Oʻtgan yilda 9 ta baliqchilik klasteri soliqlardan ozod etilishi natijasida 6,5 mlrd soʻm imtiyozga ega boʻldi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzbekbaliqsanoati” uyushmasi axborot xizmat rahbari Zilola Roʻziyeva maʼlum qildi.

    2021-yilda baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda respublikada baliq turlari xilma-xilligini oshirishga yoʻnaltirilgan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida 364 ta baliqchilik loyihalari amalga oshirilib, 2310 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Ushbu loyihalar doirasida lichinka ishlab chiqarish quvvati 470 mln. dona boʻlgan 10 ta inkubatsiya sexlari ishga tushirilib, 4,1 mlrd dona baliq lichinkalari ishlab chiqarildi. Baliq chavoqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan 873 gektar maydonda quvvati 52 mln dona boʻlgan reproduktor havzalar barpo etildi.

    Quvvati 15 ming tn boʻlgan yuqori sifatli omuxta yem ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona hamda quvvati 4000 tn boʻlgan baliqni qayta ishlovchi 8 ta korxona ishga tushirildi. Shuningdek, quvvati 4,5 ming tn boʻlgan 110 gektar maydonda intensiv suv havzalari barpo etildi.

    Oʻtgan 2021-yilda Buxoro, Jizzax, Navoiy, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Samarqand viloyatida 2 tadan jami 9 ta baliq yetishtirish quvvati 3100 tn, qayta ishlash quvvati 1550 tn boʻlgan baliqchilik klasterlari tashkil etildi. Mazkur klasterlar barcha soliqlardan ozod etilishi natijasida 6,5 mlrd soʻm imtiyozga ega boʻldi. 19 ta baliqchilik xoʻjaligiga davlat tomonidan 3,7 mlrd soʻm subsidiyalar ajratildi.

    Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Vyetnam, Eron va Tojikiston davlatlariga 8,9 mln dollar qiymatdagi 2,2 ming tn baliq va baliq mahsulotlari eksport qilindi.

    Yuqoridagi ishlarni tashkil etilishi hisobiga 2021-yilda jami 400 ming tonna baliq yetishtirildi. Shuningdek, mavjud suv havzalaridan oqilona foydalangan holda baliq yetishtirish hajmini oshirish va yuqori daromadlarga erishish mumkinligini tushuntirish borasida “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan hududlarda 60 ga yaqin seminar va treninglar oʻtkazildi.

    Shu bilan birga, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan “Aholi xonadon tomorqalarida intensiv usulda baliq yetishtirish” boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqildi. Qoʻllanma bilan “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin.