Tashrifning dastlabki kunida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Otava nashriyot uyi xalqaro savdo bo'limi rahbari Mari Kiykinen bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida Mari Kiykinen xonim nashriyot tarixi, faoliyat yo'nalishlari hamda kitoblar, xususan, darsliklarni chop etishda e'tibor qaratiladigan jihatlar haqida ma'lumot berdi.
Ta'kidlanishicha, Otava nashriyotiga 1890 yilda asos solingan bo'lib, bugungi kunda badiiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, o'smirlar va bolalar uchun kitoblar hamda darsliklar, multimediaviy va o'quv materiallarini chop etish bilan shug'ullanadi. Bugungi kunda nashriyot tomonidan chop etiladigan kitoblar 600 nomdan oshgan.
— Darsliklarni yaratishda o'rtacha 600 nafarga yaqin mutaxassis ishtirok etadi. Ushbu tarkibning asosiy qismini o'qituvchilar hamda universitetlar va boshqa ta'lim muassasalari vakillari tashkil etadi. Chet tillarini o'qitishga mo'ljallangan o'quv materiallarini yaratish uchun esa ushbu tilda ona tili sifatida gaplashuvchi millat vakillari ham ishtirok etadi, – dedi Otava nashriyoti vakili.
Uning qo'shimcha qilishicha, darsliklarni tayyorlashda imkon qadar kengroq yo'nalishdagi mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish juda muhim. Bundan tashqari, o'quv dasturlari muayyan ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mavzulardan iborat bo'ladi. Har bir fan uchun umumiy bo'lgan yana bir jihat, ularning barchasi o'quvchilarda XXI asr uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni ham shakllantirishi zarur. Nashriyot materiallari orqali o'qituvchi oldiga ham aniq maqsad qo'yiladi. Bunda o'qituvchiga ham dars jarayonlarini rejalashtirishda ko'mak beriladi.
Shu bilan birga, Finlyandiyada o'quv jarayonlari vaqtida o'quvchilar vazifalarni darsliklarda ko'rsatilgan yo'riqnomalar asosida emas, balki o'zlari uchun qulay bo'lgan usul yordamida bajarishlari mumkin. Bunda eng muhimi, o'quvchining qoidalarga bo'ysunishi emas, ma'lum vazifani bajarishda o'zining mustaqil fikriga ega bo'lishidir.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Ta'lim inspektsiyasi tomonidan o'quv dasturlarini takomillashtirish bo'yicha Finlyandiya tajribasini o'rganish ishlari bir yil ilgari boshlagan edi. O'tgan davr mobaynida Finlyandiyada amalda bo'lgan umumiy o'rta (tayanch) ma'lumot olish uchun davlat majburiy ta'lim dasturi o'zbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan o'rganildi, mavzu yuzasidan fin ekspertlari ishtirokida seminarlar tashkil qilindi. Natijada 22 ta fan bo'yicha uzluksiz ta'lim tizimi uchun milliy o'quv dasturlari ishlab chiqishda ushbu mamlakat tajribasidan ham foydalanildi, deya xabar beradi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.