
Kasbim taqozosi sabab ushbu tabarruk manzillarni qayta va qayta ziyorat etmoq baxti nasib etganini har gal yod etsam, qalbim iftixordan toʻlib-toshadi. Ammo charogʻbonlarimizning poyqadami yetgan, xoki taskin topgan tuproq – obod manzilga aylangan ziyoratgohlarga borganimda, ulugʻ bobokalonimiz hazrat Mir Alisher Navoiy mangu qoʻnim topgan qadamjoning bugungi holati, tasviri haqida oʻylab qolaman: – Qani endi shunday tabarruk va ulugʻ zotning xoki mamlakatimiz hududida boʻlganida edi, eng ulugʻvor, eng obod ziyoratgohga aylanardi... – Bu oʻy faqat mening xayollarimni band etmagan boʻlsa kerak...
Qoʻshni Afgʻonistondagi kechagi, bugungi holatni taʼrif etmasak-da, undan barcha yurtdoshlarimiz xabardor. Afgʻonistondagi siyosiy tanglik, nochor ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, nizo va urushlar sabab davlat obodonchilikka kam mablagʻ yoʻnaltiradi. Sirasini aytganda, urushlar obodonchilikning nasibasini qirqib keladi. Biroq zahmatkash xalq tahlikalar ichida yashasa-da, hazrat Navoiyga talpinadi. Cheksiz mehru muhabbati bilan hazratning osmon ostida osoyish topib turgan moʻjaz maqbarasini ziyorat qiladi, valiy zotlar qatorida koʻradi va ardoqlaydi.
Soʻnggi yillarda qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarimiz tiklandi va ancha jonlandi. Afgʻoniston bilan ham barcha sohalarda aloqalarni yangidan yoʻlga qoʻyish, ayniqsa, qoʻshni mamlakatda tinchlik oʻrnatilishidan manfaatdor davlat sifatida yurt rahbarining jahondagi yuksak doiralarda mustahkam siyosiy iroda bilan azmu shijoat koʻrsatishi, dunyo afkor-ommasiga urush changalida qolgan Afgʻonistondagi vaziyatni oʻnglash borasida taklif va mulohazalarini bayon qilishi ikki qoʻshni yurt oʻrtasida oʻzaro ishonchning ortishiga sabab boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Afgʻoniston orqali dengiz yoʻlagiga chiqish boʻyicha “asr qurilishi” loyihasi yuzasidan ikki mamlakat uchun manfaatli rejalarni keltirib oʻtgani mustahkam hamkorlikka allaqachon dadil qadamlar tashlanganini koʻrsatadi.
...Oʻtgan yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi taklifi bilan afgʻonistonlik ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat va jamoat faollaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda boʻlgandi. Haftalik safar davomida mehmonlarga yoʻlchilik qildim. Ijodkor boʻlganim boismi, suhbatda ilk tugʻilgan savol hazrat Alisher Navoiy haqida, uning xoki qoʻyilgan Hirot haqida boʻlib oʻtgandi: har kuni bu mavzuga bot-bot roʻbaroʻ kelganmiz. Oʻylaymanki, har bir yurtdoshimizga uchragan yoʻlovchi Afgʻonistondanman desa, koʻz oʻngimizga hazrat Navoiy jonlanadi va oʻz-oʻzidan buyugimiz haqida nimadir soʻrashga chogʻlanamiz.
Aslida ham xalqlarimiz oʻrtasida eng ulkan koʻprik Alisher Navoiydir. Biz hamisha oʻzbek adabiyotining quyoshi – Navoiyga talpinamiz. Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz mangu qoʻnim topgan manzilni obod koʻrgimiz, ruhini shod etgimiz keladi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 31-may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar bilan tanishdi. Xususan, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Xalqimiz uchun, dunyo ahli uchun tahlikali oʻtgan 2020-yilning soʻnggida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror yurtimiz dahosiga yuksak ehtirom boʻldi. Bu tarixiy hujjatda Afgʻonistonning Hirot shahrida Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish va natijasi boʻyicha davlat rahbariga taklif kiritish vazifasi belgilab berilgan edi.
Mazkur hujjat orqali yuklatilgan vazifani bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri rahbarligida ishchi guruh tuzildi. Adabiyotshunos olimlar, qurilish sohasi mutaxassislarini oʻzida jamlagan ishchi guruh oʻtgan yilning soʻnggi oyida Hirot shahrida boʻlib qaytdi.
Uch kun davom etgan safar Hirot viloyati hokimi Abdul Vohid Qattoliy bilan muzokaralardan boshlandi. Tarixiy shahar mutasaddilari bilan ulugʻ bobokalonimiz maqbarasi majmuasida qurilish-obodonlashtirish ishlarini olib borish boʻyicha batafsil kelishib olindi.
Viloyat hokimi hamrohligida Alisher Navoiy maqbarasi borib koʻrildi, majmuani qayta qurish, mavjud maqbarani taʼmirlash, atrofini obodonlashtirish boʻyicha yangi loyiha uchun maʼlumotlar toʻplandi. Ayni damda Alisher Navoiy maqbarasining tashqi devorlari eni va boʻyi 7,57 metrni, balandligi – imorat tomigacha 4,57 metrni, gumbazgacha 7,61 metrni tashkil qiladi.
Xoʻsh, soʻz mulkining sultoni, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy maqbara majmuasi uchun endi qanday loyiha taklif etilmoqda?
Hirot shahriga xizmat safaridan soʻng yirik mutaxassislar afgʻonistonlik hamkasblari bilan birgalikda qad rostlayajak majmuani anʼanaviy meʼmorchilik, sanʼat va bezak elementlaridan foydalangan holda taʼmirlash va tiklash loyihasini ishlab chiqdi. Unga koʻra, mavjud maqbara oʻsha davr ruhiga mos ravishda mutaxassis-ustalar yordamida mukammal taʼmirlanadi. Alisher Navoiy qabrida oʻrnatilgan toshga bitilgan yozuv, uning naqshlari, hajmi obidaga uygʻun boʻlmagani sabab yangisiga almashtiriladi.
Maqbara atrofi ochiq, qarovsiz ahvolga kelib qolgani bois tarixiy ruhga mos devor bilan oʻraladi, majmuaga kiraverishda darvoza oʻrnatiladi. Atrofdagi 700-750 kv.m. maydonda obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish ishlari bajariladi.
Majmuada ziyoratchilar aylanishi uchun yoʻlaklar, hordiq chiqarishlari uchun dekorativ oʻrindiqlar oʻrnatiladi. Maqbaraning kirish va qolgan yoʻlaklariga Navoiyning hikmatli soʻzlari bitilgan kitob koʻrinishidagi belgilar qoʻyiladi. Barpo qilinadigan bogʻda hududning tabiiy sharoiti inobatga olinib, mahalliy daraxtlar, jumladan, anor koʻchatlari oʻtqaziladi. Majmua hududi koʻkalamzorlashtiriladi.
Kirish qismida sakkiz burchakli masjid hamda chap va oʻng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi koʻrinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi.
Hazrat Mir Alisher Navoiyga atalgan mazkur obida bobokalonimizning 580-yillik yubileyiga munosib tuhfa boʻladi. Buyuk ajdodimiznig koʻnglida ezgulik bogʻi barq urganini, nafaqat shoir, tafakkurimiz charogʻboni, balki davlat arbobi, ilm-maʼrifat va xalq homiysi sifatida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirganini iftixor bilan yod etamiz.
Oʻz davrida yurtni obod, xalq koʻnglini shod etgan, necha asrlar oʻtsa-da, asarlari bilan dunyo ahlini hayratga chulgʻab kelayotgan buyuk zotga ehtirom koʻrsatmoq uning vorislariga munosib ishdir.
Endi buyuk bobokalonimiz xoki qoʻyilgan zamin obod manzilga aylanadi. Hirotda, ulugʻ qadamjoda yangi Oʻzbekistonning nafasi ufurib turadigan boʻladi... Yuqorida iqtisodiyotimiz koʻprigi, Afgʻoniston, Pokiston orqali dengiz portlariga olib chiquvchi yoʻl – “asr qurilishi” haqida soʻz ochgandik. Hazrat Navoiyning xokini obod etib, majmua barpo qilmoqdek xayrli ishda ham asrlarning aksi tushib turibdi...
Faxriddin HAYITOV,
Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini
rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi