Orolbo'yi hududidagi erlarda “YAylovlar xaritasi” tuziladi

    Yashil sayyora 24 May 2020 1699

    YAylov chorvachiligi jahonning ko'pchilik mamlakatlarida qishloq xo'jaligining muhim tarmog'i hisoblanib, yaylovlarning katta qismi tabiiy em-xashak resursi sifatida foydalaniladi va bu hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatadi.

    O'zbekistonda chorvachilik qishloq xo'jaligining etakchi sohalaridan biri bo'lib, aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda alohida o'ringa ega. Ushbu tarmoqning qishloq xo'jaligi yalpi mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 46,3% ni tashkil etadi. 1991 yildan buyon mamlakatimizda qoramollar soni qariyb 1,5 baravar ko'paygan bo'lib, bu O'zbekistonda go'sht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qishloq xo'jaligi yalpi mahsulotida chorva mahsulotlari ulushining o'sishida muhim omil bo'ldi.

    Biroq, O'zbekistonning yaylov erlaridan foydalanishda chorvachilik iqtisodiyoti rivojlanishiga sezilarli darajada ta'sir qiluvchi omillar va boshqa qator sabablar tufayli paydo bo'lgan erlar degradatsiyasi oqibatida keskin ekologik vaziyatlar ham vujudga keldi. Bu yaylovlardan foydalanishning barqaror modeliga o'tishni, ya'ni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish negizida yaylov resurslarini investitsiyaga yo'naltirilgan holda ularning o'tgan va kelajakdagi imkoniyatlarini mustahkamlashni talab etmoqda.

    Tan olish kerakki, zamonaviy yaylov chorvachiligida yaylov xususiyatlari to'g'risida axborotning etishmasligi xo'jalik chorvachiligini boshqarishda bir qator kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu o'rinda, chorva mollarini kerakli mavsumda zaruriy oziqaga ega boy yaylov zonalarida boqish, past rentabelli, zaharli em-xashak o'tlari ko'p bo'lgan hamda inqirozga moyil va turg'un shakllanmagan yaylovlardan cheklanish haqida gap ketmoqda.

    Prezidentimizning joriy yilning 31 yanvar` kuni respublikamizning ko'zga ko'ringan ilm-fan nomoyondalari va yosh olimlari bilan matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantirish bo'yicha olib borgan uchrashuvi natijasida hamda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining qo'llab-quvvatlashi asosida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari respublikamiz o'rmon fondi erlaridagi tabiiy yaylov resurslarining elektron-raqamli va geoaxborot tizimlariga asoslangan ma'lumotlar bazasini yaratishni boshlab yubordi. Buning uchun Mo'ynoq davlat o'rmon xo'jaligi erlari tanlab olindi.

    Tabiiy savol tug'iladi: nima uchun aynan Muynoq davlat o'rmon xo'jaligi yaylovzorlarini inventarizatsiyalash maqsad qilib olindi? Albatta, bunga birinchi navbatda olimlik qiziqishimiz turtki bo'ldi. Qolaversa, Qoraqalpog'iston Respublikasida hududi bo'yicha Mo'ynoq tumani Qo'ng'irot tumanidan keyingi ikkinchi o'rinda turadi. Maydoni qariyb 4 million gektarni tashkil etib, tumanning asosiy qismini o'rmon xo'jaligi tasarrufidagi erlar tashkil etadi.

    Orolni o'z holiga tashlab qo'ya olmaymiz!

    Geobotanik olimlarni eng ko'p qiziqtiradigan jarayon o'simlik qoplami kechadigan o'z-o'zini tiklash jarayonlarini tatqiq etish va uning sirlarini o'rganishdir. Orol dengizining qurigan tubini – tabiatda o'z-o'zini tiklash jarayonlari sodir bo'layotgan yirik arena, deb aytish mumkin. ekotizimlarning shakllanish jarayonlari va uning dinamik tendentsiyalarini o'rgangan holda tabiatdagi muhim fundamental qonuniyatlarni kashf qilish mumkin.

    Tabiat shunday entropiya asosida xarakat qiladiki, agar inson tabiatni “tinch” qo'ysa, antropogen ta'sir natijasida ekotizimda sodir bo'lgan biror-bir salbiy o'zgarishlar o'z-o'zidan tabiiy jarayonlar asosida tiklab boriladi. Agarda, Orol dengizining suvi ketgan dastlabki hududlariga – Mo'ynoq tumanining janubiy va janubi-g'arbiy qismlariga razm solsak, u joylarda ma'lum qonuniyatlar asosida shakllangan turg'un tabiiy o'simlik jamoalarini ko'rish mumkin va bu jarayonlar o'ta sekinlik bilan 30-40 yilda sodir bo'ladi. Biroq, dengizning qurigan tubidan ko'tarilayotgan tuzlarning inson salomatligi va qishloq xo'jaligi ekinlariga ko'rsatayotgan doimiy zararli ta'sirlari tabiiy tiklanish jarayonlarini tezlashtirish uchun inson aralashuvi zarurligini belgilab berdi va shu asnoda dengizning qurigan tubida o'rmonzorlar barpo etish ishlari jadal tashkil qilinmoqda.

    “YAylov xaritasi” bizga nima beradi?

    Olib borayotgan tadqiqotlarimizda Orol dengizining qurigan sathida turg'un shakllangan va shakllanishda davom etayotgan yaylov xillari ustida uzoq muddatli monitoring yuritishning ilmiy asoslarini yaratish va Mo'ynoq tumanini yaqin kelajakda chorva mahsulotlari hisobiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalaniladigan elektron-raqamli geoaxborot ma'lumotlar bazasini shakllantirish asosiy maqsad qilib olingan.

    Tadqiqotlarimiz yakunida Mo'ynoq davlat o'rmon xo'jaligining elektron-raqamli “YAylovlar xaritasi”, “YAylovlar sig'imi xaritasi” va “YAylovlardan mavsumiy foydalanish” xaritalarini yaratish hamda yaylovlarning kadastrini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    To'g'ri tuzilgan va ko'p axborotlar saqlovchi yaylovlar xaritasini insonning yirik chorvachilik ishlab chiqarish bilan bog'liq faoliyatini boshqarish yoki yaylov chorvachiligini shakllantirishni qulaylashtirish imkoniyatiga ega “yordamchi” deb atash mumkin. Unda, tuman o'simliklar qoplami va yaylovlarining zamonaviy holati to'g'risida barcha zaruriy axborotlar yaqqol ko'rinib turadi. Mo'ynoq tumani yaylovlarining 3 turdagi yaylov xaritalari axborotlashishiga ko'ra, kompleks-raqamlangan harakterga ega bo'lib, xaritalar bir paytning o'zida farqlanadi, ammo bir-birini o'zaro to'ldiradi.

    Ushbu haritalar yaylov xillarida boqiladigan chorva mollarining bosh sonini aniqlash, oziqaviylik qiymati yuqori bo'lgan yaylov konturlarini belgilash va bunday hududlarda chorva mollarini boqishni tashkil etish, mavsumiy boqiladigan hududlarni aniqlash va samarador lokalizatsiyasini ta'minlash uchun qulayliklar yaratadi. Bu esa, kelajakda, yirik chorva komplekslari tashkil etiladigan Mo'ynoq tumanida chorvachilik bazasini kengaytirish imkoniyatlarini baholash va zamonaviy chorvachilik menejmentini tashkillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Mo'ynoq tayanch hududga aylanadi

    Mo'ynoq davlat o'rmon xo'jaligi hududi nihoyatda katta bo'lib, uni belgilangan muddatda an'anaviy tadqiqot usullari bilan o'rganishning iloji yo'q. SHuning uchun, biz tadqiqotlarga Erni masofadan zondlashning zamonaviy usullari va innovatsion metodlarini qo'llagan holda o'rganishni lozim topdik. Bu usullar majmuasi bugungi kunda tabiatda kechayotgan har qanday dinamik jarayonlarni o'rganishda qo'l kelmoqda.

    Bu o'rinda, sun'iy yo'ldosh ma'lumotlari alohida ahamiyatga ega. Ular o'zida o'simlik qoplamining holati to'g'risida ko'pgina foydali axborotlarni saqlaydi. Sun'iy yo'ldosh ma'lumotlari bilan tarixiy davrlarga ham “nazar” solish imkoniyati mavjud. Ushbu axborotlarni tegishli dasturlar va o'simlik qoplami indekslari orqali qayta ishlash asnosida foydalanuvchi o'ziga kerakli bo'lgan natijalarni oson qo'lga kiritishi mumkin. Bu tezkor usullarni qo'llash yaylovshunos olimlarga vaqt va mablag'ni tejash hamda dala ekspeditsiyalaridan oldin ishonchli ma'lumotlarga ega bo'lishda muhim ahamiyatga ega.

    Sun'iy yo'ldosh arxiv ma'lumotlarining dastlabki tahlili natijalaridan shu narsa aniq bo'ldiki, Mo'ynoq tumani yaqin kelajakda mamlakatimiz yaylov chorvachiligining tayanch hududlaridan biriga aylanadi. Jumladan, 1990-2019 yillar oralig'ida Orolning qurigan tubida o'simlik qoplamining paydo bo'lish dinamikasida o'simlik qoplami shakllanishiga moyil zonalarning paydo bo'lishi yuqori-ijobiy tendentsiyaga ega ekanligini ko'rsatdi. eng qiziqarli tarafi, Vojrojdeniya oroli va unga tutash hududlarda tarixiy O'rta Osiyo qumli cho'llari florasini o'zida aks ettirgan juzg'unzor va cherkezzorlarning, gipli cho'llarini o'zida ifoda etgan shuvoqzorlarning paydo bo'lganligidir. Orolning qurigan tubida bunday o'simlik jamoalarining paydo bo'lishi hududda turg'un o'simlik qoplamini shakllanishini jadal ketayotganligini va bunda tuz bo'ronlarini saqlashda muhim ahamiyatga ega butazor va daraxtzorlarning ustunlik qilishini anglatadi.

    Barchaga sir emaski, suv resurslarini kelajakdagi holatini uylamay amalga oshirilgan qishloq ho'jaligidagi “xo'jasizlarcha” iqtisodiy islohotlar natijasi o'laroq “Orolqum” sahrosi paydo bo'ldi. “Orol dengizini qayta tiklashning iloji yo'q. SHunga ko'ra, bizning vazifamiz Orol talofatining salbiy oqibatlarini atrof-muhit va insonlarning turmush sharoitiga ta'sirini kamaytirishdan iboratdir”. Prezidentimizning aytgan ushbu gaplar hamda Orolbo'yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb, e'lon qilinishi nafaqat mamlakatimizda qo'p yillik tajribalar asnosida shakllangan mustahkam iqtisodiy islohotlarni, balki jahonda qo'lga kiritilgan ilmiy ishlanmalarni ham Orol dengizining qurishi natijasida ko'proq zarar ko'rgan Mo'ynoq tumanini iqtisodiy-ijtimoiy infrastrukturasini yahshilash hamda tabiiy ekotizimlarini qayta tiklash jarayonlariga safarbar qilinishiga turtki bo'ldi. So'nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida sho'rga va issiqqa chidamli o'simlik turlaridan iborat o'rmonzorlarni barpo etish ko'lamining oshirilishi esa diqqqatga sazovordir. Ushbu tadbirlar natijasining eng e'tiborli tomoni shundan iboratki, yaqin yillar ichida jahon haritalarda sho'rhoklik va botqoqlik deb qayd etilgan unumsiz qurigan dengiz tubida yangi moslashuvchan ekotizmning barpo bo'lishidir va, ishonamizki, bu olamshumul tadbirlar samarasi insoniyatni tabiat oldidagi “insonparvarlik qarzdorligining” eng oliy ko'rinishi sifatida e'tirof etiladi.

    Behzod ADILOV,

    O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika

    instituti Geobotanika va o'simliklar ekologiyasi

    laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari nomzodi