Onalarning tilida, dilida Vatan!

    Insonning yashab turgan manzili, tabiati, qarindosh-urugʻlari, yaqin birodarlari, unda qaror topgan urf-odatlar, qadriyatlar hamma-hammasi – Vatan.

    Uni misoli togʻ deb faraz qilsak, togʻning yaqinida turib, ulugʻvorligini his eta olmaganimiz kabi bagʻrida ekanimizda ham har doim qadrini anglab yetavermaymiz. Togʻning bor boʻy-basti, haybati uzoqdan yaqqol koʻringanidek, Vatan hissi ham insonga yiroqda boʻlganida seziladi. Shuning uchun ham turli sabablar bilan oʻzga yurtlarda yashayotgan, umri musofirlikda oʻtayotgan vatandoshlar yurt tuprogʻini qoʻmsaydi. Yurtga qaytishni orzu qilib, sogʻinib yashaydi.

    Eng baland imoratlar ham poydevordan boshlanadi. Vatanparvarlik tuygʻusi-chi? Har bir bola tarbiya asosini, eng avvalo, oilada oladi. Oʻgʻil-qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda taʼlim tizimi oiladan keyingi oʻrinda turadi. Boisi, bolalar koʻpincha ona bilan yaqin muloqotda boʻladi. Birlamchi hayotiy koʻnikmalarni, Vatanga sadoqat, ota-ona va atrofdagilarga mehr-muhabbat kabi yuksak axloqiy va maʼnaviy fazilatlar ona bergan tarbiyadan boshlanadi.

    Ular zimmasiga farzandlarini sogʻlom tarbiyalash bilan birga, dilbandlariga maʼrifat eshigini ochishdek, jamiyatga ruhan tetik, vatanparvar farzandlarni tarbiyalab berishdek mashaqqatli vazifa ham yuklangan. Uyda, oilada, farzandlar tarbiyasida vatanparvarlik qadriyatlari, oʻzlikni ardoqlash, Vatanga mehr-muhabbat tuygʻulari aynan ona mehri, ona tili orqali singdiriladi.

    Aslida, vatanparvarlik, el-yurtga fidoyilik, bir qarashda, oddiy narsadek tuyuladi. Lekin u hayot talabi boʻlgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi. Zero, mehribon onasi, oilasi, farzandlari baxtli boʻlishini istagan har qanday inson bu yoʻlda oʻzini, butun borligʻini baxshida etishga tayyor turadi.

    Vatanparvarlik insonning oʻz oilasiga, avlod-ajdodlarining or-nomusiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga va soʻziga sodiqligidir. Inson bolalik chogʻidan xalqiga, uning anʼanalariga, tili va madaniyatiga muhabbat va hurmat ruhida tarbiya topmas ekan, unda vatanparvarlik hissi boʻlmaydi.

    Yoshlarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashda, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirishda yurtimiz mustaqilligi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimizni misol qilib koʻrsatishimiz mumkin. Xalqimizning Toʻmaris, Shiroq, Spitamen, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari mard va jasur farzandlari yosh avlod uchun ibrat timsolidir. Ularning oʻchmas jasorati tarix zarvaraqlariga mangu bitilgan. Bu buyuklarimiz bilan faxrlanishi, ularga munosib boʻlishi uchun ularning bosib oʻtgan shonli yoʻlini bolalarimizga hikoya qilib yoki manbalardan oʻqib berishimiz lozim.

    Oilada ona zukko, bilimdon, yuksak maʼnaviyatli boʻlsa, vatanparvar, aqlli, goʻzal xulqli farzandlarni voyaga yetkazadi. Sohibqiron Amir Temur oʻz tuzuklarida “Kelin izlamoqqa eʼtibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim. Kelin boʻlmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim, sogʻligʻi, jismoniy kamolotini aniqladim, barcha qusurlardan xoli boʻlsagina kelin tushirdim”, deb bejiz yozmagan.

    Fikr-mazmuni teran, boshqacha aytganda, soʻz xazinasining duru javohirlarini oʻzida mujassam etgan shunday xalq maqollarimiz borki, ularda vatanparvarlik tuygʻusi oʻz aksini topgan, Vatanga muhabbat, cheksiz mehr va sadoqat ulugʻlanadi. Deyarli hamma biladigan “Bulbul chamanni sevar, odam vatanni” maqolida Vatan tushunchasining ahamiyati nechogʻliq muhim ekani qayd etiladi. Bulbul chamanda qanday yayrasa, inson ham oʻz vatanida shunday erkin yashaydi. Bulbul bogʻu chamanlarni sevgani kabi inson ham, u qanday boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz ona yurtini sevishi, unga sodiq boʻlishi darkorligi uqtirilib, ona yurtining begona yurtlardan har tomonlama afzal ekani bayon etilgan.

    “Ona yurting omon boʻlsa, rangi roʻying somon boʻlmas” maqoli har bir shaxsning tugʻilgan joyida farovon yashashi uchun maʼlum bir maʼnoda undan vatanga boʻlgan burch ham talab etilishini anglatadi. Yaʼni faqat harbiylar emas, har bir inson oʻz yurtining tinch boʻlishiga hissa qoʻshib, uning vayron boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, dushmanlarga oyoqosti qildirmaslik lozimligi uqtiriladi.

    Maqolning boshqa varianti “Yurt qoʻri — eling oʻsar, qoʻrimasang — uying toʻzar” koʻrinishida keladi. Bundan koʻrinadiki, yurtdoshlarimiz kim boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzining kamoloti uchun oʻz shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatlari bilan uygʻunlashtirib yashashi kerak. Mana shunday oʻzbek xalq maqollari bitilgan kitoblarni xarid qilib, bolajonlarga tavsiya qilsak, nur ustiga nur boʻladi.

    Millatimiz onalari — momolarimiz Buxoriy, Forobiy, Xorazmiy, Bahovuddin Naqshband, Ibn Sino, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi dunyoni lol qoldirgan koʻplab ajdodlarimizning beshigini tebratgan, ilmni mukammal egallagan dono insonlar qilib voyaga yetkazgan. Biz, onalar ham ularning munosib izdoshlari boʻlaylik. Kelajakda yurtimiz dovrugʻini dunyoga taratadigan farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazaylik.

    Jamiyatimizda vatanparvar va fidoyi insonlar qanchalik koʻp boʻlsa, yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ulugʻ maqsadimizga erishish yoʻlida barcha iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda shuncha koʻp tub oʻzgarishlar roʻy beradi. Inchunin, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hech qachon oʻz dolzarbligini, ahamiyatini yoʻqotmaydigan masaladir.

    Zuhra MIRGAZIYEVA,

    Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari,

    Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi