Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlarni ijtimoiy, moddiy yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur shart-sharoit yaratish, yoshlar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish davlat ahamiyatidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Shuningdek, bu boradagi normativ-huquqiy baza mustahkamlanmoqda.
Millat ma’naviyatini yuksaltirish, xalqning rivoji, intellektual salohiyatini oshirishda, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek yuksak marralarga erishishda pedagoglar, professor-o‘qituvchilarning o‘rni muhim. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, ustozlar qadri, sha’ni va g‘ururini yuksaltirish, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyamizning yangi tahririda ham o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq normalarning mustahkamlangani ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Xususan, 52-moddada O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi, shuningdek, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi o‘z ifodasini topdi.
Ushbu normalar jamiyatimizda ustoz-pedagoglarning sha’ni va obro‘sini yanada yuksaltirish, hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi azaliy qadriyatlarimiz bardavomligini ta’minlashga zamin bo‘lishi bilan ahamiyatli. Qolaversa, davlat ta’lim fidoyilarini ijtimoiy-moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmasiga olishi, ularning o‘z ustida ishlashi, kasbiy tajriba orttirishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi minglab ustoz-murabbiylar uchun katta rag‘bat, motivatsiya bo‘ldi.
Mashhura OTAJONOVA,
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi