Barchamiz uchun faxr, iftixor tuygʻusini ifodalovchi, dahshatli tarixda Oʻzbekistonning haqiqiy jasoratini yana bir bor namoyish etadigan mazkur film premyerasi tez kunda – 2025-yil 8-may sanasida “Rossiya Kultura” 18.15 da, shuningdek, 9-may kuni “Sevimli” telekanalida oʻzbek tilida soat 16.20 da tomosha qilish mumkin.
Film birdamlik, mehr-oqibat va millatlararo birodarlik mavzusini ochib bergan holda badiiy tushuncha va tarixiy aniqlik orqali oʻtmishni yodga olishga qaratilgan. Mazkur tarixiy hujjatli filmning asosiy sahnalarini suratga olish ishlari poytaxtimizdagi Xotira va qadrlash maydoni, shuningdek urush yillarida chinakam insonparvarlikni ulugʻlovchi oila sifatida katta jasorat koʻrsatib, turli millatga mansub boʻlgan 15 nafar bolalarni asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi xotirasiga qoʻyilgan yodgorlik majmuasi hamda Gʻalaba bogʻi hududida olib borildi.
Tarixning guvohlik berishicha, ushbu urush oʻz dahshatlari bilan yer yuzi aholisining 80 foizini qamrab olgan va bu koʻrsatkich ungacha boʻlgan barcha urushlar jamlanmasidan-da oshib tushishini koʻrsatadi. Unda oʻsha davrda mustaqil boʻlgan 73 davlatdan 1,7 milliard aholisi boʻlgan 61 ta davlat ishtirok etgan. Harbiy harakatlar 40 ta davlat, uch qitʼa va toʻrtta okean hududida olib borilgan.
Maʼlumki, 1941-yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom maʼnoda qahramon boʻlgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Biz bu raqamlarni har yili qayta-qayta eslaymiz. Bu shunchaki raqamlar emas. Ularning zamirida kamtarona onalarimiz, buvilarimiz, mard va jasur otalarimiz, bobo va bobolarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qaygʻu mujassam. Bu dard va iztirobni na son, na soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi”.
Ikkinchi Jahon urushi yillarida Oʻzbekiston aholisi taxminan 6.5 mln. kishini tashkil qilardi. Janglar kechayotgan hududlardan mamlakatimizga 1.5 million nafardan ortiq kishi koʻchirib kelingan va oʻzlari ham urushni boshidan kechirayotganlariga qaramay, Oʻzbekiston hududiga kelgan urush jabrdiydalarining hammasiga bagʻrikeng yurtdoshlarimiz bor mehrlarini berishgan.
Urush yillarida chinakam insonparvarlikni ulugʻlovchi oʻzbek oilasi sifatida katta jasorat koʻrsatib, turli millatga mansub boʻlgan 15 nafar bolalarni asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasini har qancha yodga olsak kam. Mana, 80-yildirki, Shoahmad Shomahmudovlar oilasi koʻrsatgan insonparvarlik nafaqat Oʻzbekiston xalqi uchun, balki janglar kechgan hududlardan mamlakatimizga koʻchirib kelib, mehr koʻrsatilgan 1.5 million nafardan ortiq kishining asl vatani boʻlgan dunyoning eng ilgʻor davlatlari tomonidan ham eʼtirof etib kelinmoqda.
Rossiyaning “Divi” kinokompaniyasi tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda tasvirga olingan va “Oʻzbekiston. Gʻalabaga yoʻl” xalqaro tarixiy-hujjatli, badiiy serial ham ana shu eʼtirofning bir namunasi deyish mumkin. Mazkur hujjatli film Oʻzbekistonning urush yillarida minglab evakuatsiya qilinganlar taqdiriga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan. Hujjatli filmda Rossiya, Yevropa va Oʻzbekistonning yetakchi aktyorlari, tarixchilar va ijodiy jamoalar ishtirok etmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rustam Sagdullayevni ham koʻrish mumkin. Hujjatli-badiiy serial har biri besh daqiqadan iborat 5 qismdan iborat boʻlib, Oʻzbekistonga evakuatsiya qilishning asosiy gumanitar va madaniy jihatlarini yoritadi.
Xususan:
- Ikkinchi jahon urushi yillarda evakuatsiya qilinganlarning Toshkentga kelishi;
- turli respublikalardan yetim bolalarni oʻz farzandidek qabul qilgan oʻzbek oilalari;
- Oʻzbek askarlari va frontchilarning jasorati;
- Ikkinchi jahon urushi yillaridagi oʻzaro yordam anʼanalarining davomi sifatida 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkent shahrini qayta qurishdagi hamjihatlik kabi jihatlar qamrab olingan.
Eng ogʻir damlarda Oʻzbekistonning bagʻrikengligini ifoda etadigan mazkur film har birimiz uchun qanday yurt farzandi ekanligimizni anglash va his qilish uchun yana bir imkoniyat.
Hamkorlik materiali