"O'zaro hamkorlikni rivojlantirishning bugungi darajasiga mamlakatlarimiz rahbarlari o'rtasida yo'lga qo'yilgan yaqin va ishonchli muloqot samarasida erishildi. O'zbekiston Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning O'zbekiston — Turkmaniston munosabatlari eng yuqori darajasiga erishishga hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlashga qo'shgan katta hissasini yuksak qadrlaydi va e'tirof etadi", deyilgan "Dunyo" AAning "Yangi O'zbekiston" gazetasiga bergan maqolasida.
Joriy yil mart oyida oliy davlat lavozimiga saylangan Turkmanistonning amaldagi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O'zbekiston bilan keng ko'lamli hamkorlikni rivojlantirish va ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish yo'lini davom ettirdi.
Ta'kidlash joizki, so'nggi uch oy davomida ikki davlat rahbarlarining to'rt marta uchrashgani O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi alohida munosabatlarning yaqqol ifodasi bo'lib, bu butun mintaqa uchun namunadir.
Joriy yilning 14-15-iyul kunlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O'zbekistonga davlat tashrifi bo'lib o'tdi va bu o'zaro munosabatlar tarixida yangi sahifani ochdi.
“Shuni qayd etmoqchimanki, biz uchun Turkmaniston — mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng ko'lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qat'iy, eng yaqin qo'shnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko'ksaroyda Turkmaniston rahbarini qabul qilar ekan.
Ikki davlat rahbarlari 21-iyul kuni Cho'lponotada (Qirg'iziston) bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda bo'lib o'tgan sammiti (15–16-sentyabr), shuningdek, 13–14-oktyabr kunlari Ostona (Qozog'iston) shahrida bo'lib o'tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisi va “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammiti doirasida ham uchrashdilar.
Bo'lib o'tgan uchrashuvlarda O'zbekiston va Turkmaniston etakchilari so'nggi yillarda birgalikdagi sa'y-harakatlar natijasida erishilgan ikki tomonlama hamkorlikning barcha jabhalari bo'yicha ijobiy dinamikani mamnuniyat bilan qayd etish barobarida, o'zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarga, jumladan, Markaziy Osiyoda shakllangan o'zaro ishonch, yaxshi qo'shnichilik va sheriklik muhitini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqda. BMT institutlari, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida faol aloqalarni davom ettirishga katta ahamiyat berilyapti.
O'zbekiston Prezidenti 8-sentyabr kuni Toshkent shahrida o'tkazilgan jahon mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi Raisi Gulshat Mammedovani qabul qildi. Ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish, qo'shma kooperatsiya loyihalarini va madaniy-gumanitar almashuv dasturini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o'rin tutishi alohida ta'kidlandi. Parlamentlararo ittifoq, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi samarali muloqot maydonchalari doirasidagi sermahsul hamkorlikka yuqori baho berildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport va tranzit imkoniyatlaridan foydalanish ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlaridandir.
— Mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega muayyan tarmoqlar orasida biz agrosanoat majmui, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, to'qimachilik va farmatsevtikani qayd etmoqchimiz, — dedi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yil 14-iyul kuni Toshkentda o'tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar chog'ida. — Biznes doiralari o'rtasidagi sheriklikni kengaytirish uchun jiddiy imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda chegaradosh hududlar o'rtasidagi aloqalar faollashdi. O'zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish niyatidamiz.
Bu boradagi hamkorlikning hozirgi darajasi ijobiy dinamika bilan tavsiflanadi: avtomobilsozlik, elektrotexnika, to'qimachilik va farmatsevtika sanoati, oziqovqat sanoati va qishloq xo'jaligida o'zaro hamkorlik kengaymoqda, kimyo sanoatidagi sheriklik strategik darajaga ko'tarildi. Joriy yil boshidan buyon o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 570 million dollardan oshdi. YAqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini ikki barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
O'zbekiston — Turkmaniston chegara savdo zonasi tashkil etilmoqda, mamlakatlarimiz poytaxtlarida Savdo uylarini ochish to'g'risida tegishli qaror qabul qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning o'rta muddatli dasturi ishlab chiqildi, shuningdek, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish maqsadida Qo'shma loyiha ofisini tashkil etish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo'nalishi transport sohasidagi aloqalar hisoblanadi. O'tgan yili yuk tashish 17 foizga oshgan bo'lsa, bu yil ham bu tamoyil davom etmoqda. Tomonlar mintaqa davlatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan, jumladan, yuklarni tashishda o'zaro imtiyoz va preferentsiyalar berishdan manfaatdordir.
Hududlararo tizimli muloqotni rivojlantirish O'zbekiston — Turkmaniston hamkorligiga yangi sur'at bag'ishlamoqda. Turkmaniston Prezidentining O'zbekistonga davlat tashrifi doirasida Buxoroda o'tkazilgan birinchi Hududlararo forumining muvaffaqiyatli yakunlari foydalanilmayotgan ulkan salohiyatni yaqqol namoyon etdi. Forum doirasida umumiy qiymati 450 million dollardan ortiq bo'lgan mustahkam shartnoma va bitimlar to'plami imzolandi.
Ikki davlat o'rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda turkman kapitali ishtirokidagi 173 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda, shundan 69 tasi qo'shma va 104 tasi 100 foiz xorij sarmoyasi ishtirokidagi korxonalardir. Tomonlar ikki mamlakatda tayyor to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish niyatida. Bundan tashqari, Turkmanistonda avtomobil va qishloq xo'jaligi, maishiy texnika jixozlarini ishlab chiqarish qo'shma loyihalarini yo'lga qo'yishdan ham tomonlar manfaatdor.
Qardosh o'zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati bir, tili va urf-odatlari mushtarak. Buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Mahtumquli Firog'iy ijodi o'zbek hamda turkman xalqlarining umumiy merosi hisoblanadi. Toshkent shahrida atoqli turkman shoiri, faylasuf va mumtoz shoir Mahtumquli Firog'iy nomidagi ko'cha va uning barelefining ochilishi, “Ashxobod” bog'ining ishga tushirilishi xalqlarimizning mustahkam do'stligi, birligi va madaniy yaqinligining yorqin ramzidir. Xorazm viloyatida “O'zbek — Turkman do'stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi direktsiyasi tashkil etildi. O'z navbatida, Turkmaniston poytaxtida Alisher Navoiy nomidagi ko'cha ochildi, Ashxobod shahrida “Toshkent” bog'i barpo etildi.
Ilmiy va akademik almashuvlar, innovatsiyalar sohasidagi dasturlar ham faol rivojlanyapti. O'zbekiston va Turkmaniston madaniyati va kinosi kunlari muntazamlik kasb etib, turizm sohasida qo'shma loyihalar ilgari surilmoqda.
O'zbekistondagi turkman diasporasi 200 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Mamlakatimizda ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini avaylab asrash, rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, turkman tilida ta'lim beradigan 44 maktab, Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi bo'yicha mutaxassislar, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tili o'qituvchilari tayyorlanmoqda.
O'zbekiston televideniesining “Yoshlar” kanali va Qoraqalpog'istondagi “Diyar” radiokanalida turkman tilida ko'rsatuv hamda eshittirishlar efirga uzatilmoqda. Qoraqalpog'istondagi Turkman madaniyat markazi muassisligida turkman tilidagi “Mekan” gazetasi chop etilyapti.
O'zaro madaniy almashuvlar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash va o'zaro anglashuvni oshirishga xizmat qilayotir. Shu bois, mamlakatlarimiz o'z ona tili, madaniyati, an'ana va urfodatlarini rivojlantirish uchun qulay shartsharoitlar yaratishda davom etadi, ikki mamlakat adabiyotining mumtoz va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qo'llab-quvvatlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, ikki mamlakat o'rtasida strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, energetika, transport va qishloq xo'jaligi jabhalarida aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar almashuvlar dasturi ko'lamlarini kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud.
O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining bo'lajak uchrashuvi qardosh mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta sur'at bag'ishlaydi, ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Erishilgan kelishuvlar, o'z navbatida, ikki davlat xalqlari farovonligi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash yo'lidagi salohiyatni ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi.