Alisher Navoiy nega zakot bermagan?

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir olimlar va akademiya talabalari oʻrtasidagi shunday qizgʻin suhbat, buyuk mutafakkar haqidagi qiziqarli maʼruzalar asosida oʻtdi.

    – Hazrat Navoiy shariatning hajdan boshqa barcha amallarini bajargan. U juda boy odam boʻlgan, lekin shunga qaramay zakot bermagan ekan? Nega bermagan, deb oʻylaysiz?

    – Zakotning qoidasi maʼlum miqdordagi pul uyda turgan boʻlsa, shundan beriladi. Bu sahobalar davrida ham kuzatilgan. Sahobalar boy boʻlishgan, ammo katta ehson qilganliklari uchun qoʻllarida zakot beradigan miqdorda pul boʻlmagan. Alisher Navoiy ham shu darajada koʻp ehson qilganki, zakot berishga hojat qolmagan, deb oʻylayman.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir olimlar va akademiya talabalari oʻrtasidagi shunday qizgʻin suhbat, buyuk mutafakkar haqidagi qiziqarli maʼruzalar asosida oʻtdi.

    Yuqoridagi savol muallifi, atoqli adabiyotshunos olim, Alisher Navoiy nomidagi Davlat muzeyi direktor oʻrinbosari, filologiya fanlari nomzodi Otabek Joʻraboyevning “Alisher Navoiy barcha zamonlarning buyuk insoni” mavzusidagi maʼruzasi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

    Shuningdek, akademiyaga kelgan mehmonlar orasida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti oʻqituvchisi, navoiyshunos olima Mamlakat Latipova, Mudofaa vazirligining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boʻlim muharriri, katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov, tadqiqotchi Jamoliddin Abdullayev buyuk shoir dahosi haqida zavq bilan gapirishdi.

    “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori F.Karimov, falsafa fanlari nomzodi B.Valiyev, siyosiy fanlari nomzodi M.Nazirovlar talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

    Tadbir yakunida oʻtkazilgan “Bilimdonlar bahsi” Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlandi. Bahs gʻoliblariga mehmonlar oʻzlarining sovgʻalari – kitoblarni esdalik uchun tahfa etishdi. Ustozlar buyuk shoir merosini oʻrganish, tadqiq qilish akademiya talabalari uchun zarur va ahamiyatli ekani, bu kabi uchrashuvlar va bahslar yana davom etishini taʼkidlab oʻtishdi.

    N.NAMOZOVA,

    S.Maxsumova,

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchilari