Majlisda Vazirlik Hayʼati qarori bilan qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan “Kodeks kumanikus” qoʻlyozmasining tadqiq qilish ham yodgorliklarning asliyatdagi ilmiy izohli matnini tayyorlash va nashr etish” mavzusidagi innovatsion loyihasi qayta muhokama qilindi va loyiha boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilgani haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovining qayta eʼlon qilingan 17-turidagi “Oʻzbek adabiyotining koʻp tilli (oʻzbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusi boʻyicha topshirilgan amaliy loyihalar muhokamasi oʻtkazildi.
Loyihalar qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yana-da takomillashtirishga, internet jahon axborot tarmogʻida milliy kontentni yana-da rivojlantirishga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2020-yildan boshlab dolzarb filologik ilmiy-texnik muammolar yechimiga bagʻishlangan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bajarilishini amalga oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik va xalqimiz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, Oʻzbekistonning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mamlakat sifatidagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini yana-da mustahkamlash, boy yozma merosni saqlash, oʻrganish va keng targʻib qilish ishlarini yangi sifat bosqichiga koʻtarishga xizmat qiladi. Qolaversa, loyiha davomida qoʻlga kiritiladigan ilmiy yutuqlar va natijalar kelgusida ushbu yoʻnalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot ishlari uchun asos boʻlib hisoblanadi.
“Oʻzbek adabiyoti”ning koʻp tilli (oʻzbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasi oʻzbek adabiyoti namoyandalari hayoti va ijodini, oʻzbek badiiy tafakkuri mahsuli boʻlmish noyob durdonalarni dunyo hamjamiyatiga tanishtirish hamda targʻib etish uchun asos boʻladi. Ushbu loyiha maqsadi yurtimizda badiiy tarjima ishlarini yana-da jonlantirish, bevosita oʻzbek tilidan chet tillarga mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalarini tarjima qilish, oʻzbek milliy adabiyoti hamda adabiyotshunoslik vakillari hayoti va samarali faoliyatini xorijiy mamlakatlarda targʻib etish ishlarini yangi bosqichga koʻtarishdir.
Bundan tashqari, majlisda vazirning Andijon viloyatida oʻtkazgan sayyor qabuli doirasida boʻlib oʻtgan muhokamalar natijalari boʻyicha topshirilgan “Tarjimashunoslik va lugʻatshunoslik innovatsiyalar markazi” mavzusida amaliy loyiha ham muhokama qilindi, dolzarbligi qayd etildi. Loyihaning mazmuni va kutilayotgan natijadan kelib chiqib, ITK aʼzolari loyiha mavzusini “Tarjimashunoslik va lugʻatshunoslik innovatsiya markazini tashkil etish asosida lugʻat va matn tarjimoni intellektual elektron platformasini yaratish” sifatida oʻzgartirish taklif qilindi.
Loyihalar boʻyicha Ilmiy texnik kengashning tegishli qarorlari qabul qilindi, yakuniy xulosa vazirlik Hayʼati tomonidan qabul qilinadi.