Misr insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan biri boʻlib, bugungi kunda ulkan salohiyatga ega, islom olamida, arab mamlakatlari orasida va Afrika qitʼasida alohida mavqega ega davlatdir.
Misr arab davlatlari orasida birinchilardan boʻlib 1991-yil 26-dekabrda Oʻzbekiston davlat mustaqilligini tan olgan. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatlarimiz bir-birining manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilish tamoyillariga asoslangan samarali hamkorlikni izchil rivojlantiryapti.
Bunga ikki mamlakat xalqlarining tarixiy va maʼnaviy yaqinligi hamda oʻzaro munosabatlarning 60 ga yaqin hujjatdan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazasi asos boʻladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining 2018-yil 4-5-sentyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralari tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, oʻzaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi.
Ikki davlat rahbarlari oʻrtasida samimiy va ishonchli siyosiy muloqot oʻrnatilgan va u turli shakldagi tadbirlar doirasida izchil qoʻllab-quvvatlab kelinyapti. Xususan, ular oʻtgan yil fevral oyida Pekin shahrida Qishki Olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida uchrashgan edilar.
Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz parlamentlari, vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Xususan, Oʻzbekiston va Misr parlamentlarida doʻstlik guruhlari faoliyat koʻrsatyapti, tashqi ishlar vazirliklararo muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi yaratilgan. Oʻzbekiston-Misr qoʻshma komissiyasi va Oʻzbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelyapti.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Misr BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali munosabatlar oʻrnatgan boʻlib, bir-birining tashabbuslarini oʻzaro qoʻllab-quvvatlayapti. Koʻpgina xalqaro masalalar boʻyicha mamlakatlarning pozitsiyalari va yondoshuvlari oʻxshash yoki yaqindir.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda boʻlgani kabi Misrda ham keng koʻlamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani va mazkur jarayonlar barqaror va tinch taraqqiyotga, oʻz xalqlarining farovonligini yuksaltirishga intilayotgan mamlakatlarni birlashtiruvchi omil boʻlayotganini taʼkidlash lozim.
Shu nuqtayi nazardan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Misr munosabatlarini rivojlantirishda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Ikki davlat ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun salmoqli salohiyatga ega hamda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishdan manfaatdordir. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Misr ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida muntazam oʻtkazib kelinayotgan biznes-forumlar, tadbirkorlar delegatsiyalarining ikki tomonlama tashriflari yakunlari hamda oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari ham bundan dalolat beradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Misr kapitali ishtirokidagi 12 ta korxona tashkil etilgan. Ular qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelyapti.
Oʻzbekistonda yaratilgan qulay muhit sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Xususan, Misrning “Solyphar” kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi “Boʻstonlik-farm” erkin iqtisodiy zonasida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod qurish loyihasi amalga oshirilyapti. Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida “One World Pharma” va “Kapo Agri” kompaniyalari bilan hamkorlikda “C” gepatitiga qarshi va baliqchilik sohasi uchun dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish ishlari olib borilyapti. Misrning “Orascom Telecommunications and Construction”, “Al Madani Construction”, “One World”, “Toshiba-Al-Arabi”, “Al Suwaidi Electrics” va boshqa yirik kompaniyalari Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini bildiryapti.
Savdo sohasidagi imkoniyatlar doirasi ham juda keng. Oʻzbekiston Misr bozorida talab yuqori boʻlgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa tovarlarni eksport qilishi mumkin. Oʻz navbatida, Misr mamlakatimizga dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar, mebel, marmar, neft-kimyo va charm-plastmassa mahsulotlari, turli xizmatlar yetkazib berish imkoniyatiga ega.
Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega davlat. Oʻzbekiston esa oʻzining qadimiy shaharlari va islom qadamjolari bilan dunyoga mashhur. 2018-yil sentyabr oyida imzolangan turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim ushbu yoʻnalishdagi munosabatlarni izchil rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlashda ishonchli asos boʻldi. Ayni paytda Misr bunday munosabatlarni faollashtirishdan manfaatdor.
Misrlik turoperatorlar Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro sayyohlik yarmarkalarining anʼanaviy ishtirokchilari hisoblanadi. Xususan, 2019-yil fevral oyida Buxoroda boʻlib oʻtgan Ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forum, shuningdek, 2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan Ziyorat turizmi haftaligida Misr yuqori darajadagi vakillarining ishtirokini alohida taʼkidlash joiz.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikda diniy-maʼrifiy rishtalar alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston va Misr bagʻrikenglik tamoyillarini, muqaddas islom dinining maʼrifiy qadriyatlarini targʻib qilish, uning insonparvarlik mohiyatini avaylab-asrab, diniy-maʼnaviy merosni tadqiq etish, turli tahdid va xavflarga qarshi kurashish tarafdoridir. Bu borada ikki davlatda ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Misr islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariyning bebaho ilmiy merosini birgalikda oʻrganish muhimligini eʼtirof etadi.
Oʻrta asrlarda Nil daryosidagi suv hajmi va tezligini oʻlchaydigan “Miqyosi Nil” qurilmasini ixtiro qilgan buyuk olim, mutafakkir Ahmad Fargʻoniy Misrda alohida eʼzozlanadi. Eʼtiborli jihati, ushbu inshootdan bugungi kunda ham foydalanib kelinyapti. Buyuk bobomiz oʻz kashfiyoti bilan nafaqat jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, balki Oʻzbekiston va Misr xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik munosabatlari mustahkamlanishiga xizmat qilgan. Bugun esa Qohira markazida ana shu doʻstlik va misrliklarning minnatdorligi timsoliga aylangan Ahmad Fargʻoniyning muhtasham haykali qad rostlab turibdi.
Misr Oʻzbekistonda Xalqaro islom akademiyasi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini olqishladi. Tarkibida islomshunoslik akademiyasi, universitet, institutlar, jome masjidi va ilmiy markazlar jamlagan, dunyodagi eng nufuzli diniy markazlardan biri boʻlgan Al-Azhar majmuasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari din arboblari, olimlar, tajribali oʻqituvchilar va iqtidorli talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik”, “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” va boshqa maxsus rezolyutsiyalarga Misr hammualliflik qilgan, ularni qoʻllab-quvvatlagan.
Madaniyat, fan, taʼlim va sanʼat sohalarida faol almashinuv amalga oshirilyapti. Ikki mamlakatning ijodiy jamoalari, sportchilari, mutaxassislari Oʻzbekiston va Misrda oʻtkazilayotgan turli yirik xalqaro tadbirlar – festivallar, yarmarkalar, taqdimotlar, koʻrik-tanlov va anjumanlarning anʼanaviy ishtirokchisi hisoblanadi.
Hamkorlik yillarida Oʻzbekistondan 1 ming 200 dan ortiq mutaxassis Misr taraqqiyot agentligi tomonidan tashkil etilgan diplomatiya, xavfsizlik, biznes, bank ishi, transport, tibbiyot, arab tili kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha malaka oshirdi.
Oʻzbekiston va Misr xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni rivojlantirish va mustahkamlashga 1997-yilda “Oʻzbekiston-Misr” va 2000-yilda “Misr-Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyatlarining tashkil etilgani munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Davlatimiz rahbarining Misrga boʻlajak tashrifi ikki davlatni yanada yaqinlashtirish, oʻzaro manfaatli istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochish, Oʻzbekiston va Misr xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.