Qaniydi, shu fikr yirik harflarda hammaning har kuni koʻzi tushadigan joylarga yozib qoʻyilsa! Qaniydi oilalarda shu fikrni samimiy takrorlab turadigan bir vosita boʻlsa! Qaniydi bolalar bogʻchalaridan boshlab maktablar, oliy taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan oʻquv dasturlari mohiyatiga shu fikr ham singdirilsa! Ayni gaplarni ayol ekanim, onalarning sharafini oshirish uchun emas, yurtimizning kelajak avlodi chin maʼnoda baxtli-saodatli boʻlishini oʻylagan inson sifatida aytyapman.
Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda har kuni oʻqiyotganimiz, koʻrayotganimiz, odamlardan yoʻl-yoʻlakay xohlasak-xohlamasak eshitayotganimiz oilaviy notinchliklar, erlarning ayoliga bepisandligi, zugʻumi, shafqatsizligi, bevafoligi, dangasaligi, shuningdek, ayollarning turmush oʻrtogʻiga nopisandligi, vafosizligi, mehrsizligi kabi xato va illatlarning istisnosiz oqibatlari — notinchlik, urish-janjal, arazlashlar, orqavorotdan pinhonu oshkor boʻladigan tuhmatu gʻiybatlar natijasi. Oilaviy hayot sahnasidagi bunday muhitning sababchilari, birinchi navbatda, ota-ona, maʼnaviy, ruhiy azoblanuvchilari, qurbonlari esa shu ota-onaning farzandlaridir. Piching va kesatiqlar, baqir-chaqirlar, tortishuvlar bilan oʻzini haq deb bilgan ota yoki ona ichini toʻkib olganidan keyin ehtimol, muayyan muddat yengil tortar, ammo oʻrtadagi qorakoʻzlar ikki oʻt orasida qolgan kabi u yon-bu yonga termiladi. Aslida, ular nima ham qila oladi, gʻazab otiga minib, soʻziyu koʻzidan oʻt sochib turganlarning biri otasi, ikkinchisi onasi. Farzandlar uchun ulardan yaqin odam yoʻq! Lekin oʻsha daqiqalarda ikkisi bir-biriga teskari ikkita olam boʻlib turibdi. Dilbandning ota-onasiga muhabbati, ishonchi, ikki aziz insoniga bogʻliq orzular bilan urib turgan yuragini ikkiga boʻlish mumkinmi?
Oilaviy kelishmovchiliklar, ajralishlar tobora ortib, jamiyatimizning ogʻriqli muammolaridan biriga aylandi. Buning oqibatida tirik yetimlar — qalbi kemtiklar koʻpayib boryapti. Muammoga bunday yondashuv, yaʼni yangilik boʻlmagan gaplarni tinmay takrorlashdan naf yoʻqligini rasmiy maʼlumotlardagi raqamlar yildan yilga takror-takror taʼkidlab turibdi.
Keling, ayni masalaga yuqorida keltirilgan “Otaning farzandiga qilgan eng katta yaxshiligi oʻz ayoliga koʻrsatgan hurmati, mehribonligidir” degan gap mohiyatidan kelib chiqib tasavvur etaylik.
Yorugʻ dunyoga kelib, atrofiga qaragan aksariyat chaqaloq, birinchi navbatda, otasi bilan onasini koʻradi. Aslida, “yangi mehmon” hali ona qornida ekanida onasining yonidagilarni ovozidan tanishini, onasining ular bilan munosabati paytidagi kayfiyatidan kelib chiqib, shod yoki gʻamgin boʻlishini zamonaviy fan ham tasdiqlagan. Shunday boʻlgach, toʻrt muchasi sogʻ-salomat, koʻrib, eshitib, yonida boʻlayotgan voqealarni kuzatib turgan goʻdakni hech narsani tushunmaydi, hali u juda kichkina deb oʻylash xatodir.
Koʻz oldimizga keltiraylik: jismi, ruhi pokiza, faqat vujudi kichkina, xolos, lekin kattalarning barcha xislati fitratida kurtak yoza boshlagan bolajonning nigohi roʻparasida tabassum bilan, koʻzlaridan mehr, yuzidan quvonch yogʻilib turgan otasiyu onasiga tushdi. Kunlar, haftalar, oylar, yillar oʻtadi. Bahor yozga, yoz kuzga, kuz qishga aylanib, tabiatda oʻzgarishlar yuz beradi. Bola turli qiyofali va turfa tabiatli boboyu buvilarni, ammayu xolalarni, togʻayu amakilarni tanidi. Lekin ota-onasining koʻzi, soʻzi, hissiyoti oʻzgarmadi. Ular goʻyoki bitta yaxlit vujudu qalbga aylanib dilbandni erkaladi, soʻzlashga oʻrgatdi, ikkisi mehr bilan parvona boʻldi, qoʻliga nonu kitob tutdi. Kichkintoyning quvnoq, qiziquvchan, harakatchan, arazu injiqliklardan yiroq, qalbi uygʻoq va musaffo boʻlib oʻsishi uchun oilaning bunday moʻtadil, ilhombaxsh, qalbni ulgʻaytiruvchi muhitidan ortiq yana nima boʻlishi mumkin?
Bolalik, oʻsmirlik, oʻquvchilik, talabalik yillari farzandlarga ilm-hunar eshiklarini ochish bilan birga ular oldiga qator sinovlar, talablar, tanlovlar qoʻyadi. “Oʻqishni davom ettiraymi yo hunar oʻrganaymi?”, “Kelajakda kim boʻlsam ekan?”, “Qayerda oʻqisam yaxshi boʻladi?” kabi savollar oʻsayotgan muhitiga qarab qay bir bolani yetti, qay birini esa oʻn yetti yoshidan oʻylantira boshlaydi. Lekin har qanday holatda ham oʻgʻil-qiz (ayniqsa, bizning mentalitetda) bu masalani ota-onaning aralashuvisiz, maslahatiyu yordamisiz hal qilishi qiyin. Bundan tashqari, ota-onaning ham “Bolam falonchi boʻlsaydi”, “Manovi kasbni egallasaydi” degan niyati barcha oilada ham ikkinchi darajali emasligini hisobga olsak, ayni masala atrofida oʻz-oʻzidan uch qutb paydo boʻladi.
Bir hayotiy misol keltirsam. Boshlangʻich sinfda oʻqiydigan oʻgʻlini ona kurash mashgʻulotiga olib bormoqchi boʻldi. Ota moddiy tomondan qiyinchilik boʻlishini aytib, bunga roʻyixushlik bermadi. Ona toʻlovni oʻz zimmasiga olib, bolani murabbiyga topshirib keldi. Hech qancha vaqt oʻtmay, murabbiy yangi shogirdining qobiliyati, intiluvchanligi haqida gapira boshladi. Faqat ota “Oddiy odamning bolasidan chempion chiqarmidi?” degan gapni zaharxanda bilan takrorlab qoʻyar, xotini bilan bu haqda tez-tez tortishib jerkib tashlardi. Oʻgʻli mashgʻulotga ketayotganida ham, qaytib kelganida ham yuzida norozi kayfiyat boʻlardi. Bora-bora bolaning qiziqishi soʻnib, oxiri bir kuni onasiga mashgʻulotga uzil-kesil bormasligini aytdi. Ancha vaqtgacha murabbiy qoʻngʻiroq qildi, shunday iqtidorli bolaning kutilmagan qaroridan xafa boʻldi. Balki bola uchun otasining doimiy noroziligi ostida yurgandan koʻra mashgʻulotga bormay qoʻyish oson boʻlgandir...
Shunga oʻxshash holat oilalarda uchrab turadi. Bolaning kiyinishi, qiziqishi, doʻst tanlashi, uy ishlaridagi ishtiroki kabi masalalarda otaning tanlovi onaga, onaning taklifi otaga yoqmaydi. Farzandning xohishi ham shaxsiy mulohazalar, oʻlchovlar prizmasidan oʻtkazilib, bahslar tortishuvlarga, tortishuvlar tuppa-tuzuk kelishmovchiliklarga aylanib ketishi mumkin. Oqibatda kim asabiylashgan, kim xafa, kim qoʻl siltagan. Ayni vaziyat qay bir xonadonlarda gurillab yongan olov kabi tez oʻtadi, boshqa xonadonlarda kunlab tutaydi.
Bola oʻzini bu noxushliklarga sababchi bilib qiynaladi. Oʻzicha muammoga yechim izlaydi yo kimning ovoziyu gapi ustun boʻlsa, oʻsha tomon oʻtib oladi. Yoki har ikki tomonning koʻnglini olish uchun ikkiyuzlamachilik qila boshlaydi. Jimgina biqinib, “ichimdagini top” deydigan odamga aylanadi. Baʼzan hech ish qilmasam, ortiqcha gap chiqmaydi deb qiziqishlaridan, oʻrtoqlaridan, hatto oiladagilardan oʻzini chetga tortadi. Natijada boshqa qiziqish, intilishlari ham shu tarzda ichida qolib ketishi, juvonmarg boʻlishi mumkin. Achinarlisi, bu oqibatlarga kattalar har doim ham oʻz vaqtida eʼtibor berib, xatoni toʻgʻrilashga urinmaydi-da, yillar oʻtib bolasining yaxshi oʻqimaganidan, dangasaligidan, loqaydligidan, boshqa bolalarga oʻxshamasligidan noliydi.
Yuqoridagi noxush manzara ota-onaning gapi bir joydan chiqadigan, biri ikkinchisini sabru qiziqish bilan tinglaydigan, birining fikri yoki boshlagan ishini ikkinchisi qoʻllab-quvvatlab, har bir masala maslahat va oʻzaro kelishuv asosida hal etiladigan xonadonlardagi holat bilan solishtirib koʻrilsa, qaysi muhitdagi bolalarning yaxshi oʻqishi, qiziqqan fani yoki sohasi boʻyicha imkoniyatlardan toʻliq foydalanib shugʻullanishi, oʻz maqsadi yoʻlida qatʼiy va bardavom boʻlishi, atrofdagilar bilan muloqotda qiynalmasligi, kelajakda oila va jamiyatda oʻrnini topishga intiluvchan bagʻri butun inson boʻlib kamol topishini anglash qiyin emas. Oʻzining qiziqishlariga mos keladigan ilmu hunar yoʻliga ota-onaning roziligi, xursandligi, duosi bilan qadam qoʻygan oʻgʻlonlar, qizlarning koʻksida bir emas, uchta sogʻlomu hamnafas, hamjihat yurak urib turganga oʻxshaydi, nazarimda.
Islom dinida yigit ham, qiz ham oʻzi rozi boʻlgan inson bilan turmush qurishi kerakligi koʻrsatilgan boʻlsa-da, farzandlar kamolga yetgani sayin aksariyat oilada ularni kimga uylantirish, kimga uzatish, qanday sarpolaru qanaqa toʻy qilish haqida bahsu munozaralar qiziydi. Baʼzan turmush quradiganlar bir chekkada qolib, ota oʻzining qarichiyu qarashlari, ona oʻzining orzu-havaslaridan kelib chiqib kuyov yoki kelin tanlaydi. Shunday paytda kattalar orasida “xotinlarning sochi uzun, lekin aqli kaltaligi”, “kaltafahm”ligi, erkaklarning “oʻzi roʻzgʻorni qoyillatib qoʻymay, qiziga ham shunday taqdirni ravo koʻrayotgani” kabi gaplar oʻrmalaydi, uydan hovliga, devor oshib koʻchaga chiqadi.
Ikki tomondagi qudalar xursand, ota-ona rozi, qalbi faqat ezgu duolar bilan boyigan yoshlar nikohu muhabbat rishtalari bilan bogʻlanib, yangi hayotga qadam qoʻyishi chin saodat emasmi?
Mulohazali, yetti oʻlchab bir kesadigan kishilar jonu jigaridan boʻlgan bolasining umr savdosiga befarq qaramaydi. Bir umr churq etgan ovoz chiqmagan oilalarda ham qizni uzatish, oʻgʻil uylantirish arafasida kutilmagan savollar, muammolar, hammaga ham aytib boʻlmaydigan ishlar paydo boʻlishi mumkin. Lekin bunday xonadon egalari, oʻz fazilatiga koʻra, bir-birini aybdor qilmaydi. Aksincha, bosiqlik, masala mohiyatini oʻrganish, oʻzaro kelishuv bilan chiroyli yechim izlaydi. Oqibatda kimdir yurak hovuchlab xavotirda yashamaydi, aybdoru hurmatsiz boʻlmaydi, taʼnayu malomatga qolmaydi. Zero, oqil, bagʻrikeng, muhabbatli, muruvvatli insonlar turli vaziyatda oʻzining nomi oppoq boʻlishi emas, noxush holat kelib chiqmasligi va undan kimdir aziyat chekmasligi uchun jon kuydiradi.
Donishmand fikrini yana takrorlayman: “Otaning farzandiga qilgan eng katta yaxshiligi oʻz ayoliga koʻrsatgan hurmati, mehribonligidir”.
Bu hikmatni oʻzicha sharhlab, “Ha endi omadi kelib aqlli-hushli, farosatli, yoqimli, gap uqadigan, chevaru pazanda, xushmuomala, mehr-oqibatli xotin boʻlsa, uni hurmat qilasan, mehribon boʻlasan-da. Salomga qarab alik olinadi. Qaniydi hamma xotin shunday boʻlsa”, deydiganlar oz emas.
Bir misol aytay. Erka qizni kelin qilganlar koʻp oʻtmay, yuklari bilan ota uyiga tashlab ketdi. Insofga chaqirganlarga: “Hay-hay, Xudo saqlasin. Bir adashdik, endi ostonamni bostirmayman”, dedi qaynona. Qiz koʻhlik edi, uni toʻyda koʻrgan boshqa bir ona farzand koʻrmagani uchun xotinidan ajrashgan oʻgʻliga olib berdi. Koʻp oʻtmay, qiz yana onasining yoniga serqatnov boʻlib qoldi. U kuyovning juda talabchanligiga bardosh berolmayotgandi. Bu turmushi ham boʻladiganga oʻxshamasdi. Oʻrtaga qizning buvisi tushdi, kuyov bilan gaplashdi, yigitning ogʻir-bosiqligi, ishlarining puxtaligini mehr bilan eʼtirof etib, nabirasining taqdiridan juda xavotirda ekanini aytdi. Kuyov momoqaynonasiga: “Xudo xohlasa, gapingizni yerda qoldirmayman” deb xotinini oʻzi bilan olib ketdi. Yana uncha-muncha diydiyolar oʻtgandek boʻldi, ammo kuyov soʻzida turdi — rafiqasini mahkam ushladi. Shu orada Yaratganning mukofotini qarangki, kelin homilador boʻldi. Kuyov bilan onasining xursandligini koʻrsangiz edi! Kelinni yeru koʻkka ishonmay qoʻyishdi, uning erkaliklari, oʻylab-oʻylamay gapirib yuborishi ular uchun Parvardigor berib turgan neʼmat oldida arzimas, oʻtkinchi, xushboʻy sara atirgulning mitti tikanchalaridek boʻlib qoldi. Hozir oʻsha kelin kiyimidan tortib, gap-soʻzigacha, yuz ifodalarigacha oʻzgarib, yanayam xushroʻy, yoqimli boʻlib ketgan. Birinchi farzandi qiz edi, yaqinda oʻgʻil koʻrganini aytishdi.
Ha, inson bolasi farishta emas, tugʻilishidan adashishga, xato qilishga moyil. Chunki beshikdan qabrgacha oʻqishimiz, oʻrganishimiz shart. Kimdir qoyillatib bajargan ishga kimdir noʻnoq boʻlishi, kim til bilanu kim qoʻl bilan koʻngil olishi, fahmu idrokda kim oʻtkiru kim oʻtmas boʻlishi, kimdir oʻynab-kulib bajargan vazifani kimdir uddalay olmasligi tabiiy hol. Yaratilishdan hammamizning aqliy qobiliyatimiz ham turli darajada. Shunday ekan, yon-atrofimizdagi har bir odamning oʻziga xosliklarini yaxshi bilmay turib, unga oʻz istagimiz, qolipimiz darajasida talab qoʻyishimiz toʻgʻri emas.
Bir rivoyatda aytilishicha, ustozning talabalaridan biriga munosabati, mehri boshqachaligini sezib yurgan toliblar oxiri muallimdan buning sababini soʻrabdi. Shunda ustoz oppoq qogʻoz oʻrtasiga qora qalamda nuqta qoʻyib, savol bergan talabalardan “Nimani koʻryapsiz?” deb soʻrabdi. “Oq qogʻoz oʻrtasidagi qora nuqtani”, deb javob beribdi ular. Keyin ustoz mehri tushgan shogirdiga ham shu savolni beribdi. “Oppoq sahifa koʻryapman, — debdi u. — Oʻrtasida kichkinagina, bilinar-bilinmas nuqtacha”. “Tushundingizmi, — debdi donishmand ustoz. — Sizga ham ibratli tomoni — bu tengdoshingiz, birinchi navbatda, hamma narsaning oq, musaffo, xayrli tomonini koʻradi...”.
Yoshligimda otam ishdan qaytadigan payt biz uchun goʻyo bayram boʻlardi. Koʻchayu hovlilarni qaytadan supurardik, choynak-piyolalarni yaxshilab yuvardik, chiroyli koʻrpachalar solinardi. Jilmayib kirib kelgan otajonimga peshvoz chiqardik. Yillar anglatib bordi: maktabda darslarni jon qulogʻim bilan tinglashim, hamma darsda javob berishga tayyor boʻlib aʼlo baholar olganim, kitoblarni ifodali oʻqishni yaxshi koʻrganim, tikkan doʻppilarim chiroyli chiqishi uchun uringanlarim — bular, avvalo, doim bizga: “Yaxshi oʻqinglar. Tirikligimda olgan bilimlaring — mendan qoladigan eng katta meros”, deb nasihat qiladigan, yaxshi ishlarimizdan quvonadigan otajonimning eski doʻppisiniyam tashlab yubormay, tepadagi tokchada asraydigan onamni xursand qilish uchun ekan. Ana shu mehr dunyoga quvonib qarashim, tengdoshlarim ichida yelkamni tik tutib yurishim, fikrlarimni dadil aytishim uchun qoʻllab turdi. Angladimki, eridan mehru eʼzoz koʻrmagan xotinlarning koʻpi oʻzi bilib-bilmagan, oqibatini oʻylab ham koʻrmagan holda alamini bolalaridan oladi — jerkiydi, siltaydi, qozon-tovoqniyam suvga tashlab qoʻyishi va hatto necha kunlab ota uyiga ketib yuborishi ham koʻp uchraydi. Xonadondagi notinchlik, urish-janjal bolalarning koʻchaga gʻamgin, ruhiy toliqish bilan chiqib ketishiga, kun boʻyi shuning taʼsiridan chiqolmay yurishiga, kechki payt uyiga yuragi bezillab qaytishiga sabab boʻladi.
Hayot koʻrsatadiki, tinch-totuv, el orasida faqat yaxshi jihatlari bilan tanilgan oilalar aʼzolarida mana shu fazilat ustun. Ular bir-birining turmushda birinchi darajali muhim boʻlgan toʻgʻri ishlari, odatlari, feʼlu atvorlarini qadrlab, xato va kamchiliklarini tushunadi, kelishadi, ularni tuzatish mumkinligiga ishonadi, kechiradi. Buni tabiiy holat deb qabul qilib, ginayu adovat saqlab yurmaydi.
Er yigitlar vatanning togʻdek, metindek himoyachi, posbonlari. Ana shu togʻdek bardosh, metindek iroda, birinchi navbatda, ularning jismidan emas, qalbidan quvvat oladi. Tarixda ozchilik boʻla turib, oʻzidan bir necha barobar koʻp dushman ustidan gʻalaba qozongan vatan himoyachilari, muzaffarlar haqida koʻp eshitganmiz. Ularning qalbidagi ona tuproqqa, ona xalqqa cheksiz muhabbat, chin sadoqat, el-yurt ozodligi uchun fidoyilik bilaklar, yuraklariga kuch, shijoat baxsh etgan.
Oila ham vatan ichidagi moʻjaz vatan, jamiyatning oltin halqasi. Uning buzilishi Arshni larzaga keltiradi, jamiyat darz ketadi. Bu moʻjaz vatanning ham barqarorligi, himoyasi, mustahkamligi, birinchi navbatda, erkaklarning zimmasida. Ularning jismu ruhiyatida mana shu masʼuliyatga, sharafga loyiq salohiyat, tafakkur, bagʻrikenglik, mulohazakorlik, oqillik, vazminlik bor. Ana shu fazilatlari bilan, eng avvalo, oʻz xonadonlarida muvozanat, moʻtadillik, kichikni va ojizni anglashu qoʻllab-quvvatlash muhitiga bosh boʻlsa, nur ustiga nur!
Mana shunday birdamlik boʻlgan oila qoʻrgʻonini moddiy taqchilliklar, tashqaridan boʻladigan tahdidlar buza olmaydi va aksincha, birdamlik boʻlmasa, oila muammolariga tashqaridan aybdor izlash nooʻrindir.
Zarracha yaxshilik ham va zarracha yomonlik ham, albatta, qaytishi haqidagi ulugʻ hikmatga amal qilishni har birimiz har kuni qadrdon uyimizdan boshlab koʻrishimiz mumkin. Togʻ orasida bitta tovushga toʻrt tomondan gumburlab, jaranglab aks sado qaytgani kabi oila boshligʻining har bir samimiy tabassumi, xotinu farzandlaridan har bir shukronasi, ularga koʻrsatgan nurli mehru muhabbati, astoydil saxovati butun hayoti davomida irmoqlari joʻshqin daryo kabi koʻpayib qaytaveradi!
Hazrat Mir Alisher Navoiy mashhur ruboiylarida otani quyoshga, onani oyga qiyos etadi — bu ramziylik botiniy ham zohiriy jihatdan shu qadar ulugʻvor mutanosib!
Quyosh (ota) qancha yorqin charaqlasa, oy (ona) ham undan shuncha koʻp nur-harorat oladi va uning atrofidagi yulduz (farzand)lar olamni charogʻon etadi.
Muhtarama ULUGʻOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi