Til – millat gʻururi, tarixiy shaxslar – millat timsolidir. Til jamiyatni hosil qiluvchi va insonlarning ichki dunyosi, tasavvurini ifodalashga yordam beruvchi eng muhim vosita hisoblanadi. Timsolga aylangan tarixiy shaxslar esa millatni dunyoga tanituvchi siymolardir.
“Oʻzbektelekom” AK tomonidan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35-yilligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-323-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630-yilligiga bagʻishlab tashkil qilingan davra suhbatida ayni shular haqida soʻz yuritildi.
Tadbir avvalida “Oʻzbektelekom” AK Faxriylar kengashi raisi Gʻ. Ziyayev soʻz olib, ona tilimiz, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining mohiyati, oʻtgan yillar davomida oʻzbek tilining xalqaro maydonlarda ham nufuzi taboro mustahkamlanib borayotganligi, shuningdek, buyuk siymo Mirzo Ulugʻbekning mamlakatimiz tarixida tutgan oʻrni, uning boy maʼnaviy olami hamda ilm-fanga qoʻshgan hissasi, avlodlarga qoldirgan meʼrosi haqida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, davra suhbatiga taklif qilingan mutaxassislar – tarix fanlari nomzodi, dotsent, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Iskandar Xayitov va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti Toʻlqin Eshbek mavzuga oid oʻz maʼruzalarini eshittirdi.
Xususan, 2019-yil 21-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoni bilan 21-oktabr nafaqat “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan sana, balki “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida ham keng nishonlanish yoʻlga qoʻyilganligi, shu bilan birga Mirzo Ulugʻbek shaxsiyati bilan qanchalik faxrlansak shunchalik kamligini alohida eʼtirof etishdi.
Davra suhbati soʻngida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob olishdi.
“Oʻzbektelekom” AK Axborot xizmati