Orolbo‘yining nurafshon tongi

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga safaridan keyingi o‘ylar.

    Davrimizning shiddati tez. Parvozi baland. Yalpi jamiyatda safarbarlik hissi tobora oshib bormoqda. Odamlar ertangi kunga, buyuk kelajakka katta ishonch bilan qaramoqda. Bunday kayfiyat va umummilliy jo‘shqinlik tabiiy ravishda umumxalq tashabbuskorligini, milliy uyg‘onishni yuzaga keltiradi. Bu esa haqiqiy taraqqiyotning, jadal rivojlanishning muhim asoslaridan biri hisoblanadi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bir paytda buyuk tarixga, mahobatli o‘tmishga, bir necha sivilizatsiyalarga guvoh bo‘lgan Yangi O‘zbekistonning fuqarosi sifatida yangilanishlar jarayoniga men ham alohida qiziqish bilan qarayman. Unda o‘zimning, farzandlarimning, nevaralarimning porloq istiqbolini ko‘raman.

    Ko‘p yillik amaliy va hayotiy tajribam, turli davrlardagi siyosiy rejimlar va tuzumlarni ko‘rgan bir fuqaro sifatida Konstitutsiyaning birinchi moddasiyoq mening qalbimni to‘lqinlartirib yuboradi. Bot-bot, qayta-qayta Konstitutsiyaga nazar tashlar ekanman, unda shonli, shukuhli, jahon hamjamiyatida o‘z so‘zi, o‘zining qat’iy siyosiy pozitsiyasi bilan katta mavqega ega bo‘lgan davlatimning, ulkan tarix va madaniyatga vorislik qilayotgan ona xalqimning qiyofasini ko‘raman.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya matnini o‘qir ekanman, ancha katta mehnat, ilmiy salohiyat, nazariy-fundamental asos, jahon konstitutsiyaviy ilg‘or tajribalari bilan milliy qadriyatlarimiz, bir necha ming yillik davlatchilik tajribalarimiz, xalqimizning ma’naviy-ruhiy qadriyatlari uyg‘unlashgan mahobatli qadriyatni ko‘raman.

    To‘g‘ri. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya oldingisidan ko‘ra 65 foizga kengaygan. 128 moddadan 155 moddaga oshirilgan. Kiritilgan yangi tahrirdagi moddalarning asosiy qismi inson, uning sha’ni, qadru qimmati, yashash huquqi va uning hayoti kafolatlaridan iborat. Bu Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi tobora insoniylashganidan, keng ko‘lamli insoparvar davlat siyosati tobora takomillashib borayotganidan dalolat beradi.

    Turli davrlarda, turli siyosiy rejim sharoitida turli Konstitutsiyalarni ko‘rdim. Ularni bir-bir ko‘zdan kechirdim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘z yugurtirar ekanman, uning birinchi moddasiyoq diqqatimni tortdi. Bundan quvonib ketdim, juda katta huquqiy, siyosiy, ma’naviy sakrash yuz berayotganini chuqur angladim. Yangi O‘zbekistonda butunlay yangi, dunyo konstitutsiyalaridan farqli, ularning birontasida o‘z aksini topmagan siyosiy-huquqiy g‘oya ilgari suriladi. Zotan, uning birinchi moddasida demokratik, huquqiy va ijtimoiy qadriyatlar o‘z ifodasini topgan. Ma’lumki, ijtimoiyot tushunchasi inson, uning qadru qimmati, sha’ni mavjudligini bildiradi.

    Ijtimoiy davlat, bu – inson qadru qimmati hamma narsadan ulug‘, inson sha’ni, har narsadan muqaddas, degan g‘oyat insonparvar va adolatli konsepsiyaga asoslanadi. Demak, Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan siyosiy konsepsiyasi qonun bilan kafolatlanib, Konstitutsiyaga asos qilib olinib, “Avval – inson, keyin jamiyat va davlat” tamoyili istiqbolini himoya qiladigan Asosiy qonun dunyoga keldi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning birinchi moddasida davlat siyosatining ham, jamiyat qarashlari va buyuk maqsadlarining ham, har bir fuqaro mavjudligi, qadru qimmati, sha’ni, shaxsiyati va baxtli-saodatli kelajagi o‘z ifodasini topgani uning butun qadriyatini belgilaydi.

    Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilish jarayonida, umumxalq referendumiga katta tayyorgarlik ko‘rilayotgan hozirgi sharoitda jamiyatning ko‘tarinki kayfiyati, umumiy maqsadlar atrofida birlashish ruhiyati tobora chuqurlashib bormoqda. Har bir fuqaro Konstitutsiyada o‘z taqdirini, oilasi, farzandlari istiqbolini, ularning baxtli, saodatli, tinch va farovon kelajagini ko‘rmoqda. Shuning uchun uni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlash tadorigidamiz.

    Insoniyatning ko‘p ming yillik taraqqiyoti shundan dalolat beradiki, qachonki jamiyatda ruhiy ko‘tarinkilik, tashabbuskorlik, kelajakka intilish hissi kuchaygan davrlarda misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishilgan. Hozirgi sharoitda Yangi O‘zbekistonda yangicha tafakkur, qat’iy va uzoqni ko‘zlangan maqsad, jamiyat, xalq va davlat ishiga daxldorlik hissi oshib borayotgani taraqqiyotning yangi davridan dalolat beradi. Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lgani va Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilgan ishlar, buyuk kelajakka qaratilgan zalvorli rejalar va ulkan maqsadlarni ko‘rib vohada sog‘lom ijtimoiy vaziyat, mustahkam ma’naviy va ruhiy ko‘tarinkilik mavjudligiga guvoh bo‘ldi. Orolbo‘yi xalqlarining ayni ana shunday kayfiyati va o‘z kelajagiga, taqdiriga yuksak ishonchi voha taraqqiyotining g‘oyatda katta miqyosdagi ko‘lamidan dalolat beradi.

    Qoraqalpog‘iston keyingi yillarda katta taraqqiyot yo‘liga chiqib oldi. Sanoat ishlab chiqarishi va qishloq xo‘jaligida butunlay yangicha munosabat yuzaga keldi. Bir qator tumanlar yaqin yillargacha faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanar edi. Keyingi yillarda tumanlarga sanoat kirib keldi. Zamonaviy aloqa, transport, ijtimoiy soha tarmoqlari keng rivojlandi. Olis tumanlarda turmush madaniyati, aholi dunyoqarashini boyitadigan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etildi.

    Inson tafakkuri hamisha o‘ziga xos ijobiy ta’sirlar, zamonaviy sivilizatsiya yutuqlari ta’sirida shakllanadi. Bir xil turmush tarzi chuqur ildiz otgan, hayotni faqat biqiq va doimiy shug‘ullanadigan ishidan iborat deb bilgan mikromakonda yangi sanoat korxonasining kirib kelishi o‘sha mikrohudud uchun mikrotsivilizatsiyaning o‘zginasidir. Faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ko‘nikib qolgan odamlar hayotiga ayni shu mahsulotlarni qayta ishlaydigan korxonalarning barpo etilishi tub aholi dunyoqarashini o‘zgartirdi. Ularning turmush madaniyati, aqliy salohiyati, intellektual imkoniyatlari kengaydi.

    Tasavvurida bo‘lmagan, xayolotiga sig‘maydigan kasblar, hunarlar, ish sohalari paydo bo‘ldiki, bu ularning hayotga qiziqishini, hayotning go‘zalligi, mazmuni tobora o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi ana shu jiddiy o‘zgarishlarning, yangilanishlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Aholi vujudidagi bunyodkorlik, yaratuvchilik imkoniyatlari kengaydi. U boshqa odamga, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z hayotini o‘zi qurib yo‘lga soladigan, o‘zining turmushiga o‘zi mazmun kiritadigan sivilizatsiyalashgan davrning sivilizatsiyalashgan odamiga aylanmoqda. Qoraqalpog‘iston xalqining buyuk qudrati, uning insoniy sifati ana shu bilan belgilanadi.

    Kegeyli tumanida sanoat korxonasi ilgari bo‘lmagan. Keyingi yillarda ana shu tumanda “Aqtuba tekstil” korxonasi barpo etildi. Bitta sanoat korxonasining ishga tushirilishi, shu tuman aholisi dunyoqarashini keskin o‘zgartirib qo‘ydi. Asosan ayollar ishlaydigan korxonaning barpo etilishi oila muhitini ham, onalik va fuqarolik hissini ham o‘zgartirib yubordi. Ushbu korxona yiliga uch million donadan ortiq trikotaj ishlab chiqaradi. Fabrikaga Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan eng zamonaviy uskunalar olib kelib, joylashtirildi. 500 ish o‘rni barpo etildi. Tuman miqyosidagi bunday siljish yiliga olti million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkonini beradi. Bu tuman ahli turmush tarzida ham, uning farovon va saodatli hayotida ham, mahalliy budjet samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Kegeyli tumanida ushbu korxonaning qurilishi va foydalanishga topshirilishi yangi mehnat sohasini, oldin ko‘rmagan va tasavvuriga sig‘maydigan kasblarni egallash ehtiyojini tug‘dirdi. Natijada korxona qoshida yangi kasb va hunarga tayyorlaydigan o‘quv markazi barpo etildi. Unda bir qator mahallalardagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, jamiyatda o‘z yo‘lini topdi. Shu bilan uning jamiyatga daxldorlik, davlat oldidagi majburiyat, fuqaro sifatidagi tashabbuskorlik va o‘z kelajagiga ishonch hissi kuchaydi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalarini respublika faollari bilan birgalikda keng muhokama qildi. Yig‘ilish avvalida Orolbo‘yi vohasida barpo etilgan bir yo‘la oltita yangi korxonani ishga tushirish marosimini o‘tkazdi. Bu o‘lka uchun juda katta ijtimoiy, iqtisodiy xodisa edi.

    Beruniy tumanida “Beruniy bug‘doy klaster”, “Rayhon apparel”, Qorao‘zak tumanida “Qoraqalpoq sement” zavodining uchinchi bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanida “QKRasi kemikal”, Nukus shag‘rida “Azimut hotel”, To‘rtko‘l tumanida “Xozagro” vakillari o‘z korxonalari va tashkilotlarining ishlab chiqarish salohiyati, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasi to‘g‘risida hisobot berdi. Mazkur korxonalarda 1100 ta doimiy ish o‘rni yaratilgani, ular 300 milliard so‘mlik, eksportga 20 million dollar mahsulot ishlab chiqarishi va shu bilan voha taraqqiyotiga katta hissa qo‘shilishi ta’kidlandi.

    Qoraqalpog‘istonning keyingi yillardagi taraqqiyoti faqat shugina emas. Bu yerda o‘tgan olti yil mobaynida 15 trillion so‘m hajmdagi investitsiya hisobiga besh ming uch yuzdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Eng muhimi qoraqalpoq xalqida tashabbuskorlik hissi kuchaydi. Yaratuvchilik, bunyodkorlik ko‘nikmasi hosil bo‘ldi. Buni keyingi yillarda tadbirkorlar sonining ikki baravarga oshganida, jami 46 mingta doimiy ish o‘rni barpo etilganida ko‘rish mumkin. Yana bir narsa diqqatga sazovorki sanoat ishlab chiqarishi juda past bo‘lgan oltita tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ikki-uch baravarga oshib, xalq farovonligi bir muncha ko‘tarildi.

    Prezidentimizning 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va ushbu farmon asosida keng miqyosli dastur qabul qilingan edi. Ana shu farmonga muvofiq 2023 yilda 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘ ajratildi. Vohada tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish, sog‘lom va sifatli biznes sharoitini vujudga keltirish uchun turli yo‘nalishdagi soliqlar ikki baravarga kamaytirildi. Bu o‘zining samarasini berdi.

    Xalqimizda “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” degan maqol bor. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ijtimoiy sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizning barcha viloyatlari o‘z hissalarini qo‘shdi. Yagona Vatan, yagona taqdir va buyuk kelajak hammamizniki, degan umummilliy safarbarlik amalga oshirildi.

    Qoraqalpog‘iston faollari va keng jamoatchilikning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi, aytish mumkinki, vohaning keyingi yillardagi taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Jumladan, Prezident Qoraqalpog‘iston aholisi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbusni o‘rtaga tashladi.

    Birinchi tashabbus. Prezident Qoraqalpog‘istondagi 452 mahallaning har biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratish, Qoraqalpog‘iston mahallarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish, unga shu yilning o‘zida 250 milliard so‘m yo‘naltirish zarurligini aytdi.

    Zotan, mahalla – hayot o‘chog‘i. Aholi turmush tarzini yaxshilashning eng real, samarador va tez natija beradigan maskani. Mahallani rivojlantirish va uni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mahalla hududida yashayotgan har bir fuqaroning kundalik ehtiyojlari, tashvishlari va muammolarini hal etishning ishonchli mexanizmidir.

    Ikkinchi tashabbus. Kadastri yo‘q bo‘lgan 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulklarni kadastrdan o‘tkazish, ularning mulkiy maqomini tasdiqlab berish vazifasi mahalliy boshqaruv organlari zimmasiga yuklatildi. Bu juda katta ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyat bo‘lishi bilan birga, fuqarolarni katta ko‘tarinkilik va xushkayfiyat muhitiga olib keladi. Demak, shuncha oila qonuniy mulk egasiga aylanadi!

    Uchinchi tashabbus. Voha aholisi hayotiy ehtiyojlari va turmush sharoitini hisobga olib, shu yilning o‘zida 4 mingta uy-joy qurilishi, bunga qo‘shimcha ravishda eng zamonaviy loyihalar asosida 4 mingta yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi uchun 4 sotikdan yer ajratilishi aytildi.

    Aytish mumkinki, bunday keng ko‘lamli ijtimoiy siyosat Qoraqalpog‘iston ahli turmush tarzining butunlay sifat o‘zgarishiga, hayot mazmuni oshirilishiga, fuqarolar qalbida esa kelajakka ishonch hissi kuchayishiga olib keladi.

    Uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlarini butun choralar bilan yaxshilash, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, zamonaviy sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish va sohani keng ko‘lamda rivojlantirish, shu orqali ijtimoiy hayot sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish choralari ko‘riladi.

    Qoraqalpoq san’ati, adabiyoti va madaniyati katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Biroq zamon talabi, Yangi O‘zbekiston sharoitida uning hozirgi holati sohaga butunlay yangicha munosabatni taqozo etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida bo‘ldi. Ushbu san’at koshonasida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining umumiy birligi va millatlararo totuvligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirda ishtirok etdi.

    Ma’lumki, ushbu teatr qariyb yuz yillik tarixga ega. U turli zamonlarning, turli siyosiy qarashlarning xilma-xil holatlariga bardosh berib yashadi. Milliy san’atning rivojlanishiga muhim tayanch bo‘lib xizmat qildi. Shu kunlarda qoraqalpoq san’ati rivojida, xususan, yoshlar tarbiyasi va aholining madaniy hayotida munosib o‘ringa ega.

    Uni har tomonlama rivojlantirish va teatr san’ati orqali qoraqalpoq milliy madaniyatini yangi pog‘onaga olib chiqish zarurligini Prezident alohida ta’kidladi. 2017 yilda ushbu san’at jamoasiga akademik teatr maqomi berildi. Bino joriy ta’mirlanib, yangi asbob-uskunalar bilan jihozlantirildi.

    O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari ikki tilda so‘zlashuvchi bitta el. Qardoshu jondosh, o‘tmishiyu istiqboli bir bo‘lgan, yagona taqdir va yagona kelajak g‘oyasi bilan yashayotgan xalqlar. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston ziyolilari, san’at va madaniyat arboblari, badiiy ijod vakillari bilan ushbu maskanda uchrashib, yuqoridagi umumiy birlik, milliy yaxlitlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tajribalarimizni yanada boyitib, uni zamon talablari asosida har tomonlama rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

    Qoraqalpog‘iston tarixida yangi taraqqiyot davri boshlandi. O‘lka o‘zining butun yer osti va yer usti boyliklari bilan, aholisining katta intellektual salohiyati, aqliy imkoniyatlari, bunyodkorlik, yaratuvchilik iqtidori bilan buyuk kelajagini qurishga qodirligini namoyon etmoqda.

    Oqil SALIMOV,

    akademik.