Tarixda shunday shaxslar boʻladiki, ularning nomi yillar, asrlar oʻtsa-da, unutilmaydi. Gap shu haqda ketganida tinchlik, ozodlik, yurt ravnaqi, avlodlar baxtli hayoti yoʻlida zahmat chekkan insonlarni xotirlaymiz. Ularning bemisl jasoratidan faxrlanamiz, kuch olamiz. Tinchlik va osoyishtalikning qadrini anglab yetamiz. Ikkinchi jahon urushida qurbon boʻlgan insonlar xotirasini abadiylashtirish, faxriylarimizni ardoqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz zamirida shunday buyuk hayotiy hikmat mujassam.

9-may – Xotira va qadrlash kuni poytaxtimizdagi Gʻalaba bogʻida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oradan qancha yillar, asrlar oʻtmasin, ota-bobolarimizning fashizmga qarshi kurashda koʻrsatgan matonatini xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi boʻlib qoladi.

Shu bois, bugungi kunda tariximizning ushbu shonli sahifalarini asl holicha oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jang maydonlaridan eson-omon qaytib kelgan va front ortida fidokorona mehnat qilib, oramizda sogʻ-salomat yurgan nuroniylarimizga yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatilmoqda. Ularni tibbiy-ijtimoiy himoyalash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.

Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni urush faxriylariga koʻrsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin namunasidir. Farmonga muvofiq, barcha shaharu qishloqlarda, mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga davlatimiz rahbari nomidan 12 million soʻm pul mukofoti, esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

Tarixiy haqiqatni, bobolar jasoratini tiklash yoʻlida

Shu vaqtgacha Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekiston xalqi koʻrsatgan bemisl jasorat, qahramonliklar haqida shunchaki raqamlar va baʼzi arxiv maʼlumotlari orqali tanish boʻlib edik. Urushning achchiq haqiqatlari aslida qanday boʻlgani bilan koʻp ham qiziqmadik. Nihoyat, oradan 76 yil oʻtib Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻsha suronli yillar tarixini jiddiy oʻrganishga kirishdik, yangi tadqiqotlar boshlandi.

Pirovardida ilgari bizga nomaʼlum boʻlgan fakt va raqamlar kelib chiqdi, oʻsha davrda xalqimiz boshidan oʻtkazgan achchiq, mudhish kunlar manzarasi koʻz oldimizda jonli aks eta boshladi.

Ularning ayrimlarini eslaylik. Shu paytgacha urush yillarida besh azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan Zulfiya aya, Prezidentimizning kechagi nutqida ehtirom bilan tilga olingan, boshiga katta fojea tushgan boʻlishiga qaramay, ikki farzandini qonli janggohga kuzatgan Maʼsuma aya haqida bilarmidik!? Afsuski, yoʻq. Yoki bu dahshatli urushda 2 millionga yaqin yurtdoshimiz ishtirok etgani ham keyingi tadqiqotlar jarayonida maʼlum boʻldi. 1941-yilda mamlakatimiz aholisi soni 6 million 800 mingdan ziyodni tashkil etganini hisobga olsak, demak har 3 nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib fashizmga qarshi jang qilgan. Afsuski, ularning 500 mingdan ziyodi jang maydonlarida halok boʻlgan. Bu raqamlar ortida farzandidan judo boʻlgan ota-onalar, turmush oʻrtogʻidan bevaqt ayrilib, yosh umri xazon boʻlgan ayollar, yetim qolgan bolalarning ayanchli taqdiri esa urushning ogʻir oqibatlari yana-da oydinlashtiradi. Bu fojeali manzara har birimizni ogoh va hushyor boʻlishga, tinchlikning qadriga yetishga undaydi.

Yana bir misol. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan yurtdoshlarimiz soniga oydinlik kiritildi. Maʼlumotlarga koʻra, 200 mingdan ziyod askar va ofitserimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortigʻi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlgan.

Insoniyat taqdiri va kelajagi hal boʻlayotgan oʻsha suronli yillarda Oʻzbekiston frontning mustahkam taʼminot bazasi boʻlib xizmat qildi. Yurtimiz urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi. Jumladan, koʻp millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, qisqa fursatda ishga tushrildi.

Oʻta ogʻir va mashaqqatli yillarda xalqimizning insonparvarlik va bagʻrikenglik fazilatlari yaqqol namoyon boʻldi. Bu borada ham yangi aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, urush boʻlayotgan hududlardan Oʻzbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 200 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz bu odamlarga boshpana berib, ota-onasidan judo boʻlgan yetim bolalar “Sen yetim emassan!” deb oʻz bagʻriga olgani insonparvarlikning chinakam namunasi boʻldi.

Shu taxlit xalqimiz tarixning ana shunday beshafqat va suronli sinovlaridan yorugʻ yuz bilan, har tomonlama munosib oʻtib, bugungi yorugʻ kunlarga yetib keldi. Endilikda bunday qora kunlar qayta takrorlanmasligi uchun tarixdan toʻgʻri xulosa chiqarish, yoshlarimizga oʻtmishimizni asl holicha oʻrgatish muhim vazifadir.

Gʻalaba bogʻi – shonli tarix, ajdodlar kuch-qudrati, xalqimiz matonatidan soʻzlovchi asar

Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda muhtasham “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi barpo etilishi bugungi kunda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning, qahramon ajdodlarimiz xotirasiga boʻlgan yuksak hurmat-ehtiromning yuksak namunasidir. Bugungi kunda bu dargoh poytaxtimizning eng gavjum, tabarruk ziyoratgoh maskanlaridan biriga aylanmoqda. Bu yerda turli uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Oʻtgan qisqa davrda Gʻalaba bogʻiga 350 mingga yaqin yurtdoshimiz va chet ellik mehmon tashrif buyurgan. Ularning orasida oʻquvchi va talaba-yoshlar, muhtaram nuroniylar, harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, yuqori martabali xorijiy delegatsiyalar aʼzolari borligi, ayniqsa, eʼtiborga sazovor.

Gʻalaba bogʻining Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratilgan asar, deya eʼtirof etilayotgani ham bejiz emas. Zero, bu maskan ota-bobolarimiz jasoratini ulugʻlaydigan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan tabarruk ziyoratgohga aylanib bormoqda. Bugungi kunda majmua tarkibida faoliyat koʻrsatayotgan “Shon-sharaf” davlat muzeyida 12,5 mingdan ziyod eksponat toʻplangan boʻlib, ularning soni tobora ortib bormoqda. Ushbu muzeydagi yangi ekspozitsiyalar bilan tanishuv chogʻida Prezidentimiz Qurolli Kuchlar, huquq-tartibot tizimidagi vazirlik va idoralar rahbarlariga yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

Qahramon ajdodlarimiz xotirasi oldida farzandlik burchimiz

Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlangan nutqda ilgari surilgan yana bir tashabbusni alohida qayd etish joiz. Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushi toʻgʻrisidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerakligini aytdi. Har bir qishloq, mahalla, taʼlim muassasasi, davlat va nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchilikni urush ishtirokchilariga doir materiallarni toʻplash hamda targʻib etishda yana-da faol boʻlishga daʼvat etdi.

Albatta, bu bugungi tinch, erkin va yorugʻ kunlarimiz uchun jon fido etgan qahramon ajdodlarimizning oʻchmas xotirasi oldidagi qarzimiz va farzandlik burchimizdir. Soʻnggi yillarda Oliy Majlis Senati tomonidan ham bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda. Ana shunday izlanishlarimizga misol sifatida 2020-yilda buxorolik mehnat fronti qatnashchisi Solih Abdushukurovning hujjatlari tiklab berilganini aytib oʻtmoqchiman.

Solih Abdushukurov urush davrida Buxoro shahridagi poyabzal fabrikasida mehnat qilgan. Ammo hujjatida fabrikada ishlagani toʻgʻrisidagi yozuv oʻchib ketgan. Halol mehnati bilan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaga, qolaversa, yurt ravnaqiga hissa qoʻshgan otaxon oʻzining 1941-1945-yillarda front ortida, mamlakat ichkarisida mehnat qilgan fuqarolarning tarixiy roʻyxatiga kiritilishini orzu qilgan.

Otaxonning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va undagi yozuvlarni tiklab berish toʻgʻrisidagi arizasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganilib, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining xulosasi olindi. Haqiqatan ham S.Abdushukurov 1932-yil 22-sentyabrda Buxoro shahrida tugʻilgani, shuningdek, poyabzal fabrikasida mehnat qilgani tasdiqlandi.

Vaqt oʻtadi, zamonlar oʻtadi, lekin uzoqni koʻzlab, hayotning oʻzi oʻrtaga qoʻyayotgan talablarni inobatga olib, odamiylik, insonparvarlik fazilatlarini ulugʻlash, umuman, Vatan uchun, elu yurt uchun xizmat qilgan insonlarning nomlarini saqlash, inson xotirasini qadrlash yoʻlida qilingan bunday savobli ishlar hech qachon unutilmaydi.

Mamlakatimizdagi bu boradagi ishlarga dunyo hamjamiyatining ham havasi kelayotgani barchamizni quvontiradi. Masalan, yaqinda Rossiya Davlat dumasi Mudofaa masalalari qoʻmita raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Shamanov boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi va ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar bunga isbotdir.

Jumladan, V.Shamanov: “Keyingi yillarda Oʻzbekistondagi yaxshi oʻzgarishlar, tub islohotlarni kuzatib ham quvonaman, ham faxrlanaman. Shavkat Mirziyoyev mamlakat yoshlari taʼlim-tarbiyasiga, ilm-fan taraqqiyotiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans epkini boshlanganidan ham yaxshi xabardormiz. Sizlarga faqat olgʻa yurishni, zalvorli marralarni zabt etishni tilab qolaman”, degan edi.

Dunyo xalqlarining niyati bir – urush boʻlmasin. Oʻzbekiston oʻz Prezidenti boshchiligida dunyoga tinchlikparvar siyosat targʻibotchisi sifatida tanilgani esa koʻnglimizni xotirjam qiladi. Zero, bugungi kunda Oʻzbekiston tashqi siyosatida mintaqada va dunyoda oʻzaro doʻstlik, hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bebaho boyligimiz – tinchlik va barqarorlikni, millatlar, dinlararo ahillik, totuvlikni taʼminlash doimiy eʼtiborda. Bu ezgu ishlardan koʻzlangan asosiy maqsad tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrash, insoniyatni hamisha ezgulik va yuksalishga daʼvat etishdir.

Qutbiddin BURXONOV,

Oliy Majlis Senati Mudofaa va

xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi