Taʼkidlash joizki, asrlar mobaynida tinch, oʻzaro kelishib, bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashab kelayotgan ikki qardosh xalq oʻrtasidagi munosabat keyingi yillarda yanada mustahkamlandi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, davlatlarimiz oʻrtasidagi keng qirrali sheriklik teran, koʻp asrlik qalin doʻstlik, oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnilik tamoyili asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Xususan, bugungi kunda izchil, oʻzaro manfaatli xususiyat kasb etgan, yuqori oʻsish surʼatini olgan ikki qardosh mamlakat munosabatining joriy holatiga Oʻzbekiston Prezidentining Turkmanistonga 2017-yil mart oyiida amalga oshirgan ilk xorijiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarning yangi ijobiy dinamikasiga mustahkam asos yaratdi.
Ayni paytda yurtimizda faoliyati Respublika turkman madaniy markazi tomonidan muvofiqlashtiriladigan 6 ta turkman madaniy markazi mavjud.
Mamlakatlarimiz munosabatida savdo-iqtisodiy hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining oqilona siyosati, saʼy-harakatlari tufayli savdo hajmini oshirib borish boʻyicha belgilangan aniq vazifalar ijrosi oʻz samarasini bermoqda. Xususan, 2016-yil oʻzaro savdo-sotiq koʻrsatkichi 200 million dollardan sal ziyodroqni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yil yakunida esa bu raqam 902 million dollarni tashkil etdi.
Yana bir eʼtiborli jihat. Oʻzbek va turkmanlar mislsiz boy madaniy va ilmiy merosni, anʼanalarni asrab-avaylab kelayotgan xalq. Buyuk adib va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Mahtumquli ijodi xalqlarimizning umumiy qadriyatidir. Ikki xalqning mustahkam doʻstligi, hamjihatligi va madaniy yaqinligi ramzi sifatida Toshkent shahrida betakror turkman shoiri, faylasufi va mumtoz adabiyot namoyandasi Mahtumquli nomidagi farovon koʻcha boshida uning timsoli tushirilgan barelyef qad koʻtardi, “Ashxobod” bogʻi ochildi, Oʻzbek–Turkman doʻstlik uyi muassasasi va Xorazm viloyatida “Ulli hovli” majmuasi ishga tushirildi. Oʻz navbatida Turkmaniston poytaxtida Mahtumquli koʻchasi bilan kesishadigan Alisher Navoiy koʻchasi ochildi, Ashxobod shahrida “Toshkent” bogʻi barpo etilyapti.
Oʻzbekistonda yashayotgan turkmanlar oʻz milliy madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu jarayonda ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga beqiyos hissa qoʻshadigan xalq diplomatiyasiga muhim oʻrin ajratilgan.
Respublikamiz hududlarida turkman xalqining madaniyati va anʼanalarini asrab-avaylash, targʻib etish maqsadida turkman millatiga mansub aholi zich yashaydigan moʻjaz hududlarda sherik tashkilotlar bilan birgalikda madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Jumladan, turkman yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston va Turkmaniston munosabatlarida BMT shaʼfeligida xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan keng koʻlamli va uzoq muddatli strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlarni amalga oshirishda yondashuvlarining yaqinligi muhim ahamiyatga ega. Tomonlarning qoʻshni Afgʻonistonda tez orada fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishish uchun har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonda tomonlar mazkur mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika aloqalarini saqlab qolish, infratizim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Afgʻoniston xalqiga BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli doirasida har tomonlama xalqaro gumanitar koʻmak berish zarurligi borasida umumiy tushunchaga ega.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston — Turkmaniston munosabati xususiyatlari mintaqaviy savdoni rivojlantirish, tranzit-transport va energetika sohasidagi salohiyatni yuzaga chiqarish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash kabi yoʻnalishlarda manfaatlar yaqinlashuvi oʻsib borishida namoyon boʻlmoqda.
Qunduz ROZIMOVA,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)