O'quvchilarga zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarni o'rgatmoqdamiz

    Ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 11-sentyabrdagi maxsus farmoni bilan “O'zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

    Mazkur Strategiyadan ko'zlangan asosiy maqsad islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatning jadal rivojlanishiga zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi farovonligiga erishishdir.

    Shulardan eng muhimlari: xalqimizning erkin va farovon, chinakam qudratli Yangi O'zbekistonga aylanish bo'yicha xohish-irodasini ro'yobga chiqarish, har bir fuqaroga o'z salohiyatini kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlarni hozirlash, sog'lom, ilmli va ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash singari ustuvor vazifalardir.

    Xususan, professional ta'lim muassasalari moddiy-texnik bazasini takomillashtirish va ta'lim sifatini keskin ko'tarish masalalariga jiddiy e'tibor qaratilgan. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O'zbekiston – 2030” strategiyasida quyidagi ulkan g'oyalar, rejalar aks ettirilgan:

    - barqaror iqtisodiy o'sish orqali daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoridan o'rin olish;

    - aholi talablariga va xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;

    - aholi uchun qulay ekologik sharoitlar yaratish;

    - xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;

    - mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta'minlash.

    Boshqacha aytganda, jamiki islohotlar zamirida insonparvarlik va adolat, shaxs huquqlari, uning sha'ni va qadr-qimmati kabi umuminsoniy tamoyillar mujassamlashgan. Yurtimizdagi qizg'in demokratik o'zgarishlar mazkur ezgu tamoyillar hayotga izchillik va qat'iyat bilan tatbiq qilinayotganining yorqin dalili, rasmiy ifodasi sifatida e'tirofga loyiq.

    Rahbarligimdagi muassasada ham yoshlarni kasb-hunarga o'rgatish va kelgusida mehnat bozoridagi yetuk darajali kadrlar bo'lishlari uchun tinimsiz sa'y-harakatdamiz. Jumladan, pedagoglar va ishlab chiqarish ta'limi ustalari bilan muntazam ravishda ochiq darslar va "master-klass"lar o'tilyapti. Qolaversa, kasb va mutaxassisliklarga oid nazariy-amaliy ko'nikmalarni boyitishga alohida ahamiyat ko'rsatilmoqda.

    Bugungi kunda mehnat bozoridagi ehtiyojga muvofiq, kerakli kasblarga o'qitish niyatida yangi yo'nalishlarni ochish yuzasidan aniq takliflar tayyorladik. Bundan tashqari, yakunlanayotgan 2023-yilda yigit-qizlarning zamonaviy kasblarni egallashi barobarida kamida 3 ta xorijiy tilni o'zlashtirishlari uchun chet tili kurslarini tashkil qildik va ularga biriktirilgan Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'ydik.

    Gulchehra QAYUMOVA,

    To'raqo'rg'on tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabi direktori,

    “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi