Gazetamizning faol mualliflaridan boʻlgan tilshunos olima, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Saodat MUHAMEDOVA bilan 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishidan soʻng bogʻlangan edik. Saodat opa bu borada shoshmasdan, bafurja suhbatlashish lozimligini aytdi.
Bejiz emas ekan, oradan hech qancha oʻtmay, 2024-yil 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari milliy gʻururimizni oshirishga doir yana bir muhim qarorni imzoladi. Bugungi suhbatimiz kengash yigʻilishida koʻtarilgan masalalardan kelib chiqadigan vazifalar va “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.
Oʻqituvchi izlansa, taʼlim sifati yaxshilanadi
— Siz yuqorida tilga olgan yigʻilishda Prezidentimiz oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini va xalqaro maqomini oshirishga alohida eʼtibor qaratib, bu borada Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning milliy manfaatlariga xizmat qiladigan gʻoyatda qimmatli tashabbus va gʻoyalarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari maʼnaviy tarbiyada ijtimoiy-gumanitar fanlar, jumladan, oʻzbek tili va adabiyotining oʻrnini taʼkidlagan holda, aynan oʻzbek tili va adabiyoti orqali yoshlar ongiga milliy gʻoya, milliy mafkura, milliy oʻzlik singdirilishiga alohida urgʻu berdi. Ushbu muhim vazifalarni bajaradigan oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirish zarurligi, milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilariga 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanishini maʼlum qildi. Bu esa strategik jihatdan mamlakatimiz miqyosida juda katta ijobiy oʻzgarishlar yuz berishiga asos boʻladi.
Chunonchi, muayyan fan boʻyicha milliy sertifikatga ega boʻlish uchun belgilangan sinovlardan oʻtish talab qilinadi. Tabiiyki, bu puxta tayyorgarlikni taqozo etadi. Har bir oʻqituvchi milliy sertifikatga ega boʻlsa, oylik maoshiga qoʻshimcha 50 foiz mablagʻ qoʻshilishini bilar ekan, oʻzi istagan holda tinimsiz izlanishga tushadi. Oʻqituvchining bilim doirasi kengayishi, oʻz ustida koʻproq ishlashga intilishi esa taʼlim sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Qolaversa, aksariyat yoshlarning fikricha, ingliz tili oʻqituvchisi boʻlish obroʻli (chunki til sertifikatiga ega oʻqituvchilarning oyligiga 50 foiz ustama bor) va ularda shu yoʻnalishdagi OTMlarda oʻqish istagi baland. Bu qarordan soʻng esa yosh avlodda oʻzbek adabiyoti, oʻzbek tili (davlat tili) fanlaridan dars berishga ham qiziqish uygʻongani aniq.
Mamlakatimizning oʻziga xos tashrif qogʻozi
— Oʻzbek tilining rivoji, istiqboli, dunyo miqyosidagi targʻibotiga urgʻu berilib, oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi oʻtkazilishi, gʻolib va sovrindorlar pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlardagi oʻzbek filologiyasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangani maʼlum qilindi. Sizningcha, bu qanday samara beradi?
— Ishonch bilan aytish mumkinki, bu tashabbus ham ijobiy rezonans va natijaga ega boʻladi.
Birinchidan, oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi oʻtkazilishi haqida dunyo boʻylab xabar tarqalar ekan, jahon xalqlarining Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqiga, uning tili, oʻzbek adabiyoti, madaniyati, tarixiga qiziqishi ortadi. Oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi mamlakatimizning oʻziga xos tashrif qogʻozi, milliy imijlaridan biri boʻlib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, bu olimpiada butun jahonda yoshlar orasida oʻzbek tilini oʻrganishga ragʻbat uygʻotadi. Maʼlumki, xorijiy mamlakatlarning fuqarolari Oʻzbekiston OTMlariga faqat toʻlov-shartnoma asosida qabul qilinadi va bu valyutada kattagina miqdorni tashkil etadi. Abituriyentning oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi gʻolibi yo sovrindori boʻlib, oʻzbek filologiyasi yoʻnalishiga davlat granti asosida qabul qilinishi unga moddiy va maʼnaviy ragʻbat keltiradi. Oʻzbekiston muhitida taʼlim-tarbiya olar ekan, u oʻzbek tili bilan oʻz taqdirini bogʻlashi barobarida boshqalarni ham oʻzbek tilini chuqur oʻrganishga, olimpiadada gʻolib boʻlib, nufuzli OTMlarda grant asosida oʻqishga targʻib qilishi mumkin.
Uchinchidan, xorijiy OTM talabasi yoki oʻz kasbiga ega kishi oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasida gʻolib boʻlgan taqdirda kattagina pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Tabiiyki (tajriba koʻrsatishicha), u bu mablagʻlarni yurtimizning tarixiy obidalarini ziyorat qilishga sarflaydi va Oʻzbekistonni ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyoga tanishtirishni boshlaydi. Bu yurtimizga sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.
Toʻrtinchidan, yana shuni aytish kerakki, oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi oʻtkazish asnosida oʻzbekistonlik olimlar, oʻzbek tili oʻqituvchilarining xorijiy mamlakatlardagi hamkorlari bilan muloqoti kengayib boradi. Zero, aynan ular dunyo boʻyicha oʻzbek tilini oʻrganayotganlar bilan doimiy aloqada boʻlib turishiga toʻgʻri keladi. Bu oʻz-oʻzidan xalq diplomatiyasining ham rivojlanishiga turtki beradi.
“Oʻzbek adabiyoti” alohida fan sifatida oʻqitilsa...
— Boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralari koʻrilishi, bu borada alohida mexanizmlar joriy qilinishi va boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari 2-3 karra koʻpaytirilishi ham maʼlum qilindi. Bu nafaqat yigʻilish ishtirokchilari, balki barcha oʻzbekistonliklarni toʻlqinlantirib yubordi. Shunday emasmi?
— Gapingiz toʻgʻri, lekin bu fikrlarning samarasi tez fursatda bilinmaydi, balki muayyan vaqt kerak boʻladi. Vaqt oʻtgach esa, bu tashabbus shubhasiz, oʻzining “portlash effektini” beradi.
Bugungi kunda yurtimiz umumtaʼlim maktablarida oʻzbek tilidan tashqari rus, qoraqalpoq, tojik, turkman, qozoq va qirgʻiz tillarida taʼlim olib borilmoqda. Oliy taʼlim tillari — oʻzbek, rus, ingliz, qozoq, qirgʻiz, tojik tillari. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, yaʼni dissertatsiya matnini yozish tillari — oʻzbek, rus, ingliz, qoraqalpoq tillari. Bu juda noyob fakt va holatdir, chunki dunyoning koʻplab mamlakatlarida taʼlim asosan davlat tilida olib boriladi. Bu, shubhasiz, Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik, doʻstlik, totuvlik va oʻzaro hurmatning yorqin namunasidir. Demak, bu borada boshqa tillarda taʼlim olgan yurtdoshlarimizning davlat tilini oʻrganishga qiziqishini oshirish, oʻzbek tilini yaxshi bilganlarni ragʻbatlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ona tili boshqa boʻlgan yurtdoshlarimiz ham oʻzbek tilini oʻrganish, bilish boʻyicha maxsus mexanizmlar mavjudligini bilsa, oʻzgarishlarni oʻzida his qilsa, davlat tilini qunt bilan oʻrganishga, oʻz hayotining barcha jabhalarida uni faol qoʻllashga intiladi.
Umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va professional taʼlim tizimida, shuningdek, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻzga tilli guruhlarda “Oʻzbek tili” fani oʻqitiladi. Har qanday tilni oʻrganishda amaliyot muhim. Shu maʼnoda, sinf va guruhlarda oʻzbek tilini talab darajasida oʻrgatish uchun soatlar hajmi kamlik qiladi. Zarur sharoit yaratmasdan turib esa, kerakli natijani talab qilish har holda maqsadga muvofiq emas edi. Prezidentimiz ayni masalaning yechimini uning mohiyatini chuqur oʻrganib, izchil tahlil qilgan holda toʻgʻri koʻrsatib berdi. Zero, sifatli taʼlim kun kelib, sifatli natija berishi shubhasiz.
Oʻzga tilli guruhlarda taʼlim olgan oʻquvchilar yoki talabalar Pushkinu Tolstoyni yaxshi biladi, ammo Alisher Navoiy, Bobur, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Oybeklarning kimligini ham bilmaydiganlari bor. Demak, ular oʻzi yashayotgan buyuk tarixga ega mamlakatning oʻtmishi, adabiyoti, madaniyatini yaxshi oʻrganmay voyaga yetadi. Hozir adabiy oʻqish boʻyicha darslar oʻzbek tili mashgʻulotlarining ichiga qoʻshib yuborilgan. Oʻzbek tili darslari negizida oʻzbek adabiyotiga doir maʼlumotlarni bolalar ongiga singdirishga vaqt yetmaydi. Yaʼni, adabiy oʻqish mashgʻulotlari oʻzbek tili grammatikasi soyasida olib borilgani uchun taʼlim boshqa tilda olib boriladigan maktab oʻquvchilarida oʻzbek xalqining tarixi, adabiyoti, dunyoqarashi, milliy ruhi, oʻzbeklarga xos insoniy fazilatlari haqida maʼlumotlar yetarli emas. Shuni inobatga olgan holda, adabiy oʻqish mashgʻulotlarini oʻzbek tili darslaridan ajratib, bir soat “Oʻzbek adabiyoti” fani uchun dars soati qoʻshilsa va u alohida fan sifatida oʻqitilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.
Mamlakatimizda ingliz tilli maktablar, OTMlar ham kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Ularda farzandlarimiz qatorida xorijiy hamkorlarimizning farzandlari ham tahsil olmoqda. Bu tabiiy, chunki Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari tobora kengaymoqda. Shunga koʻra, oʻlkamizga chet ellik tadbirkorlarning oilaviy koʻchib kelishi koʻp kuzatilmoqda. Ularning farzandlari albatta ingliz tilli maktablarda oʻqiydi, shuning uchun bu maktablar bizga juda zarur. Xoʻsh, ularga yuqorida sanab oʻtilgan bilimlar qaysi fan doirasida berilishi kerak? Albatta, oʻzbek tili fani doirasida. Farzandlarimiz ingliz tilini bilsin, ammo kim ekanini, oʻzligini ham unutmasin!
Xullas, biz – olimu ziyolilar davlatimiz rahbari nutqidan kelib chiqqan holda, yoshlarning maʼnaviy tarbiyasi, adolatli va xalqchil siyosatni hayotga tatbiq etish ishlarida masʼuliyatimiz oʻn karra oshganini his qilib, yangi gʻoyalar, tashabbuslar ishtiyoqi bilan yashamoqdamiz.
Raqamli dunyo — eng qulay dunyo
— Prezidentimiz shu yil 12-yanvar kuni imzolagan yuqoridagi muhim hujjatning ahamiyati haqida fikrlaringiz qanday?
— Darhaqiqat, oxirgi yillarda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini, obroʻsini oshirish, qoʻllanish doirasini kengaytirish, xalqaro maqomini yuksaltirish borasida bir-birini toʻldiruvchi, mantiqiy davom ettiruvchi muhim tarixiy, siyosiy, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar qabul qilindi. Siz tilga olgan qaror ham shak-shubhasiz, Vatanimiz, millatimiz taqdirida tutgan oʻrniga koʻra oʻsha hujjatlar kabi ahamiyatlidir.
Qarorda belgilangan eng katta va muhim vazifa — xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻrgatishni nazarda tutuvchi “Oʻzbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasini yaratish. Darhaqiqat, bunday platforma bilan dunyoning istalgan nuqtasidan turib oʻzbek xalqining tili, adabiyoti, tarixi, madaniyatini oʻrganish imkoniyati yaratiladi. Uzluksiz ishlab turar ekan, unda bir nechta texnik imnoniyatlar — platformada taʼlim oluvchilarga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-oʻqituvchilari hamda Fanlar akademiyasining Tarix instituti, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimlari tomonidan masofaviy (onlayn) dars berish, taʼlim oluvchilar uchun platforma orqali masofaviy imtihon topshirish imkoniyatlari yaratiladi.
Qarorda platformaning Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyoti, shuningdek, madaniy meros boʻyicha elektron, bosma kitob va adabiyotlar, oʻzbek kino sanʼatining shakllanish tarixi va rivojlanish jarayonlari haqida materiallar hamda atoqli kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan eng sara filmlar (ingliz va rus tillaridagi subtitrlari bilan), milliy musiqa va raqs sanʼatini namoyish qiluvchi audio va video darsliklar bilan boyitib borilishi koʻrsatilgan.
Shuningdek, xorijiy davlatlar fuqarolari uchun Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va sanʼati, oʻzbek tili va adabiyotiga oid oʻquv qoʻllanma va darsliklar, adabiyotlarning elektron shakli ishlab chiqilib, platformaga joylashtirilishi belgilangan. Bu qulayliklar oʻzbek tilini oʻrganishni xohlovchilar sonini oshirishi shubhasiz, zero raqamli dunyo — eng qulay dunyo ekani allaqachon isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylangan.
Bundan tashqari, qarorda yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va maʼnaviy merosini oʻrganishga qiziqish yuqori boʻlgan xorijiy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Oʻzbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda, birinchi navbatda AQSH, Rossiya, Qozogʻiston, Fransiya, Turkiya, Misr, Koreya, Hindiston va Xitoyning manfaatdor vazirlik va idoralari bilan kelishgan holda, ushbu davlatlardagi taʼlim va ilmiy tashkilotlarda markazlar va kafedralar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrishi belgilangan.
Mazkur bandlarda koʻrsatilgan vazifalarning bajarilishi dunyo boʻyicha oʻzbek tili targʻibotini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu vazifalarni ijro qilish uchun bizda yetarlicha asos, kuch-resurslar mavjud. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida dunyoning 170 dan ortiq universitetlari va ilmiy, madaniy muassasalari bilan shartnoma asosida yaqindan hamkorlik oʻrnatilgan. Yetti yillik faoliyatimiz davomida 300 dan ortiq xorijlik professor universitetdagi darslarga jalb etildi, 843 nafar xorijlik talaba tahsil oldi.
Oʻz navbatida, universitetning 200 dan ortiq talabasi akademik almashuv doirasida xorijning nufuzli taʼlim muassasalarida boʻlib qaytdi, 300 dan ortiq professor-oʻqituvchilarimiz xorijda malaka oshirgan. Universitet tashabbusi va bevosita ishtirokida Xitoy, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda Oʻzbek tili va madaniyati markazlari hamda oʻzbek tili kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xorijliklarning oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqishini inobatga olib, 2022-yilda universitet huzurida chet elliklarga oʻzbek tili va madaniyatini oʻrgatuvchi “Oʻzbek maktabi” faoliyat boshladi. Ushbu markazda 300 dan ortiq xorijlik milliy tilimizni turli darajada oʻrgandi va hozir ham oʻrganib kelishmoqda. Ushbu markaz tomonidan “Oʻzbek tili xorijliklar uchun” A1, A2 daraja uchun darsliklar yaratilgan va bugungi kunda keyingi darajalar uchun moʻljallangan darsliklar ustida ishlanmoqda.
Yelkadosh boʻlishimiz zarur!
Ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, oʻzbek tilini davlat tili va xorijiy til sifatida oʻqitish, uni dunyo miqyosida targʻib qilish borasida Prezidentimizning 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishidagi nutqida va 2024-yil 12-yanvardagi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi hamda xalqaro maqomini oshirishga samarali xizmat qiladi.
Bu ezgu ishni bajarishda oʻzbekistonliklar birdam va yelkadosh boʻlishi zarur. Zero, oʻzbek tilini asrab-avaylash, rivojlantirishga har birimiz masʼulmiz. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Munojat Moʻminova suhbatlashdi.