Tadbir MOXI va Qozogʻiston Respublikasining R. B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekistonning yetakchi ekspert-tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, jumladan MOXI, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻlimi), Tarix instituti, Turizm va Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, JIDU professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

– Bugungi kunga kelib ikki birodar xalqlarimizning boy va mushtarak tarixiy-madaniy merosini oʻrganish hamda ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etib bormoqda, – dedi Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Beybut Atamqulov. – Ushbu masala Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy yutuqlar bilan bir qatorda maʼnaviy, tarixiy-madaniy meros ham millat raqobatbardoshligining asosiy koʻrsatkichlaridan hisoblanadi.

Shuningdek, anjumanda XIX asr oʻzbek-qozoq mutafakkirlarining ilmiy, falsafiy va adabiy merosini tadqiq etish, ikki mamlakat maʼrifatparvarlarining madaniy-gumanitar sohadagi aloqalari va ularining oʻtmish taraqqiyotiga qoʻshgan munosib hissasi muhokama qilindi.

– Mustaqillik davrida oʻzbek-qozoq xalqlari ijtimoiy-siyosiy jihatdan misli koʻrilmagan darajada yuksaldi, dunyoqarashi oʻzgardi va milliy oʻzligini anglab yetdi, – deydi R.B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti Respublika tarixiy materiallarni oʻrganish markazi direktori Meruyert Abuseitova, – Maʼnaviy boylik va tarixiy-madaniy meros milliy oʻziga xoslikning asosiy oʻzagini tashkil etadi. XIX asr ijtimoiy-falsafiy tafakkurining koʻzga koʻringan namoyandalari Ahmad Donish, Abay (Ibrohim Kunanboyev), Choʻqon Valixonov, Sattarxon Abdulgʻafforov, Muhammadjon Muqimiy, Zokirjon Furqat, Toshxoʻja Asiriy va boshqalarning koʻp qirrali tarbiyaviy va islohotchilik faoliyati yaratildi. Mustamlakachilik tuzumi davrida Oʻrta Osiyo dunyoqarashi va ijtimoiy-siyosiy hayotida, oʻzingizga maʼlumki, nihoyatda muhim oʻrin tutgan jadidchilik harakatining vujudga kelishi uchun qulay muhitni shakllantirdi.

Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda XIX asrda Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy-madaniy merosini anglash va asrab-avaylash jarayoniga ulkan hissa qoʻshgan oʻzbek-qozoq mutafakkirlari faoliyatini tadqiq etish gʻoyatda ahamiyatlidir.

Hozirgi kunda mamlakatlarimiz yetakchilarining siyosiy irodasi, ilmiy jamoatchilikning saʼy-harakatlari tufayli, ushbu yoʻnalishda tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud.

Konferensiya ilmiy doira vakillari va ikki mamlakat ekspertlari oʻrtasida konstruktiv fikr almashish, oʻzaro muntazam tadbirlarni yoʻlga qoʻyish va takliflar ishlab chiqish, ikki tomonlama ilmiy-tahliliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun platforma vazifasini oʻtaydi.

Tadbir yakunlari boʻyicha, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Qozogʻiston Respublikasining R.B. Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti oʻrtasida hamkorlik boʻyicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Zulfiya TOʻRANAZAROVA,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti matbuot kotibi