Ekologik zararlarni majburiy sugʻurtalash tizimi joriy etilishi mumkin

    Bu boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Loyihada atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlarini ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yil 1-avgustdan boshlab yangi tartib joriy etilishi mumkin.

    Birinchi bosqichda – atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan korxonalarga:

    • tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;
    • tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish koʻzda tutilmoqda.

    Ikkinchi bosqichda – monitoring stansiyalarini oʻrnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish belgilanadi.

    Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladigan xulosa asosida taqdim etiladi.

    Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan xoʻjalik faoliyatini yurituvchi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan ekologik zararlarni majburiy sugʻurtalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.