Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Misrda yashab ijod etgan ulugʻ bobomiz Ahmad al-Fargʻoniyning ilmiy merosi esa ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlikning yorqin ramziga aylangan. Ulugʻ ajdodimiz Nil daryosi oʻzanida joylashgan Roda orolida suvning hajmi va tezligini oʻlchaydigan inshoot — nilomer, yaʼni “Miqyosi Nil”ni yaratdi. Qohirada Nil boʻyida Ahmad Fargʻoniy sharafiga oʻrnatilgan haykal ikki xalq oʻrtasidagi qadimiy doʻstlik rishtalarining azaldan mustahkamligi ramzi hisoblanadi.

Quyidagi suhbat Oʻzbekiston va Misrning oʻzaro bogʻliq nuqtalari haqidadir.

Dunyo ilm-faniga qoʻshilgan beqiyos hissa

Qohira universiteti professori doktor Tagʻrid Fayod xonim:

— Oʻzbekiston goʻzal mamlakat. Ajdodlaringizning dunyo ilm-faniga qoʻshgan hissasi beqiyos. Misrliklar Afrika qitʼasi va Yaqin Sharq ilm-fani hamda madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgani kabi oʻzbeklarning ham Markaziy Osiyodagi oʻrni beqiyos. Bu ikki xalq tarixi va taqdiri oʻxshash. Ushbu zaminlardan yetishib chiqqan yetuk allomalar, buyuk qahramonlarning islom madaniyati tarixidagi roli katta. Markaziy Osiyoda ilk davlatchilik oʻchoqlari xuddi Nil daryosining quyi oqimida koʻhna Misr davlatchiligi shakllangani singari sunʼiy sugʻorish birmuncha qulay boʻlgan Amudaryoning quyi va oʻrta oqimlarida rivoj topdi.

Tarixning muayyan vaqtlarida ajdodlaringiz Misrda hokimlik qildi, amir, qoʻshinga qoʻmondon boʻldi, oʻlkaning siyosiy-idoraviy, ijtimoiy-madaniy hayotida nufuzli mavqelarni egalladi. Bunga misollar juda koʻp. Abbosiylar xalifaligi davrida buxorolik Ahmad ibn Tulun va uning oʻgʻli Xumorviya Misrda mustaqil Tuluniylar sulolasiga asos solgan edi. Fargʻonalik Muhammad ibn Togʻoch ibn Jaf esa Misrda Ixshidiylar sulolasiga asos solgan. Misrda mamluklar davlati tashkil etilishida ham oʻzbek xalqining milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdining izdoshlari, jumladan, uning qarindoshi Sayfiddin Qutuzning oʻrni bor. U Misrga sulton boʻlganidan soʻng bu yurtni moʻgʻullar balosidan saqlab qoladi.

Oʻzbek zaminidan chiqqan allomalarni ham misrliklar juda yaxshi biladi. Al-Fargʻoniyning oʻrta asrlarda Nil daryosi sathini oʻlchashda foydalaniladigan ­“Miqyosi Nil” inshooti yaqin-yaqinlargacha ishlab kelgan. Al-Azhar universitetida hanuzgacha Mahmud Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari oʻqitiladi.

Shuningdek, “Madorik ut-tanzil va haqoyiq ut-taʼvil” asari muallifi Abul Barakot Nasafiy Misrning maʼrifiy hayotida katta oʻringa ega boʻlgan. Umuman olganda, ajdodlarimiz nafaqat oʻz mintaqalari, balki butun musulmon dunyosi ilm-maʼrifati va davlatchiligiga beqiyos hissa qoʻshgan.

Afsonaviy diyor

Oʻrta asrlar tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar muallifi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Bekzod Abdirimov:

— Misr bizdan nihoyatda olis, ehromlar va bitiklarga toʻla afsonaviy oʻlka sifatida tasavvurimizda gavdalanadi. Aslida, oʻzbek millati bilan Misr diyorining tarixi va taqdiri oʻxshash. Ularning oʻtmish deb atalmish ulkan bir manzilda yoʻllari doimiy tutash boʻlgan, boʻlganda ham insoniyatga ilmu maʼrifat tarqatish, ozodlik va erk uchun kurashish, bunyodkorlik va ezgulik yoʻllarida birlashgan. Bu xalqlar hamisha yelkama-yelka bir safda turgan, bir-biriga suyanchiq va madadkor boʻlgan.

Bugun dunyo ezgulik va yovuzlik, birlashish va ayirmachilik, adolat va zulm, qadriyat va ommaviy madaniyat kabi abadiy muxolif kuchlar muhorabasiga avvalgidan-da chuqur shoʻngʻigan. Ana shunday bir davrda xalqlarimiz tanlashi lozim boʻlgan yoʻlni asrlar oldin ajdodlarimiz oʻz taqdirlari ila koʻrsatib oʻtgan.

Islom qalqoni, deya taʼriflanadigan Jaloliddin Manguberdi musulmon olamiga katta falokat olib kelgan moʻgʻullarga qarshi 10 yillar davomida gʻalabali kurashlar olib bordi. Faqatgina uning bevaqt halokati sababli moʻgʻullarni butkul toʻxtatib qolishning iloji boʻlmadi. Biroq uning izdoshlari musulmon dunyosini moʻgʻullardan saqlab qolish yoʻlidagi kurashlarini davom ettirgan. Ular orasida Jaloliddin Manguberdining jiyani Sayfiddin Qutuz Misr sultoni sifatida taxtga oʻtirganidan soʻng mintaqadagi arablar, turkiylarni birlashtirib, musulmon dunyosining soʻnggi tayanchi Misr va Arabiston yarim oroli sari ildamlayotgan moʻgʻullarning eng ilgʻor qoʻshinini tor-mor qiladi.

Bu voqea 1260-yilda bugungi Falastin hududida Ayn-Jalut maydonida sodir boʻladi. XIII asrda yashagan tarixchi Qutbiddin al-Yununiyning yozishicha, Sayfiddin Qutuz jang tugagach, “Men moʻgʻullarni magʻlub etdim, amakim Jaloliddin Xorazmshoh uchun qasos oldim”, degan ekan. Gʻarb olimi Artur Goldshmidt “Sayfiddin Qutuzning bu gʻalabasi musulmon Afrikasini moʻgʻullar zulmidan saqlab qoldi”, deya taʼkidlagan edi.

Sobiq ittifoq davrida biz buyuk ajdodlarimiz tarixini bor boʻyi-basti bilan oʻrgana olmas edik. Oʻrganishga harakat qilganlar turli boʻhton va ayblovlar bilan taʼqib ostiga olinardi. Faqat mustaqillikdan soʻng qahramon ajdodlarimiz tarixini oʻrganish borasida keng koʻlamli ishlar boshlandi. Eʼtiborli jihati, Misr tuproqlarida ilk marotaba erk va ozodlik yoʻlida murosasiz kurash hamda jasorat timsoli boʻlgan Jaloliddin Manguberdining ibratli taqdiri sahnalashtirilgani, Sayfiddin Qutuz haqida XX asrning oʻrtalaridayoq kinofilmlar tasvirga olingani ikki millatning tafakkuri va xotiralari azaliy uzviy bogʻlanganini koʻrsatadi.

Misr kutubxonalarida ham tariximizga oid noyob asarlar mavjud. Biz soʻnggi ikki yilda misrlik tarixchilar — Salim Sabriyning “Xorazm turklari islom Sharqida (1231-1246)”, Sallobiyning “Sayfiddin Qutuz va Ayn Jolut jangi” asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildik. Shuningdek, ayni vaqtda Sibt ibn al-Javziyning “Miroti az-zamon” asarining tegishli qismlari oʻzbek tiliga oʻgirilmoqda. Oʻzimizning ilmiy tadqiqotlarimiz jarayonida “Ikki buyuk sarkarda yoxud Jaloliddindan Qutuzgacha” nomli monografiyamiz nashrdan chiqqan.

Ayni vaqtda yosh tarixchi olim Gʻulomjon Otajonov bilan hammualliflikda Sayfiddin Qutuz haqida 3 tildagi (oʻzbek, ingliz, arab) kitobimiz nashr etilish arafasida.

Madaniy aloqalarimiz ham kundan-kunga mustahkamlanib bormoqda. 2022-yilda birinchi marta Xorazmda oʻtkazilgan xalqaro “Lazgi” festivalida misrlik raqqosaning “Tanura” milliy raqsi birinchi oʻrinni egalladi.

Bugun Yangi Oʻzbekiston va Misrning zamonaviy tarixi ham yaratilmoqda. Misr arab davlatlari orasida birinchilardan boʻlib mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan yurt sifatida tarixga kirgan. Yurtimiz olimlarining misrlik ilm ahli bilan ilmiy-ijodiy hamkorligi yanayam rivoj topib bormoqda.

Misrning “Yilning eng yaxshi olimi” sertifikati

Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti, falsafa fanlari doktori Hulkar Hamroyeva:

— Oʻzbek sanʼati, madaniyati, adabiyoti va sheʼriyati hamisha dunyoni oʻziga ohanrabodek tortib kelgan. Bugun ham madaniyatimiz, adabiyotimizga qiziqish nihoyatda kuchli. Misrga bir necha bor qilgan safarlarimiz davomida bunga koʻp bora guvoh boʻldik. Qohira shahridagi “Tagrid Fayod” adabiy uyushmasi taklifiga binoan, 2021-yil yozida bir guruh ijodkorlar bilan Misrda oʻtkazilgan xalqaro anjumanda qatnashdik. Ingliz va arab tillarida nashr etilgan “Oʻzbek adabiyoti va sanʼati antologiyasi” asari taqdimotida ham ishtirok etdik.

2021-yil dekabr oyida Misrga navbatdagi safarimiz davomida Qohira universitetida ingliz va arab tillarida nashr etilgan “Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans sari” antologiyasi taqdimotini oʻtkazdik. Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi xodimlari va jurnalistlar ishtirok etgan xalqaro anjumanda arab va oʻzbek xalqlari doʻstligi, ilmiy-ijodiy hamkorligiga oid qiziqarli, mulohazali maʼruzalar tingladik. Tadbir doirasida oʻzbekcha raqslar ijro etilib, diltortar qoʻshiqlar va sheʼrlar yangradi. Ayniqsa, bahribayt mushoirasi misrliklarda katta taassurot qoldirdi.

2022-yil oktyabrda ham Misrning Qohira va Iskandariya shaharlarida boʻldik. Bu safar Iskandariya universiteti dotsenti, doktor Manara Eldiyep tomonidan “Arab tafakkuri” nashriyotida oʻzbek adiblarining bir qancha asarlari ingliz va arab tillarida chop etildi. Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Vatanjon”, Aʼzam Oʻktamning “Azon”, Minhojiddin Mirzoning “Sheʼr bilan olam goʻzal” sheʼriy toʻplamlari, yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Gavharshodbegim” tarixiy romani, filologiya fanlari doktori, professor Raʼno Sayfullayevaning “Oʻzbek jadid olimlari til va maʼnaviyat haqida”, Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova bilan hammualliflikda yozilgan “Lazgi”: muhabbat va qalb raqsi” monografiyamiz shular jumlasidan.

Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi hamda Iskandariya shahridagi Media universitetida kitoblar taqdimotini oʻtkazish barobarida ilmiy anjuman hamda adabiy-madaniy uchrashuvlar, radiojurnalistikadan mahorat darslari ham oʻtkazildi. Iskandariya kutubxonasiga oʻzbek olimlari va ijodkorlarining kitoblari taqdim etildi. Ular, ayniqsa, taniqli shoir va tarjimon Minhojiddin Mirzoning “Sohibqiron yogʻdusi” dostoni va tarixchi olim Bekzod Abdirimovning “Ikki buyuk sarkarda yoxud Jaloliddindan Qutuzgacha” mono­grafiyalarini katta qiziqish bilan qabul qildi, ularni arab tiliga tarjima qilish istagini bildirdi.

Hamkorlikdagi ishlarimiz yuqori baholanib, Misr ilmiy-adabiy jamoatchiligi tomonidan taniqli adibamiz Shahodat Isaxonova “Yilning eng yaxshi yozuvchisi”, kamina esa “Yilning eng yaxshi olimi” sertifikati bilan taqdirlandik. Biz Misrning qaysi shahrida boʻlmaylik, kim bilan suhbatlashmaylik, ular Oʻzbekiston haqida, tarixi va taqdiri tutash oʻzbek va misr xalqlari haqida juda iliq fikrlar bildirdi. Doimiy hamkorlarimiz doktor Tagʻrid xonim va doktor Manara xonim Oʻzbekiston Prezidentining odilona siyosati, bunyodkorlik islohotlari butun dunyoni hayratga solayotganini alohida taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda misrlik hamkasblarimiz ham Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, yaqinda Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda doktor Manara Eldiyepning “Misr va Oʻzbekiston madaniy, adabiy va ilmiy aloqalari tarixiga oid” nomli maʼruzasi barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ular bilan ilmiy-ijodiy hamkorligimizni bundan keyin ham davom ettiramiz.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA

yozib oldi.