Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim qadamlar qoʻyildi. Jumladan, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 4-5-fevral kunlari Malayziyaga tashrifi ham misol boʻla oladi.
Dunyoning ikki xil mintaqasida — Markaziy Osiyo va Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan mazkur mamlakatlarning turizm hamkorligi natijasi oʻlaroq, 30 kunlik vizasiz rejimning joriy qilinganligini aytish mumkin. 2024-yilda Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vaziri oʻrinbosari Xayrul Firdaus Akbar Xon boshchiligidagi delegatsiya Xiva shahrida boʻlib oʻtgan Islom turizm vazirlari konferensiyasining XII sessiyasida ishtirok etdi. Bu Malayziya va Oʻzbekiston xalqaro maydonda bir-birini qoʻllab-quvvatlab, turizm sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirayotganiga misol boʻladi.
2024-yilning 21-23-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan 29-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Malayziya delegatsiyasi oʻzining turistik salohiyatini namoyon etadigan stendi bilan ishtirok etdi. Oʻzbekistonda Malayziyaning turistik salohiyati keng namoyish etilishi bilan bir qatorda sohada hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan shartnomalar imzolandi va kelishuvlarga erishildi.
Shu kunlarda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrining markaziy koʻchalarida Turizm qoʻmitasi tomonidan 36 ta katta ekranlarda Oʻzbekiston turizm salohiyatiga bagʻishlangan videolavhalar namoyishi yoʻlga qoʻyilganligi ham Oʻzbekiston va Malayziya davlatlari oʻrtasida sayyohlik salohiyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Turizm qoʻmitasi bergan statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda Oʻzbekistonga 4396 nafar malayziyalik sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2024-yilda ularning soni ikki baravardan oshib, 9453 nafarga yetdi, bu malayziyaliklar uchun jozibador sayyohlik yoʻnalishi sifatida Oʻzbekistonga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.
Taʼkidlash joizki, sharq mamlakatlari hisoblangan Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida taʼlim, ishlab chiqarish, biznes va turizm sohalarida hamkorlik aloqalari kengaymoqda. Turli etnik guruhlardan tarkib topgan koʻp millatli 35 millionlik aholi soniga ega Malayziya uzoq yillar mobaynida sayohatchilar uchun jozibador turistik destinatsiya boʻlib kelmoqda. Sharqda top 8 ta sayohat yoʻnalishining biri sifatida Malayziya jozibador destinatsiyaga aylanishiga bir qancha omillar taʼsir qiladi.
Halol gastronomik turizm: Malayziya oshxonalarida mahalliy va xalqaro taomlar yuqori sifatli, halol ziravor va mahsulotlardan tayyorlanadi. Bu esa oʻz navbatida, mamlakatga halol turizm yoʻnalishida yetakchilik qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Ziyorat obektlarining jozibadorligi: mamlakatning deyarli har bir burchagida ziyorat obyektlari, masjidlar, diqqatga sazovor joylarning mavjudligi va hududlarda ibodat qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarning tashkil qilinganligi sayohatchilarga qulay infratuzilma imkoniyatlarini ochib beradi. Bunga misol tariqasida, Malayziya masjidlarining har birida yoʻlboshlovchi-gidlar xizmat qiladi va tashrif buyuruvchilarga masjidlarning ichki koʻrinishi, tarixi toʻgʻrisida maʼlumot berishadi.
Musulmonlar uchun qulay mehmonxonalar: Malayziya mehmonxonalari musulmonlar uchun qulayliklarga ega boʻlib, namoz gilamlari, qibla yoʻnalishi va halol oziq-ovqatlar taqdim etilishi mehmonxonaning musulmonlarga mos xizmatlari belgisidir.
Koʻngilochar destinatsiyalar mavjudligi: Malayziya turistlarga betakror plyajlar, goʻzal togʻlar va noyob madaniyat va anʼanalar, shuningdek, savdo markazlari, parklar va boshqa qiziqarli turizm mahsulotlarini taklif etadi.
Sogʻlomlashtirish turizm tajribalari: Sogʻlom turmush tarziga boʻlgan eʼtiborning kuchayishi natijasida sogʻliqni saqlash, sogʻlomlashtirish va arzon narxlarda sifatli xizmat koʻrsatishni taklif qiladigan tibbiyot markazlarining keng imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida katta sonli turistik oqim Malayziyaga yoʻnaladi.
Shu asnoda, ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim turizmi salohiyati ham katta imkoniyatlarga ega. Oʻzbekiston dunyoning turli burchaklaridan, jumladan, Malayziyadan talabalarni jalb etgan holda akademik almashinuv dasturlarini faol ragʻbatlantiradi. Malayziya taʼlim muassasalari Oʻzbekiston universitetlari bilan madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash va akademik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladigan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish uchun hamkorlik qilishi mumkin. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti sharq tillaridan taʼlim beradigan muassasa sifatida talabalarga malay tili darslar va darsdan tashqari mashgʻulotlarni taklif etadi. Universitet talabalari yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda, malay tili notiqlik tanlovlari va universitet miqyosida tashkil etiladigan til olimpiadalarida yuqori natijalarni koʻrsatib kelishmoqda.
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi turizm hamkorligining asosiy yoʻnalishlari qatorida vizani soddalashtirish, turizm koʻrgazmalari va yarmarkalarida ishtirok etish, Oʻzbekiston va Malayziya turizm agentliklari oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganligi, ikkala davlat oʻrtasida madaniy almashinuv dasturlari amalga oshirilayotganligi hamda Malayziya musulmon davlat sifatida Oʻzbekistondagi turli tarixiy yodgorliklar, ziyoratgohlar malayziyalik sayyohlar uchun katta qiziqish uygʻotmoqda. Vizani soddalashtirish va hamkorlik aloqalarining rivojlanishi natijasida ikki davlat oʻrtasida sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshishi mumkin. Turizm sohasining rivojlanishi har ikki davlat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi va xizmat koʻrsatish sohasi rivojlanadi. Turizm madaniy almashinuvni kengaytiradi, ikki xalq oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hurmat tuygʻularini kuchaytiradi. Malayziyalik sayyohlar Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, betakror tabiati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi turizm hamkorligi ikki davlat uchun ham katta istiqbolga ega. Ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, turizm infratuzilmasini takomillashtirish orqali ikki davlat oʻrtasidagi turizm aloqalarini yanada mustahkamlashadi.
Gʻulomjon ARIFJONOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
“Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” instituti direktori