Unda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, ilmiy ishlar sohasida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish va hamkorlik memorandumlarini imzolash masalalari muhokama etildi.
Majid at-Turkiy ikki mamlakat tarixan oʻzaro bir-biriga bogʻliqligini, qardosh xalqlarimiz oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan birodarlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
“Oʻzbekiston oʻzining ulkan tarixi va boy madaniyati bilan boshqa davlatlardan ajralib turadi. Shuningdek, oʻzbek xalqi oʻzining mehmondoʻstligi bilan juda mashhur. Ushbu zamindan Islom tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan yirik allomalar yetishib chiqqan”, — dedi u.
Saudiya vakili, shuningdek, Rus-arab tadqiqotlar va axborot markazi dunyo miqyosida 35 dan ortiq ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatganini, ulardan 6 tasi Oʻzbekistondagi ilmiy markazlar ekanini bildirdi.
Tomonlar Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Rus-arab tadqiqotlar va axborot markazi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, birgalikda ilmiy maqolalar tayyorlash va nashr etish, davra suhbatlarini tashkil etish boʻyicha kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.